date
views 1 568

Rossiyada islomofobiya: masjid oldida Qur’on yoqib yuborildi

Rossiyada islomofobiya: masjid oldida Qur’on yoqib yuborildi

Moskva viloyatida yana bir masjid yopildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Volgagraddagi masjid oldida bir fitnakor namoyishkorona Qur’oni karim mushafini yoqib yubordi. Orqasidan tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “Rossiyada islom misli ko‘rilmagan darajada yuksalayotgani” haqida bayonot berdi.

Bu voqealar ketma-ketligi Ukraina prezidentining Arab davlatlari ligasi sammiti qatnashish uchun Saudiya Arabistoniga borgan vaqtda sodir bo‘lgani e’tiborga molik. Keling, endi ana shu xabarlar haqida batafsil so‘z yuritaylik.

17 may kuni bir guruh millatchilar, masjidlarga qarshi kishilar Moskva viloyatining Kotelniki shahrida to‘planib, Putinga murojaatnoma yozishdi.

Islomofoblar masjid migrantlarning hududga to‘planishiga sabab bo‘layotganidan norozi, vaholanki, mahalliy aholiga ko‘ra, hududdagi musulmonlarning 90 foizi ruslardir.

Shundan so‘ng xavfsizlik kuchlari masjidni to‘sib qo‘ydi, qattiq tintuv o‘tkazdi va masjiddagilarning hammasini hibsga oldi, keyin jinoiy ish qo‘zg‘atib, masjidni yopdi.

Xavfsizlik kuchlari hamon masjid eshigi oldida turib, musulmonlarni ichkariga kiritmay, hujjatlari bor-yo‘qligiga qaramasdan hibsga olishdi.

Masjid yopilgan kundan boshlab xavfsizlik kuchlari masjid yaqinidagi butun hududni o‘rab oldi, musofirlarning kechayu kunduz tashqariga chiqishlarining iloji yo‘q. Hujjatli yoki hujjatsiz (fuqarolardan tashqari) barcha muhojirlarni ushlab, o‘z yurtlariga deportatsiya qilishyapti (yoki armiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olishni taklif qilishmoqda).

Shuningdek, ular kafelar va boshqa jamoat joylariga reydlar o‘tkazadilar, telefonlarni tekshiradilar va hokazo. Mehnat muhojirlarining aksariyati markaziy osiyoliklar ekanini alohida ta’kidlash shart emas, tabiiyki.

Shuningdek, xavfsizlik kuchlari 100 ming rubldan pora olayotgani iddao qilingan.

Bu voqeadan bir kun o‘tar-o‘tmas, Volgogradda masjid oldida Qur’onni yoqib yuborishdi.

Rossiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, 19 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxs Volgogradning Voroshilovskiy tumanidagi Povorinskaya ko‘chasidagi masjidga o‘xshash bino fonida qo‘lida yonayotgan Qur’onni ushlab turgani aks etgan video paydo bo‘lgan.

Volgograd viloyati musulmonlari markaziy diniy boshqarmasi muftiysi Kifah Bata Muhammad jurnalistlarga voqeadan bexabarligini, ammo politsiyaga albatta xabar berishini aytdi.

"Men hali bu haqda batafsil bilmayman, men o‘zim Qozonda, forumdaman", dedi muftiy. — Baribir huquq-tartibot idoralari tekshirar. Ishonchim komilki, bu provokatsiya. Kimdir buni ataylab qiladi. Bilasizmi, ko‘p sabablar bor. Masalan, harbiy holat. Ehtimol, bular Ukraina yo G‘arbning maxsus odamlarining ishidir... Bizning qo‘shinlarimiz allaqachon g‘alaba qozonmoqda va bu yerda bizni ichimizdan silkitish uchun nimadir qilish kerak. Provokatorlar yetarlicha. Rossiya ichida hech kim bunday narsaga qodir bo‘lishi dargumon. O‘ylaymanki, huquq-tartibot idoralari buni aniqlab beradi. Hozir ariza beramiz. Topilishi va jazolanishi kerak. Rossiyada bunday bo‘lmasligi kerak”.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Volgograd viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi matbuot xizmati voqeaning barcha holatlarini aniqlayotganini ma’lum qildi.

“Volgograd politsiyasi telegram-kanallarda e’lon qilingan videoning to‘g‘riligini tekshirmoqda”, — dedi viloyat politsiyasi.

Eng qizig‘i qisqa muddatda Qur’onni yoqishga kim buyruq bergani "ma’lum bo‘ldi". Rus rasmiylarining iddao qilishicha, buni ukrainaliklar amalga oshirganmish.

Dunyodagi eng “insonparvar” hisoblangan Rossiya huquq-tartibot idoralari "Volgogradda masjid oldida Qur’onni yoqib yuborganlikda gumon qilingan erkakni qo‘lga oldi", deb xabar bermoqda Rossiya OAVlari o‘z manbasiga tayanib.

Eslatib o‘tamiz, bu Rossiyada musulmonlarning muqaddas kitobini tahqirlash bo‘yicha birinchi holat emas. Joriy yilning aprel oyida Moskvaning Kosino-Uxtomskiy tumanida rus millatchilari masjid qurilishiga noroziligini bildirib, Qur’onni yoqib yuborgan edi.

Keyinroq manbaning aytishicha, gumonlanuvchi Ukraina Xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda xavfsizlik kuchlariga iqror bo‘lgan.

V1.ru/ xabariga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs 19 yoshli ukrainalik bo‘lib, yetkazib berish (kur’erlik) xizmatida ishlashi aytildi. U Qur’onni pul uchun yoqib yuborganini da’vo qilmoqda emish.

“Kim hayron bo‘ldi? O‘zlarini fosh qilishning ahmoqona usuli qolmadi, bir vaqtlar ruslar chechenlarni ayblash uchun uylarni portlatishgandi, endi ukrainlarni ayblash uchun Qur’onlarni yoqishmoqda”, deydi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

Ajabo... Zelenskiy musulmon davlatlaridan yordam so‘rab turgan bir vaqtda ukrainalik maxsus kuchlar Rossiyaning o‘rtasida ilohiy kitobni yoqib yuborishi qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?! Kim ishonadi bunaqa cho‘pchakka?! Urushga dinni, aniqrog‘i, dindorlarning tuyg‘ularini aralashtirish uchun qanchalik pastkash va iflos bo‘lish kerak?!

(Avvalroq “Ukrainalik askarlar Qur’oni karimni yoqqani” haqidagi bir video tarqagan, ammo qisqa vaqtda bu pastkashlikni ruslar qilgani o‘rtaga chiqqan edi).

Ayni shunday sharmandali holat yuzaga kelgan vaqtda tashqi ishlar vaziri Lavrovning “Rossiyada islomning shiddat bilan rivojlanayotgani” haqidagi gaplari odamning battar g‘azabini keltiradi. Darvoqe, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham mamlakatida millionlab musulmonlar yashashini aytib, musulmon davlatlar bilan aloqani yaxshilash ilinjida yuradi. Ammo... Amalda ikkiyuzdamachilikdan voz kechilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq "Rossiya poytaxtida masjid yetishmaydi, biroq..." sarlavhali maqola e’lon qilingan va unda Moskva shahrida musulmonlarning soni ko‘payib borayotgani, ularning diniy ibodatlarini ado etish uchun masjidlar yetishmasligi haqida so‘z yuritilgan. 
Chindan ham Rossiyada, ayniqsa, poytaxtda yashayotgan “ozchilik” millat vakillari, xossatan, musulmonlar doimiy tahqirga uchraydi. Gap faqat Markaziy Osiyodan borgan mehnat migrantlari haqida ketmayapti. Bir necha yuz yillardan beri Moskvada yashab kelayotgan tatar musulmonlari ham o‘z haq-huquqlarini himoya qila olmasligi ham achchiq haqiqat.

Hozirda Moskvada atigi 4 ta masjid bor. Rossiya Federatsiyasi muftiyati rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shahardagi musulmonlar soni 3-3,5 milliondan oshadi, ularning 2 million nafardan ziyodini Rossiya fuqarolari tashkil qiladi. Ukraina poytaxti Kievda ham 4 ta masjid bor, ammo u yerdagi musulmonlar soni nari borsa 200 mingga yaqin, xolos.

Xulosa o‘zingizdan...

 Abdulaziz Muborak

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada islomofobiya: masjid oldida Qur’on yoqib yuborildi