Foto: Debbie Hill / Reuters
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSH prezidenti Jo Baydenning chaqirig‘idan so‘ng Livandagi “Hizbulloh” jangchilariga qarshi ogohlantiruvchi zarba berishdan voz kechgani haqidagi The Wall Street Journal (WSJ) xabarini “yolg‘on” deb atadi.
«Qo‘shma Shtatlar mintaqadagi operatsiyalarimizga to‘sqinlik qilgani va to‘sqinlik qilayotgani to‘g‘risidagi yolg‘on maʼlumotlarni ko‘rdim. Bu haqiqat emas. Isroil - suveren davlat», - dedi Netanyahu 24 dekabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan vazirlar mahkamasi yig‘ilishida. Isroil bosh vaziri mamlakat armiyasining harakatlari «operativ mulohazalar»ga asoslanganini taʼkidladi.
WSJ 23 dekabr kuni xabar berishicha, HAMAS Isroilga hujum qilganidan bir necha kun o‘tib, Isroil armiyasi Livandagi “Hizbulloh” kuchlariga zarba berishga tayyor bo‘lgan. 11 oktyabr kuni Isroil harbiy samolyotlari havoda Netanyahu buyrug‘ini kutgan, biroq Bayden Isroil bosh vazirini bunday xatti-harakatlarning ehtimoliy oqibatlari tufayli fikrini o‘zgartirishga ko‘ndirgan, deb taʼkidladi WSJ manbalarga tayanib.
Netanyahu: «Urush uzoq davom etadi»
Binyamin Netanyaxu, shuningdek, so‘nggi bir necha kun ichida 15 isroillik askarning o‘limiga izoh berib, yakshanba tongini “qiyin” deb atadi. «Biz oilalarga hamdardmiz», dedi Isroil bosh vaziri. U shunday qo‘shimcha qildi: «To‘g‘risini aytaylik: bu uzoq urush davom etadi». G‘azo sektorida HAMASga qarshi quruqlikdagi operatsiya boshlanganidan beri jami 150 dan ortiq isroillik askar halok bo‘ldi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini eʼlon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini eʼlon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 20 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring