
Nigerning demokratik yo‘l bilan saylangan prezidenti Muhammad Bazum AQSH hukumati va “butun xalqaro hamjamiyat”dan mamlakatda konstitutsiyaviy tartibni tiklashda yordam so‘radi. Bazumning ta’kidlashicha, agar uni prezidentlikdan chetlashtirishga urinish muvaffaqiyatli yakunlansa, bu Niger uchun, qolaversa, “mintaqa va butun dunyo uchun halokatli oqibatlarga olib keladi”. Bu haqda u Washington Post gazetasida chop etilgan maqolasida yozdi.
Davlat rahbari 26 iyul kuni prezident soqchilari uni hibsga olib, Niger hukumati ustidan nazorat o‘rnatganidan beri ilk bor to‘ntarish haqida batafsil gapirdi.
Bazum xunta “noqonuniy ravishda hibsga olinganlarning barchasini ozod qilishi kerak” deb ta’kidladi.
“Rossiya ‘Vagner’ yordamida Afrikadagi ta’sirini kuchaytirishi mumkin”
Muhammad Bazum ikki yil avval mamlakatda hokimiyatning tinch yo‘l bilan demokratik boshqaruvga o‘tkazilishi natijasida Niger prezidenti etib saylangan edi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Nigerga qo‘shni davlatlar “Vagner” singari jinoiy rus yollanma askarlarini o‘z xalqlarining huquqlari va qadr-qimmatiga ziyon yetkazish uchun” tobora ko‘proq taklif etmoqda.
U “Boko Haram” kabi jihodchi guruhlar ham Nigerdagi beqarorlikdan foydalanishini qo‘shimcha qildi. Ular mamlakatdan “qo‘shni davlatlarga hujum qilish va butun dunyoda tinchlik, xavfsizlik va erkinlikka putur yetkazish uchun tramplin sifatida” foydalanishi mumkin, deydi Bazum.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!