07:33 / 21.10.2023
352

Livan bilan chegara Isroil uchun yangi frontga aylanadimi?

Livan bilan chegara Isroil uchun yangi frontga aylanadimi?

Foto: WAEL HAMZEH/EPA-EFE/REX/SHUTTERSTOCK

«Hizbulloh» harakati faollashgani tufayli Isroil hukumati mamlakat shimolida, Livan bilan chegara yaqinida joylashgan Kiryat-Shmon shahri evakuatsiya qilinishini e’lon qildi.

Harbiylarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chiriladigan shahar aholisi davlat hisobidan mehmonxonalarga joylashtiriladi.

Kiryat-Shmonda 20 mingga yaqin kishi yashaydi, ammo Livan hududidan yo‘llanayotgan muntazam raketa zarbalari tufayli ularning bir qismi allaqachon shaharni tark etgan.

O‘tgan tunda Isroil aviatsiyasi chegara ortida mamlakat hududiga tankka qarshi raketalar uchirishga tayyorlanayotgan jangarilar pozitsiyasi bo‘ylab zarba berilganini ma’lum qilgandi. Natijada, isroillik harbiylarga ko‘ra, jangarilarning uch nafari o‘ldirilgan. Livan tomoni bu zarba oqibatida bir jurnalist halok bo‘lganini bildirgan.

Isroil hukumati Kiryat-Shmon shahrini evakuatsiya qilishga ko‘rsatma bergan. Foto: EPA

Isroil va Livan chegarasidagi keskinlashuv bir necha kundan buyon kuchayib bormoqda. Yaxshi qurollangan guruh va Isroil armiyasi zarbalar almashmoqda va bu to‘qnashuvlar qarama-qarshilik keng miqyosli mojaroga aylanib ketishi mumkinligi borasidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Chegaraning Livan tomonida to‘rt kilometr naridagi Bint-Jubayl shahrida ham ko‘chalar bo‘shab qolgan, do‘konlarning aksari yopilgan.

Shahar aholisining ko‘pchiligi Isroil va ushbu hududni nazorat qiluvchi shialarning «Hizbulloh» guruhi o‘rtasida ziddiyat kuchaysa, janglar boshlanib ketishi mumkinligidan qo‘rqib bu yerni tark etgan.

Shu bilan birga, BBC muxbiri bu yerda ko‘cha o‘rtasida plastik stolcha atrofida o‘tirib, bamaylixotir pitssa tanovul qilayotgan kishilarni ham uchratgan.

«Shaharda nazorat izdan chiqmasa, men hech qayerga ketmayman, bunday bo‘lishiga esa ishonmayman, — degan Muhammad Baydun, lekin bu vaqtda u muxbirlar paydo bo‘lishi bilan chor tarafdan yetib kelgan «Hizbulloh» ayg‘oqchilari kuzatuvi ostida edi. — Men qarshilik kuchlarimizga ishonaman, chin dildan ishonamanki, [„Hizbulloh“] bizni himoya qiladi».

Chorshanba kuni «Hizbulloh» Bayrutda norozilik aksiyasi tashkillashtirdi. Foto: EPA

Bugungi kunda Livanda barcha «Hizbulloh» qanday yo‘l tutishiga qiziqmoqda. Bu guruh ham HAMAS kabi AQSh, Buyuk Britaniya va G‘arbning boshqa qator mamlakatlari tomonidan terrorchi guruh deb tan olingan. Ammo «Hizbulloh» yetakchisi Hassan Nasrullo falastinliklar va Isroil o‘rtasida urush boshlanganidan buyon biror marta ochiq bayonot bermadi.

Biroq, guruhdagi ikkinchi muhim shaxs Naim Qosim guruh «to‘liq tayyor» ekani va uni AQSh hamda boshqa mamlakatlarning mojaroga aralashmaslik haqidagi chaqiriqlari qo‘rqitmasligini aytgan. Ammo «Hizbulloh»da konspiratsiya (guruh a’zolari va ularning faoliyatini maxfiy tutish choralari) o‘ta kuchli ekani u aynan nimaga tayyorlanayotganini aniqlashni qiyinlashtiradi.

Isroildagilar 1980-yillarda tashkil topgan va bir vaqtning o‘zida ijtimoiy va siyosiy harakat hisoblangan «Hizbulloh»ga hamisha HAMASdan ko‘ra jiddiyroq qarashgan. Amalda ham, guruh katta miqdordagi qurollar, jumladan Isroil ichkarisidagi nishonlarga zarba bera oluvchi yuqori aniqlikdagi raketalar arsenalini to‘plagan va yaxshi o‘qitilgan hamda harbiy harakatlarda chiniqqan o‘n minglab jangchilarga egadir.

Ammo «Hizbulloh»ning aksiyalari shu vaqtga qadar Isroil va Livan o‘rtasidagi norasmiy chegara bo‘lib xizmat qiluvchi, BMT tomonidan o‘rnatilgan ajratish chizig‘i bo‘ylab zarbalar berish bilan cheklangan.

Hozirda guruh Isroil bilan kuniga bir necha martadan raketa va artilleriya zarbalari almashmoqda, ittifoqchi falastinliklar ham Livanning janubiy qismidan Isroil hududiga kirib kelish uchun bir necha bor urinish amalga oshirishdi.

Bu to‘qnashuvlar ham ikki tomonda, jumladan, tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlarga olib kelmoqda.

Isroil tomonda ham aholi chegara hududlarini tark etishi kuzatilmoqda. Hukumat 28 ta aholi yashash manzillari evakuatsiyasi va chegara yaqinida taqiqlangan hudud yaratilishini ma’lum qilgan.

Seshanba kuni G‘azodagi markaziy shifoxonada ro‘y bergan portlash ortidan Livandagi norozilik yanada kuchaydi.

HAMAS darhol portlash uchun butun javobgarlikni Isroil zimmasiga yukladi, TsAHAL esa, o‘z navbatida, portlashga falastinliklar uchirgan raketa nosozlik tufayli bevaqt qulashini sabab qilib keltirdi.

«Hizbulloh» esa buni Isroil tomonidan uyushtirilgan qirg‘in deb atadi va Bayrutda ishtirokchilari Isroil hamda Amerikaga qarshi shiorlar bildirgan norozilik namoyishi uyushtirdi.

«Hizbulloh» bu aksiyani «bemisl g‘azab kuni» deb tasvirlagan bo‘lsa ham, amalda bu juda kichik namoyish edi.

«Hizbulloh»ga yaqin bo‘lgan manba anonim shaklida aytishicha, guruhning harakatlari G‘azoda nimalar bo‘lishiga bog‘liq bo‘ladi.

«Agar isroilliklar [bu hududga] bostirib kirsa, bu mintaqaviy falokatga olib keladi», — degan bu manba.

Isroil bilan chegara yaqinidagi Dayra qishlog‘ida ko‘plab binolar aviazarbalardan shikastlanmoqda. Foto: REUTERS

Ayrimlar esa «Hizbulloh»ning kelgusidagi harakatlari bo‘yicha qarorni uning asosiy homiysi Eron qabul qilishini aytishgan.

Isroil allaqachon Tehronni jangarilarga o‘tgan hafta oxirida Isroilga qator hujumlar uyushtirishga buyruq berishda ayblab chiqdi. Tehron esa «qarshilik fronti», ya’ni Suriya, Iroq va Yamandagi guruhlar ishtirokidagi mintaqaviy alyans «oldini oluvchi choralar» ko‘rishi mumkinligidan ogohlantirgan.

So‘nggi voqealarga qadar, mintaqadagi vaziyat bilan tanish bo‘lgan sharhlovchilar Isroil ham, «Hizbulloh» ham yangi urushdan manfaatdor emasligi, chunki 2006 yilda bir oy davom etgan va ikki tomon uchun ham natijasiz tugagan vayronkor urush xotiralari hali o‘chmagani haqida yakdil fikrda edi.

Livan ko‘p yillardan buyon og‘ir iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda, siyosiy nizolar shunga olib keldiki, mamlakat funksional hukumatsiz va prezidensiz qoldi, diniy bo‘linish esa yanada chuqurlashdi.

O‘tgan haftada Isroil aviatsiyasining javoban yo‘llagan zarbalari oqibatida Bint-Jubayldan g‘arbda joylashgan Dayra qishlog‘ida masjid va yana bir necha turar joy binolari shikastlandi.

Avval shu qishloqda yashagan, harbiy harakatlar boshlanganida Bayrutga ko‘chib o‘tgan Sabrina Fanash «Hizbulloh» a’zolarini ochiqchasiga tanqid qiladi va ularni ko‘pchiligi shia bo‘lgan qishloq aholisidan foydalanishda ayblaydi.

«Bu adolatsizlik, bizning uylar xarobaga aylandi, endi ularni kim tiklab beradi? — deya savol qo‘yadi amakivachchasining aviazarba vaqtida qisman vayron bo‘lgan uyi atrofida aylanib. — Biz barchamiz juda chuqur qayg‘udamiz, ammo barchasi Allohning qo‘lida, u bizni asraydi».


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo