Foto: Reuters
Qo‘shma Shtatlar Niderlandiya va Daniyadan Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlarini yuborishni ma’qulladi. Bu haqda 17 avgust, payshanba kuni ismi oshkor etilmagan amerikalik mulozimga tayanib, Reuters axborot agentligi xabar berdi.
Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Vashington Daniya va Niderlandiyaga Qo‘shma Shtatlar ukrainalik uchuvchilarni tayyorlash tugashi bilan uchinchi davlatlardan ushbu samolyotlarni Ukrainaga o‘tkazish bo‘yicha barcha zarur so‘rovlarni tasdiqlashni tezlashtirishi haqida rasmiy kafolatlar bergan.
Aviatsiya koalitsiyasiga rahbarlik qilayotgan Niderlandiya va Daniya avvalroq AQSHdan bunday kafolatlar berishni talab qilgandi. AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Daniya va Niderlandiyadagi hamkasblariga maktub yo‘llab, kerakli so‘rovlar ma’qullanishiga ishontirdi, dedi rasmiy.
Blinken: Ukraina o‘zini himoya qila olishi kerak
«Ushbu maktub bilan men AQSH Ukrainani F-16 jangovar samolyotlarini yetkazib berishda ham, ukrainalik uchuvchilarni malakali instruktorlar tomonidan o‘qitishda ham to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildiraman, — deyiladi Blinken maktubida. — Ukraina Rossiyaning davom etayotgan tajovuzidan va suverenitetini buzishdan o‘zini himoya qila olishi juda muhim».
Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, uchinchi davlatlarning qiruvchi samolyotlarni yuborish bo‘yicha so‘rovlari ma’qullanishi Ukrainaga «birinchi uchuvchilar guruhi o‘quv mashg‘ulotlarini yakunlashi bilanoq, o‘zining yangi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish» imkonini beradi.
Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlarining rasmiy vakili Yuriy Ignat 16 avgust kuni Ukraina yaqin oylarda F-16 qiruvchilarini qabul qilmasligini aytdi. «Ukrainani shu kuz va qishda F-16 samolyotlari bilan himoya qila olmasligimiz allaqachon aniq», dedi u milliy telemarafon efirida. Shu bilan birga, ukrainalik uchuvchilarni ushbu jangovar mashinalar bilan ishlashga o‘rgatish masalasi «ijobiy hal qilinmoqda», deb ta’kidladi Ignat.