Foto: Reuters
G‘azo sektoridagi halokatli humanitar vaziyat tufayli Germaniya 50 million yevro miqdorida favqulodda yordam ko‘rsatadi. Bu haqda 19 oktyabr, payshanba kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Ammanda iordaniyalik hamkasbi Ayman Safadiy bilan qo‘shma chiqishida aytib o‘tdi. Pul BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi, YUNISЕF va BMTning Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam agentligi (UNRWA) kabi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun sarflanadi.
Berbokning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga e’tibor qaratmoqda. «Biz G‘azoga tibbiy guruhlarni yuborishga, shuningdek, og‘ir yaralangan bolalarni davolash imkoniyatini yaratishga tayyorlanyapmiz», - deya qo‘shimcha qildi Germaniya tashqi ishlar vaziri. O‘z navbatida, Annalena Berbok Iordaniya rasmiylarini G‘azo sektoridagi tinch aholiga yordam berish uchun 4,7 million yevro ajratgani uchun olqishladi va Fors ko‘rfazining boshqa davlatlarini qirollikdan o‘rnak olishga chaqirdi.
Germaniya falastinliklarga moliyaviy yordamni muhokama qilmoqda
7 oktyabr kuni HAMASning Isroilga hujumi munosabati bilan Germaniyada Falastin hududlarini Germaniya tomonidan moliyalashtirish borasida bahs-munozaralar avj oldi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Berlin Falastin bo‘yicha dunyodagi eng yirik donorlardan biri hisoblanadi. Birgina to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam yiliga 50 million yevroni tashkil qiladi. Bundan tashqari, Germaniya ushbu hududlarda BMT va nohukumat tashkilotlarining turli loyihalarini moliyalashtiradi.
Endi ba’zi nemis siyosatchilari moliyaviy yordamni to‘liq to‘xtatishga chaqirdi, Germaniyadan keladigan pul «antisemitizmni moliyalashtirmasligi kerakligi» aytildi.
Shunga o‘xshash muhokamalar Yevropa Ittifoqi darajasida ham bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, G‘azo sektoridagi humanitar vaziyat yomonlashgani sababli Yevrokomissiya joriy yordamni 25 million yevrodan 75 million yevrogacha oshirishga qaror qildi. Biroq, Bryussel boshqa loyihalarni moliyalashtirishni qayta ko‘rib chiqishga va’da berdi.
HAMAS va Isroil
7 oktyabr kuni HAMAS jangchilari Isroilga qarshi keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. O‘shandan beri Isroil HAMAS nazorati ostidagi aholi zich joylashgan Falastin hududiga yirik havo hujumlarini amalga oshirdi. Isroil armiyasi guruhni yo‘q qilish uchun G‘azo sektorida quruqlikdagi keng ko‘lamli operatsiyaga hozirlik ko‘rmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring