13:03 / 11.01.2024
238

Rossiyaning Xarkovga hujumida mehmonxona vayron bo‘ldi, turkiyalik jurnalistlar yaralandi

Rossiyaning Xarkovga hujumida mehmonxona vayron bo‘ldi, turkiyalik jurnalistlar yaralandi

Foto: Telegram

Rossiyaning Xarkovga tungi raketa hujumi oqibatida kamida 11 kishi jarohatlandi, deb xabar berdi Xarkov viloyati ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov.

Unga ko‘ra, rossiyalik harbiylar 10 yanvar kuni taxminan 22:30 da shaharning Kiyev tumaniga S-300 majmuasidan raketa hujumini uyushtirgan. Oqibatda hujum vaqtida 30 dan ortiq odam bo‘lgan mehmonxona binosiga zarar yetgan. Sinegubovning ta’kidlashicha, gap tinch aholi haqida ketmoqda.

Boshqarma rahbarining aniqlik kiritishicha, hujumda 31 yoshdan 38 yoshgacha bo‘lgan to‘rt erkak, shuningdek, 23 — 71 yosh oralig‘idagi yetti nafar ayol jarohatlangan. Jabrlangan 11 kishidan ikki nafariga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan, qolganlari tibbiy muassasalarga yetkazilgan. Jabrlanganlardan birining ahvoli og‘ir.

Xarkov meri Igor Terexovning yozishicha, rus harbiylari shahar markazidagi mehmonxonaga ikkita raketa bilan zarba bergan. Unga ko‘ra, jarohatlanganlar orasida turkiyalik jurnalistlar ham bor. Milliy politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida Anadolu agentligi muxbiri yaralangan. Agentlik bu ma’lumotni tasdiqlab, hujum vaqtida mehmonxonada Anadolu'ning ikki xodimi bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Shahar hokimi, shuningdek, hujumda turar joy binolari, avtosalon va ishlab chiqarish zavodiga zarar yetganini aytdi. Sinegubovning qo‘shimcha qilishicha, to‘qnashuvda bir nechta avtomobil yonib ketgan.

Foto: Telegram

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri Xarkovni muntazam ravishda o‘qqa tutmoqda.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo