Foto: NPR
HAMAS yetakchilaridan biri Ali Barakeh guruh Isroilga nisbatan qanday qilib keng ko‘lamli hujum uyushtirganini tushuntirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsiyada faqat bir necha yuqori martabali rahbarlar ishtirok etgan, Eron va “Hizbulloh” esa rejalashtirishda umuman qatnashmagan.
“X soatini faqat ozchilik bilardi. Biz dushman o‘z bayramlari bilan band bo‘lgan vaqtni tanladik. O‘tgan dushanba kuni HAMAS markaziy qo‘mondonligidan hech kim Bayrutda bo‘lgani yo‘q. Operatsiya boshlangunga qadar bu yerda Markaziy qo‘mondonlikdan ham, Siyosiy byurodan ham hech kim bo‘lmadi”, — dedi guruhning Bayrutdagi yuqori martabali vakili.
Barakehning aytishicha, guruh Isroil qo‘lida saqlanayotgan falastinliklar va hatto AQSH qamoqxonalaridagi ba’zi mahbuslarni ozod qilish uchun garovga olingan isroilliklardan foydalanadi.
“Amerikada ularni hibsga olishdi, chunki ular G‘azoda qamalda qolgan odamlarni qo‘llab-quvvatlovchi xayriya tashkilotlarini yuritish va G‘azodagi yetimlarga yordam berishda ayblangan. Amerika bu odamlarni Isroil iltimosiga ko‘ra hibsga olgan va ularga ayblov qo‘ygan. Amerikada ular umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Biz bu falastinliklarni ozodlikka chiqarishga intilamiz — ularning ozodligini talab qilish bizning huquqimiz”, — dedi guruh vakili.
HAMAS hozircha o‘z kuchlarining ozchiligini harakatga keltirdi, deydi Barakeh. Unga ko‘ra, birgina G‘azoda 40 ming jangchi bo‘lsa, so‘nggi janglarda ulardan ikki mingga yaqini qatnashgan.
Isroil G‘azoga qarshi quruqlikdan hujum boshlab, G‘azo qirg‘inbarot urushga duch kelsa, Barakehning aytishicha, “ittifoqdoshlar” jangga qo‘shiladi. U ilgari HAMAS Eron va “Hizbulloh”dan yordam olganini tan oldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!