20:29 / 11.05.2023
604

Kremlga yaqin manbalar Prigojin va harbiylar «jangi» haqida: «Shunday davom etsa, kuch tuzilmalari bunga chek qo‘yishadi»

Foto: TASS

Kremldagilar Prigojinning «o‘taketgan ahmoq» bo‘lib chiqishi mumkin bo‘lgan «baxtiyor chol» haqidagi bayonotini qanday qabul qildi?

Putinning sobiq oshpazi va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin va Rossiya mudofaa vazirligi rahbariyati o‘rtasida yuzaga kelgan muammo Rossiya rahbariyatida jiddiy xavotir uyg‘otgan. Bu haqda «Meduza» mustaqil nashrining Kremlga yaqin ikki manbasi ma’lum qilgan.

Prigojin «Vagner» urushga qo‘shilganidan buyon mudofaa vazirligi manziliga keskin tanqidlar yog‘dirib keladi, may oyi boshida esa bu tanqidlar tahdidga va haqoratga aylandi. 5 may kuni Prigojin guruh Baxmutda bosqinni davom ettirishi uchun qo‘shimcha o‘q-dori berishlarini talab qildi va aks holda «Vagner»ni shahardan olib chiqib ketishini aytdi. 6 may kuni Ramzan Qodirov «katta og‘asi» Prigojin ketadigan bo‘lsa, chechenlar Baxmutdagi pozitsiyalarni egallashga tayyorligini bildirdi. «Vagner» rahbari ham bunga rozi bo‘ldi.

Bir kun o‘tib esa Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu janubiy okrugga tashrifi vaqtida «frontga qurol-yarog‘ yetkazib berishni nazorat qilish» bo‘yicha buyruq berdi. Bu buyruq tabiiyki aynan «Vagner»ga o‘q-dori berish bilan bog‘liq edi.

9 may kuni Prigojin 27 daqiqalik videomurojaat qilib, o‘q-dori muammosi hamon hal bo‘lmagani, so‘ralgan qurollarning atigi 10 foizi olinganini aytib, Rossiya mudofaa vazirligini shantaj qilishda davom etdi. Yetmaganiga Rossiya armiyasi doimiy bo‘linmalaridan biri Baxmutda o‘z pozitsiyasini tashlab qochganini iddao qildi.

Prigojinning «baxtiyor chol» haqida aytgan gaplari tarmoqda ayniqsa faol muhokama qilindi. «Vagner» rahbari o‘sha epizodda mana shunday degandi: «Har xil odam bor. Kimlardir urushadi, kimlardir bir vaqtlar zaxira bo‘lishi kerak degan narsani o‘qib qolgan va shuning uchun yig‘averadi, yig‘averadi. Ular dushmanni o‘ldirish uchun snaryad sarflash o‘rniga o‘zimizning askarlarni o‘ldirishmoqda. Baxtiyor chol esa hammasi yaxshi deb o‘ylashda davom etadi. Agar u haq bo‘lsa, mayli, sog‘ bo‘lsin. Lekin, aytaylik, bu chol o‘taketgan ahmoq bo‘lsa-chi? U holda urushni qanday yutish mumkin?».

«Kreml tahdid deb qabul qilgan»

«Meduza»ning Rossiya prezidenti administratsiyasiga yaqin manbasi Prigojinning mudofaa vazirligiga murojaati Kremlda ochiqchasiga tahdid sifatida qabul qilinganini aytgan. Yana bir manbaga ko‘ra, Prigojin Rossiya hukumati bilan «bir jamoada emas va bir maqsad yo‘lida harakat qilmayapti».

«Uning Baxmut deb atalmish o‘z loyihasi bor va bu loyihasi amalga oshishi uchun hamma narsaga tayyor. U shaxsiy loyihasini amalga oshirish orqali mudofaa vazirligiga ta’sir qila oladigan kuchga ega bo‘lishni, muzaffarlik yo‘lidagi asosiy kuch egasi ekanini ko‘rsatishni istaydi», degan manba.

Manbaga ko‘ra, Prigojinning «baxtiyor chol» haqidagi gaplari Kremlda yanada yomon qarshi olingan. «To‘g‘ri, u keyinchalik Shoyguni nazarda tutganini aytishi mumkin, lekin odamlarning o‘zi bu borada xulosa qiladi», degan suhbatdosh.

«Meduza» manbalaridan biri Prigojin «baxtiyor chol» deb aniq Putinga ishora qilganini aytgan. Nashrning boshqa manbasi esa buni Putinga ochiq hujum deb qabul qilish to‘g‘ri emas degan fikrda.

Rossiya prezidenti administratsiyasiga yaqin manba «Vagner» asoschisining jazavaga tushib qilgan bu murojaati uning Putinga bergan shaxsiy va’dasi bilan bog‘liqligini aytgan. Ya’ni Prigojin xo‘jayini Putinga Baxmutni egallash bo‘yicha aniq muddat aytgan. Manba bu aynan qaysi sana ekanidan xabari yo‘qligini aytib, Prigojinning o‘zini tutishiga qaraganda muddat tugab borayotganini taxmin qilgan. Avvalroq Ukraina armiyasi razvedkachilari Rossiya Baxmutni 9 maygacha egallamoqchi ekanini xabar qilgandi.

«Shaxsiy va’dasi uchun u doimiy qo‘shinlar «ustidan mag‘zava ag‘darib», provokatsion chiqishlar qilmoqda. Bu noodatiy harakat», degan suhbatdoshlardan biri.

Nashr manbalari taxmin qilishicha, bunday chiqishlari bilan «qizil chiziq»ni bosib o‘tgan Prigojinning yuqori doiralarda tanishlari ko‘p bo‘lishiga qaramay, unga muammolar tug‘ilishi mumkin. Suhbatdoshlar Prigojinning hukumatdagi pushtipanohlari deb Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov hamda Tula gubernatori, Putinning sobiq qo‘riqchisi Aleksey Dyuminni qayd etgan. Putinning do‘sti va milliarder Yuriy Kovalchuk ham yaqin-yaqingacha Prigojinning «tankalaridan biri» deb aytilardi, ammo suhbatdoshlarga ko‘ra oxirgi vaqtlardagi voqealardan so‘ng milliarder Prigojindan yuz o‘girib bo‘lgan.

«Meduza»ning Rossiya davlat telekanallaridagi manbasi esa «Vagner» asoschisi bilan bog‘liq yana bir qiziq ma’lumotni keltirgan: propagandachilarga allaqachon Prigojin bo‘yicha topshiriq kelgan va unga ko‘ra «Vagner» asoschisi mudofaa vazirligini haqorat qilib, frontdagi muvaffaqiyatsizlik haqida gapirishda davom etsa, Putinning sobiq oshpazi vatan xoini sifatida gavdalantirilishi ta’kidlangan.

AQShning Washington Post nashri avvalroq Rossiya mudofaa vazirligi Prigojinga qarshi axborot kampaniyasi boshlagani, lekin uni amalga oshira olmagani haqida yozgandi. Endi esa bunday kampaniya Rossiya prezidenti administratsiyasi darajasida tashkil qilinayotgan bo‘lishi mumkin.

«Meduza»ning Kremlga yaqin manbasi Rossiya hukumati bu vaziyatga jim qarab turmasligini aytgan: «Hozircha «Vagner» asoschisiga frontda nimadir xavf solmoqda deb bo‘lmaydi. Unda hamon Putinga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaga chiqish imkoniyati bor. Lekin hammasi shunday davom etaversa, kuch ishlatar tuzilmalar hammasiga chek qo‘yishadi».

Prigojinning o‘zi nashr savollariga javob berishdan bosh tortgan. Xususan, provokatsion videosida chol deb kimni nazarda tutganiga oydinlik kiritmagan. «Ko‘p marta aytganman, dushman nashrlarga javob bermayman. Xuddi shunday savol xolis rus nashridan kelsa, bajonidil javob beraman», degan avvalroq «Meduza»ning savollariga ko‘p marta javob bergan Prigojin.

NTV telekanalining xorijiy versiyasining «baxtiyor chol» borasidagi so‘roviga javob berar ekan, «Vagner» asoschisi Putinni nazarda tutmaganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra «baxtiyor chol» Rossiya mudofaa vazirining aynan moddiy ta’minot bo‘yicha o‘rinbosari va yaqinda ishdan olingan Mixail Mizinsev yoki Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimov bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Prigojinning aytishicha, kremlparast faol ayol Natalya Xim ham «o‘sha baxtiyor chol» bo‘lishi mumkin. «Dom 2» teleshousining sobiq ishtirokchisi Natalya Xim avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda vagnerchilarga snaryad solingan qutilarni taklif qilgandi.

«Meduza» o‘z manbalarining so‘zlaridan kelib chiqib Viktor Zolotov, Aleksey Dyumin va Yuriy Kavalchukka so‘rov bilan chiqqan, lekin ulardan hech qanday javob bo‘lmagan.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo