Arxiv foto: Telegram
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov yana uch ming chechen jangchisini Ukrainadagi jangovar hududga jo‘natishga tayyorligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jangchilar allaqachon Rossiya Mudofaa vazirligi va Rossiya Milliy gvardiyasining yangi bo‘linmalari tarkibida xizmat qilishni boshlagan.
"Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligiga bo‘ysunuvchi ikkita yangi polk — “Axmat-Rossiya” va “Axmat-Checheniston”, shuningdek, Shayx Mansur batalonining shaxsiy tarkibini tashkil etishda qatnashganimda bunga shaxsan ishonch hosil qildim. Bu yerda Milliy gvardiya qo‘shinlarining Shimoliy Kavkaz okrugiga qarashli Baysangur Benoevskiy nomidagi yangi tezkor batalon askarlari ham shay", — deb yozdi respublika rahbari Telegram'da.
Qodirovning aytishicha, yangi bo‘linmalar jangchilarining aksariyati harbiy amaliyotlarda qatnashish tajribasiga ega. Uning so‘zlariga ko‘ra, askarlarni Rossiya maxsus kuchlari universiteti instruktorlari tayyorlagan.
“Ular allaqachon jangovar hududga borishga tayyor”, — deya qo‘shimcha qildi Checheniston rahbari.
Ramzan Qodirov Baysangur Benoevskiy nomidagi batalon tashkil etilishi haqida oktyabr oxirida ma’lum qilgandi. Bo‘lim Rossiya gvardiyasi tarkibiga kiritildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, batalon 300 nafar jangchidan iborat.
Shuningdek, oktyabr oyi oxirida Checheniston rahbari Shayx Mansur nomidagi batalon tashkil etilishini e’lon qildi. Davlat Dumasi deputati Adam Delimxanovning aytishicha, tuzilmaga siyosatchi Boris Nemsovning o‘ldirilishiga aloqador bo‘lgan “Sever” bataloni komandirining sobiq o‘rinbosari Ruslan Geremeyev boshchilik qiladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring