Bayden: «Isroilliklar va falastinliklar teng darajada xavfsizlik va tinchlikda yashashga loyiq»
Foto: Jonathan Ernst / CNP / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
AQSH prezidenti Jo Bayden televideniye orqali amerikaliklarga yo‘llagan murojaatida AQSH «terrorchilar va tiranlarga g‘olib bo‘lish»ga yo‘l qo‘y olmasligi tufayli Isroil va Ukrainaga yordam berishi zarurligini ma’lum qildi. Baydenning murojaati matni The New York Times gazetasi tomonidan keltirilgan.
Xususan, AQSH prezidenti Kongressdan Ukraina va Isroil uchun yordam so‘rashini anons qilarkan, HAMAS va Putin turlicha tahdidlarni keltirib chiqarsa ham, ularni baribir «qo‘shni demokratiyani to‘liq yakson etish» istagi birlashtirishini, AQSH esa bunga yo‘l qo‘ya olmasligini ta’kidlagan.
«HAMASning mavjudligi maqsadi — Isroil davlatini yo‘q qilish va yahudiy xalqini o‘ldirishdir. Putin esa Ukrainada haqiqiy davlatchilik bo‘lgani yoki hozirda mavjud bo‘lishini inkor etadi. U Ukrainani sovetlar ittifoqi yaratganini ta’kidlaydi. Va atigi ikki hafta muqaddam butun dunyoga qarata, agar Qo‘shma Shtatlar va bizning ittifoqchilarimiz ketadigan bo‘lsa, Ukraina bir haftadan ortiq omon qolmasligini aytdi», – degan Amerika prezidenti.
U Isroilni Qo‘shma Shtatlar 2001 yil 11 sentyabrdan keyin yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlashdan ogohlantirgan. «Men Isroil hukumatini g‘azabdan ko‘r bo‘lmaslik haqida ogohlantirdim. Amerikada esa kimligimizni unutmaylik. Biz musulmonlarga, yahudiylarga yoki boshqa birovga nisbatan nafratning har qanday shaklini, ko‘rinishini rad etamiz», – dedi Bayden.
U shuningdek HAMAS falastinliklarning manfaatlarini ifoda etmasligi, balki tinch aholidan jonli qalqon sifatida foydalanishi va ular tufayli begunoh falastinliklar azob chekayotganini qayd etgan.
AQSH prezidenti, shuningdek, Isroil va Falastin o‘rtasida ikki davlat sifatida birga yashash g‘oyasidan voz kechib bo‘lmasligini aytdi. «Isroil va falastinliklar teng darajada xavfsizlik, qadr-qimmat va tinchlikda yashashga loyiqdir», – dedi Jo Bayden.
U Falastin-Isroil mojarosi fonida antisemitizm va islomofobiya avj olganini qoraladi. «Bugungi kunda yahudiy oilalar maktabda yoki ko‘chada o‘z e’tiqodlarining timsollarini kiygani uchun hujumga uchrashi mumkinligidan xavotirda», – dedi Bayden. U, shuningdek, Qo‘shma Shtatlarda olti yoshli falastinlik bola o‘ldirilgani, bunga nafrat sabab bo‘lganini eslagan.
Prezident shuningdek, agar «Putinning Ukraina ustidan nazoratni qo‘lga olish istagi to‘xtatilmasa, u faqat Ukraina bilan kifoyalanmasligi»ni aytgan.
«Bilasizmi, tarix bizga shuni o‘rgatdiki, terrorchilar o‘z terrori uchun, diktatorlar esa o‘z tajovuzi uchun [badal] to‘lamasa, ular [yanada] ko‘proq tartibsizlik, o‘lim va vayronagarchilikka sabab bo‘ladi. Ular [bu ishda] davom etmoqda, Amerika va dunyo uchun tahdidlar ortib bormoqda», – dedi prezident.
Bayden AQSHning harakatlarini nafaqat ittifoqchilar, balki dushmanlar ham kuzatib borayotganini aytgan. Shuning uchun, prezidentning fikricha, agar Amerika Ukrainaga yordam berishni to‘xtatsa va Putin uni mustaqillikdan mahrum qilish imkoniga ega bo‘lsa, «dunyodagi boshqa potensial tajovuzkorlar ham xuddi shunday qilishga urinish uchun jasorat topadi».
Shu sababli Bayden Ukraina, Isroil va AQSHning boshqa ittifoqchilariga yordam berish uchun kongressga shoshilinch so‘rov yuborishni rejalashtirayotganini aytdi. «Bu oqilona sarmoya bo‘lib, avlodlar uchun xavfsizlik dividendlari sifatida qaytariladi», – dedi Bayden.
Oq uy rahbari moliyaviy paket Isroilga «misli ko‘rilmagan yordam»ni o‘z ichiga olishini ta’kidlagan. «Biz mintaqadagi boshqa har qanday dushman kuchlar Isroil har qachongidan ham kuchliroq ekanini bilishiga va bu mojaroning kengayishiga yo‘l qo‘ymasligiga ishonch hosil qilishimiz kerak», – dedi u.
Bundan tashqari, prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ushbu paket Ukraina Rossiya agressiyasiga qarshi turishda davom etishini ta’minlashi kerak. Bayden kongressni Ukrainaga uzluksiz qurol yetkazib berishni davom ettirish uchun barcha ishni qilishga chaqirgan. U Qo‘shma Shtatlar Kiyevga omborlardan qurol-yarog‘ yuborayotgani va kongress ajratgan pul yana qurol sotib olish uchun zarurligi, bu butun mamlakat bo‘ylab Amerika qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi kompaniyalarini ish bilan ta’minlashini ta’kidlagan.
Prezident ittifoqchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun kongressdan aynan qancha mablag‘ so‘rashni rejalashtirayotganini ochiqlamagan, ammo avvalroq Amerika nashrlari, jumladan NYT gap 100 milliard dollar haqida ketayotganini yozgandi. Shundan 60 milliard dollar Ukrainaga, 10–14 milliard dollar — Isroilga ajratilishi, qolgan qismi esa Tayvanga yordam berish va AQSHning Meksika bilan chegarasida xavfsizlikni ta’minlash uchun yo‘naltirilishi mumkin.
So‘zining oxirida Bayden Amerikaning yetakchiligi — «dunyoni birgalikda ushlab turishi», AQSHning boshqa mamlakatlar bilan ittifoqchiligi — «Qo‘shma Shtatlarning o‘z xavfsizligini ta’minlashi», Amerika qadriyatlari — AQSHni boshqa davlatlar hamkorlik qilishni xohlaydigan hamkorga aylantiradigan narsa ekanini ta’kidlagan.
«Agar biz Ukrainadan ketsak, agar biz Isroildan yuz o‘girsak, buning barchasi xavf ostida qoladi», – deya qayd etgan prezident.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring