18:42 / 30.06.2023
221

Qirg‘iziston Issiqko‘l sohilida yangi shahar qura boshladi

Qirg‘iziston Issiqko‘l sohilida yangi shahar qura boshladi
Foto: Qirg‘iziston prezidentining matbuot xizmati

Bugun, 30 iyun kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Issiqko‘l yoqasida Osmon shahri qurilishiga tamal toshini qo‘ydi.

Biz marvarid ko‘limiz – Issiqo‘l sohilida innovatsion shahar bunyod etib, uni iqtisodiy va turistik markazga aylantiramiz”, – dedi Japarov bugungi marosimda.

Foto: Qirg‘iziston prezidentining matbuot xizmati

Uning so‘zlariga ko‘ra, Osmon shahri Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan habga aylanib, Qirg‘iziston iqtisodiyoti uchun lokomotiv vazifasini bajaradi.

Osmon shahrining loyihasiga va qurilishni boshlashga davlat budjetidan bir tiyin ham sarflanmadi. Bu – bunday yirik loyihaning amalga oshirilishida ishtirok etishga qiziqish bildirgan tashqi investorlar borligi bilan bog‘liq”, – dedi Japarov.

Foto: Qirg‘iziston prezidentining matbuot xizmati

Avvalroq, Osmon shahrining shakli yuqoridan qaraganda qirg‘iz milliy musiqa asbobi – qomuzga o‘xshashi aytilgandi. Bu musiqiy asbobning surati 1 somlik banknotada ham aks ettirilgan. Shahar 4 ming gektar hududda joylashib, 500-700 ming aholiga mo‘ljallangan bo‘ladi. Loyihani amalga oshirishning taxminiy muddati – 7-10 yil.

Konsepsiyaga asosan, ekologik toza Osmon shahri mamlakatning iqtisodiy va turistik markaziga aylanib, u yerda ilg‘or ta’lim tashkilotlari, zamonaviy biznes-markazlar va moliya muassasalari faoliyat yuritadi. Shaharda ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar, bog‘lar, zamonaviy turistik va sport infratuzilmasi yaratiladi.

Shuningdek, dunyodagi eng yirik masjidlardan birini qurish, filmlar suratga olish uchun pavilonlar hududini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Foto: Qirg‘iziston prezidentining matbuot xizmati

Osmon yuqori texnologik aqlli shahar bo‘lishi va’da qilinmoqda: u yerda muqobil energiya manbalaridan foydalaniladi, yuqori darajadagi energiya tejamkorlik ta’minlanadi, ekologik toza transport turlari joylashtiriladi va umuman, yashil iqtisodiyot tamoyillariga amal qilinadi.

Loyiha muallifi, ekoshaharni qurish bo‘yicha davlat direksiyasi rahbari Ruslan Akmataliyevning aytishicha, shahardagi dastlabki obektlarni qurishni boshlaydigan birinchi investor Janubiy Koreyaning Promise Land kompaniyasi bo‘ladi. Akmataliyev investor bilan 1 mlrd dollarlik shartnoma imzolangani, u jami 10 mlrd dollar sarmoya tikishga tayyorligini aytgan. Kompaniya 30 mingta uy, xususan terrasalarga ega elit xonadonlar, 10 va 30 qavatli turar joy va tijoriy majmualar hamda boshqa bino-inshootlarni qurishi aytilmoqda.

Osmonda quriladigan xonadonlarning loyihalari / Foto: Economist.kg

Direksiya rahbariga ko‘ra, hozirda bir nechta boshqa investorlar bilan ham muzokaralar olib borilyapti. Investorlar qancha ko‘p bo‘lsa, loyiha shuncha tez yakuniga yetkaziladi, degan u.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Toshkent viloyati markazi – Nurafshon shahri O‘zbekistondagi birinchi aqlli shahar bo‘lishi e’lon qilingan, lekin bu amalga oshmay qolgandi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘iziston Issiqko‘l sohilida yangi shahar qura boshladi
ePN