
Rossiya tarkibiga kiruvchi Komi respublikasining sobiq qishloq xo‘jaligi va isteʼmol bozori vaziri Denis Sharonov 2022-yil oktabr oyida harbiy xizmatga chaqiruv qog‘ozini olgach, AQSHga jo‘nab ketgan va u yerdan siyosiy boshpana so‘ragan. Bu haqda 15-avgust, seshanba kuni RTVI yangiliklar sayti xabar berdi, jurnalistlar YouTube kanaliga joylangan “Yangi amerikaliklar” videosidan sobiq siyosatchini tanib qolib, u bilan suhbatlashgan.
“Rossiyada vazir bo‘lgan odam AQSHda yuk mashinasi haydovchisiga aylandi” sarlavhali videoda sobiq vazirning ismi aytilmagan, biroq jurnalistlar yuzni tanish servislaridan foydalangan holda videodagi odam Sharonov ekanini aniqlagan. Sobiq amaldor keyinroq RTVI telekanaliga videoda haqiqatan ham o‘zi ekanini tasdiqladi.
Sharonov Rossiyada ikki marta jinoiy javobgarlikka tortilganini, biroq ikki safar ham sud tomonidan oqlanib, reabilitatsiya qilinganini aytdi. Sobiq vazirning so‘zlariga ko‘ra, u 2022-yilning yanvarida Komi rahbari Vladimir Uyba bilan uzoq davom etgan mojaro tufayli respublika qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimidan ozod etilgan. Sharonov kuzda armiyaga chaqiruv olganini o‘sha mojaro bilan bog‘ladi.
AQSHga emigratsiya va yuk mashinasini haydash
Hozir sobiq vazir AQSHda yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlayapti va hukumatdan siyosiy boshpana so‘ramoqda.