date
views 205

Seriyali qotilliklar gumondori Xoyyermann Trampga tegishli korxonadan 200 ming dollar olgan

Seriyali qotilliklar gumondori Xoyyermann Trampga tegishli korxonadan 200 ming dollar olgan

Reks Xoyyermann sud majlisida. Foto: Newsday

AQSHda Gilgo bich seriyali qotilliklarida asosiy gumondor deb qaralayotgan arxitektor Reks Xoyermann ustidan birinchi sud mahkamasi o‘tkazildi. Qo‘lga olingan vaqtida yig‘lab yuborgan Xoyermann sud majlisida ancha dadillashib, unga nisbatan ayblovlarni asossiz deb atagan. AQSHda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan ish yuzasidan yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi.

Bessellerga aylangan kitob, Netflix ishlagan kino

Reks Xoyyermann asosiy gumondor deb qaralayotgan Gilgo bich seriyali qotilligi bo‘yicha surishtiruv mamlakatda katta shov-shuvga sabab bo‘lib, 13 yil davom etdi. New York Magazine jurnalisti Robert Kolker surishtiruv jarayoni haqida kitob yozgan va bu asar Amerikada chinakam bessellerga aylanib ketgandi. Asar asosida kino ham ishlashadi. Netflix homiyligidagi Liz Garbus tomonidan ishlangan «Yo‘qolgan qizlar» kinosi ham mashhur bo‘ladi.

Qotilliklar asosiy gumondori chiqindi qutisidagi pitssa bo‘lagidan olingan DNK namunasi orqali aniqlangach, asosan mana shu epizod tilga olinib, go‘yoki oddiy tasodif 13 yillik surishtiruv uchun burilish nuqtasi bo‘lgandek taassurot uyg‘otayotgandi. Ammo aslida surishtiruv jarayonini kuchaytirgan asosiy omil mahalliy politsiya, prokuratura va FQB xodimlaridan tuzilgan katta guruh faqat Gilgo bich ishi bilan shug‘ullana boshlagani edi.

Xoyyermanning uyida surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Foto: AP

Butun dunyoda shov-shuv bo‘lgan seriyali qotillik juda uzoq vaqtdan buyon sirli qolayotgani jamoatchilikda norozilik uyg‘otgach, mahalliy hukumat ish bilan shug‘ullanuvchi xodimlar sonini oshirishga qaror qiladi. Yangi tuzilgan guruh gumondorlar sonini keskin oshiradi va ular orasida «risoladagidek va sipo» bo‘lib yuruvchi arxitektor Reks Xoyyermann ham tushadi. Uning gumondorlar qatoridan joy olishiga akasiga tegishli Chevrolet Avalanche pikapini tez-tez haydab turgani sabab bo‘ladi. Chunki qotilliklardan birini surishtirish davomida guvohlar voqea joyi yaqinida aynan mana shunday markali, rangi ham Xoyyermannikiga o‘xshagan mashina ko‘rganini aytadi.

Shuningdek, seriyali qotillik qurbonlaridan biri Melissa Bartalemi ishidagi bir epizod ham ishni Xoyyermann tomonga buradi. Gap shundaki, 2009 yil, Bartelemi o‘ldirilgan kuni uning opasiga noma’lum erkak sim qoqadi va opasini o‘ldirgani, uni ham yo‘q qilishini aytib, tahdid qiladi. Keyinchalik bu telefon apparati tashlab yuborilgan. Aniqlanishicha, o‘sha qo‘ng‘iroq Xoyyermann yashaydigan uy atrofidan amalga oshirilgan.

Xotini ham aralashib qoldi

Ishga o‘zi bilmagan holda Reks Xoyyermanning xotini Asa Ellerup ham qo‘shilib qoldi. Gap shundaki, Gilgo bichda jasadi topilgan bir necha ayollarning tanasi yaqinida Xoyyermanning xotiniga tegishli soch tolasi ham topilgan. Ellerupning DNKsini aniqlashda ham chiqindi qutisi yordam bergan. U yerdan olingan shisha orqali Xoyyermanning xotiniga tegishli DNK namunasi aniqlangan. OAVda yozilishicha, ayolning sochi qurbonlar tanasiga katta ehtimol bilan eri orqali tushib qolgan.

Gumondorning xotini Asa Ellerup
Foto: MEGA

Gumonlanuvchining xotini Asa Ellerup eri qo‘lga olinganidan keyin qattiq tushkunlikka tushgan holda OAV xodimlari bilan gaplashishni istamayapti. Mahalliy nashrlarning yozishicha, ayol ajrashish uchun ariza topshirgan. Shuningdek, jasadi yaqinidan Ellerup xonimning sochlari topilgan uch qurbon o‘ldirilgan vaqtda Xoyyermanning xotini farzandlari bilan shtat tashqarisida bo‘lgani aniqlangan. Tergov ushbu ayollar Xoyyermanning uyida o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmayapti. CNN'ning tergovda ishtirok etgan manbasiga ko‘ra, qotilliklar sodir etilganda Xoyyerman oilasi uyda bo‘lmagani gumondor ayollarni uyiga qamab o‘ldirgan bo‘lishi mumkin degan faraz ehtimolini oshiradi.

Ed Kemperdan ilhomlanganmi?

The Sun nashri o‘z manbalariga tayanib yozishicha, gumondor Reks Xoyyermann qotilliklarni sodir etishda amerikalik vahshiy qotil Ed Kemperdan ilhomlangan bo‘lishi mumkin.

Seriyali qotil Ed Kemper
Foto: Vikipediya

Aksar qotilliklarni 70-yillarda sodir etgan Ed Kemper o‘smirlik vaqtida bobosi va buvisini, keyinchalik onasi va uning dugonasi, yana oltin nafar talaba qizni qiynab o‘ldirgan. Unga nisbatan uch marta bir umrlik qamoq jazosi tayinlangan. Kemper haqida film va seriallar ishlangan, u hozir ham tirik va qamoqxonada.

Hozircha Xoyyermann gumondor deb qaralayotgan jinoyatlarni sodir etgani isbotlangani yo‘q, lekin u internetda bir nechta akkaunt ochib, ko‘p marta jinsiy zo‘rlash, sadistik harakatlar bo‘yicha ma’lumot izlagan. Uning uyidagi kompyuterdan esa shunday mazmundagi videolar topilgan. Kemper esa o‘z qurbonlarini mana shunday sadistik harakatlar bilan qiynab o‘ldirgani aniq.

Ishga Tramp ham «aralashib qoldi»

Reks Xoyyermann ishi shundog‘am AQShda katta shov-shuvlarga sabab bo‘layotgandi, ammo unda yana bir epizod paydo bo‘ldiki, ish yanada «alanga oldi». OAVda yozilishicha, Xoyyermanga tegishli korxona 2018 yilda sobiq prezident Donald Trampga tegishli binolardan birida kichik ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun pul olgan.

Trump Building
Foto: Bloomberg

Gap Uoll-stritda joylashgan Trump Building majmuasidagi 72 qavatli bino haqida ketmoqda. 1930 yilda qurilgan bu bino o‘z vaqtida Nyu-Yorkda eng balandi bo‘lgan. Tramp uni 1995 yilda 8 million dollar evaziga sotib olgan. Ta’mirdan keyin bu bino Trampga tegishli eng qimmat obektlardan biriga aylanadi.

Xoyyermann qurilish shirkati Trampga tegishli binoning 17-qavatida ba’zi ichki devorlar o‘rnini almashtirish va santexnikani yangilash bilan shug‘ullanib, bu uchun 205 ming dollar haq olgan. Tramp ofisi Xoyyermann hech qachon sobiq prezidentga tegishli korxonada ishlamagani haqida bayonot berishga majbur bo‘ldi.

Aslida Xoyyermannga tegishli qurilish shirkati Tramp korxonasi bilan ishlagani unchalik ajablanarli holat emas. Chunki shirkat mijozlari orasida Nike, Cipriani, Target, Footlocker kabi mashhur brendlar ham bor.

Navbatdagi qurbon ham aniqlandi

O‘tgan haftada Gilgo bichda topilgan va shaxsi aniqlanmay qolayotgan yana bir jasad borasida yangilik paydo bo‘ldi. Tergovga ko‘ra, bu 34 yoshli Karen Vergata bo‘lgan va uni 1996 yil 14 fevral kunida oxirgi marta tirik ko‘rishgan.

Surishtiruv davomida Xoyyermann uyidagi vanna ham buzib ko‘rilgan.
Foto: Courtesy Robert Macedonio

Ishni olib borayotgan politsiya detektevi Rodni Xarrisonning aytishicha, Xoyyermann qo‘lga olinishidan bir hafta avval ham o‘ta shubhali harakatlarni amalga oshirishni kanda qilmagan. Detektiv u navbatdagi qotillikni rejalashtirmoqchi bo‘lgan yoki bo‘lmagani haqida aniq gap aytmagan, lekin «Gumondor qilishi kerak bo‘lmagan o‘ta xavotirli harakatlar bilan mashg‘ul bo‘lgan. Xususan, internetdagi g‘alati qidiruvlar orqali...», degan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Seriyali qotilliklar gumondori Xoyyermann Trampga tegishli korxonadan 200 ming dollar olgan