Foto: Reuters
AQSH razvedkasi HAMAS a’zolarining Isroilga uyushtirgan hujumi Eron tomonidan rejalashtirilgani, moliyalashtirilgani yoki bevosita ishtirokida yuz bergani haqida hozircha aniq dalillarni topmadi.
CNN telekanalining o‘z manbalariga tayanib ma’lum qilishicha, razvedka xizmati hozircha barchani hayratga solgan hujumga Eronning aloqadorligi haqidagi dalillarni to‘plashda davom etmoqda, shu sababli yakuniy xulosaga kelgani yo‘q. Manbalar razvedka ma’lumotlarining tabiati haqida batafsil ma’lumot bermagan, chunki ular «o‘ta maxfiy».
Ammo manbalarning ta’kidlashicha, bu ma’lumotlar amerikalik tahlilchilarni Eron hukumati hujumda bevosita rol o‘ynamagan degan xulosaga moyil bo‘lishga undamoqda. Nashrning qayd etishicha, Oq uy allaqachon bu ma’lumotlar bilan tanishgan.
Jurnalistlar, shuningdek, AQSH rasmiylari bir necha kun davomida Eronning hujumga bevosita aloqadorligi haqida hech qanday dalil yo‘qligini ochiqchasiga e’lon qilganini e’tiborga olishgan.
«Biz qo‘shimcha ma’lumot qidirmoqdamiz», dedi Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jeyk Sallivan va Eronning HAMAS a’zolarini qo‘llab-quvvatlashda keng rol o‘ynagani haqida hozircha ma’lumot yo‘qligini qo‘shimcha qildi.
Eron uzoq yillar davomida HAMAS tashkilotining asosiy xayrixohi bo‘lib, harakat a’zolarini mablag‘, qurol va butlovchi qismlar bilan ta’minlagan, shuningdek, keng ko‘lamli texnik va mafkuraviy yordam ko‘rsatgan.
Shu bilan birga, HAMAS Eron rejimidan ma’lum darajada mustaqillikni saqlab qolgan. Tehronning G‘azo sektorida maslahatchilari yo‘q va guruh faoliyatini boshqarmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!