19:36 / 14.01.2024
1 113

“Bir qozonda qaynamagan ikki bosh” yoxud Stalin bilan kelishmay qolgan marshal Jukov taqdiri

“Bir qozonda qaynamagan ikki bosh” yoxud Stalin bilan kelishmay qolgan marshal Jukov taqdiri

Marshal Georgiy Jukov Berlinni “olgan”, Germaniya kapitulyatsiyasini qabul qilgan va 1945-yili Qizil maydondagi paradga boshchilik qilgani bilan barchaga ma’lum. “G‘alaba marshali” nomiga qaramay, urushdan keyin u qiyin ahvolda qoladi: Stalin va partiya yetakchilari Jukovning xalq orasidagi mashhurligini hazm qila olmaydi va unga qarshi “o‘lja ishi”ni boshlaydi. Marshal Germaniyadan shaxsiy foydalanishi uchun mebel, kartinalar, gilamlar va boshqa interyer buyumlarini olib kelganlikda, ularni shahar chetidagi hovlisida saqlaganlikda ayblanadi. Quyida Sovet harbiy qo‘mondonlari orasida eng mashhurlaridan biri bo‘lgan Jukov haqida hikoya qilamiz.

Foto: “TASS” / SSSR marshali Georgiy Jukov

Uyga kirar ekansan Germaniyada emas, Moskvada ekaningni tasavvur qilish mushkul edi”, — deyiladi “o‘ta maxfiy” tamg‘asi bosilgan hujjatda. 1948-yil yanvarda sovet yetakchisi Iosif Stalinning shaxsiy ko‘rsatmasiga binoan Davlat xavfsizligi qo‘mitasi xodimlari Jukovning uyi va dachasida tintuv o‘tkazadi. Tintuv natijalari to‘g‘risida rahbariyatga zudlik bilan hisobot beriladi.

Ulardan Moskvadagi kvartiradan “oltin, brilliant va boshqa qimmatbaho buyumlar solingan chamadon va qutini” qidirib topish talab etilgan. Chamadon topilmaydi, quti esa yotoqxonada seyfda saqlanardi. Uning ichida 24 ta soat bo‘lib, ularning 17 tasi oltindan ishlangan, yana 3 tasi qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan edi. Shuningdek, u yerdan oltin uzuk va tumor, oltin portsigar, zanjir va bilakuzuklar, ziraklar topiladi.

Jukovning kvartirasidan uning obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan barcha narsa olib ketilgandek edi go‘yo”, — deyiladi hujjatda. Shundan keyin tintuv marshalning “Rublyovka”dagi uyida ham o‘tkaziladi. Stalinga yetkazilgan hisobotda aytilishicha, dachaning ikkita xonasi “omborga aylantirilgan bo‘lib, u yerda turli qimmatbaho buyumlar saqlanadi”.

Mavjud buyumlar ro‘yxati bir necha sahifadan o‘rin oladi. Marshalning shahar chetidagi qarorgohidan 4 ming metrdan ortiq jun, shoyi va baxmal gazlamalar topilgan edi. Shuningdek, 323 ta suvsar, tulki, qorako‘l mo‘ynalari, 44 ta qimmatbaho gilam borligi aniqlanadi — ular Potsdam va Germaniyaning boshqa shaharlaridan olib chiqilgan.

Bundan tashqari, tintuv guruhi 55 ta kartinani ham topadi — ularning katta qismi dacha bo‘ylab ilib tashlangan, ayrimlari esa omborga joylangan edi. Qimmatbaho chinni idishlar solingan yettita katta quti, kumush qoshiqlar bor ikkita quti, “Goland-Goland” firmasiga tegishli 20 dona ov quroli ham o‘sha yerda saqlanganardi. “Bularning barchasi 51 ta quti va chamadonda saqlanar, shuningdek, uyilib yotardi”, — deyiladi sovet yetakchisiga yetkazilgan hisobotda.

Foto: “TASS” / Iosif Stalin va marshal Jukov

Jukovning dachasi xuddi noyob buyumlar sotiladigan do‘kon yoki muzey ko‘rinishida, uning ichida qimmat turuvchi kartinalar ilib tashlangan, xususan, oshxonaning o‘ziga to‘rtta kartina ilingan. Vaziyat shundayki, Junkovning yotoqxonasidagi krovati ustiga ikki nafar yalang‘och ayol tasviri tushirilgan ulkan kartina ilingan”, — deya yetkazilgan ma’lumotda.

Shu bilan birga, tintuv xodimlari xonalardagi chinni va bronza haykalchalarga, shuningdek, “xorijdan olib kelingan turli buyumlar”ga e’tibor qaratgan. Ular marshalning qarorgohida SSSRda ishlab chiqarilgan biror buyum yo‘q degan xulosaga keladi (uyga kirishdagi poyandozdan tashqari) — hamma joyga nemis mebeli, idish-tovoqlari, bezaklari qo‘yib tashlangan.

“Mashina boshqarmas, lekin tez harakatlanishni yaxshi ko‘rardi”

Ma’lumotlarga ko‘ra, Jukov Germaniyadan nafaqat interyer buyumlari va mebellar, balki mashinalar ham olib kelgan. Ular orasida zirhlangan Mercedes-Benz 770, Horch 853 sport mashinasi va tong‘ich qiziga sovg‘a qilgan Horch 951 bir ham bo‘lgan. Marshalning Moskvada shaxsiy mashinalari ham bor bo‘lib, ulardan orasidan Iosif Stalin sovg‘a qilgan Packard 180 o‘rin olgan.

Foto: Science Source / 1941-yilda ishlab chiqarilgan Packard avtomobili

Jukovning shaxsiy haydovchisi bor edi — Davlat xavfsizlik qo‘mitasi Xalq komissariatining birinchi toifali razvedkachi-haydovchisi Aleksandr Buchin. Marshal ko‘plab harbiy qo‘mondonlar va yuqori martabali amaldorlar kabi mashina boshqarmas, ammo tez harakatlanishni yaxshi ko‘rardi. Front yo‘llari bo‘ylab uni “GAZ-61” tashigan. 1941-yilda marshal yana bitta mashina — yo‘ltanlamas Horch ni qo‘lga kiritadi — u Germaniyaning SSSRdagi sobiq elchixonasi garajidan topilgan.

Shundan so‘ng, Jukov Amerikada ishlab chiqarilgan Willys dan foydalanishga o‘tadi, 1944-yilda esa o‘lja sifatida kiritilgan premium sinfiga oid mashinada yura boshlaydi. Avtomobillar sovet qo‘shinlari tomonidan egallangan Sofiyadagi nemis harbiy attashesining garajida qoladi. Marshalning haydovchisiga ko‘ra, ular zirhlangan 5 tonnali Mercedes ni tanlashga qaror qilgan — mashina soatiga 200 kilometrgacha harakatlana olgan. Jukov ushbu mashinada sovet qo‘shinlari tomonidan egallangan Berlinga kirib keladi. Gitler Germaniyasining kapitulyatsiyasi to‘g‘risidagi aktni imzolashga bag‘ishlangan tantanali marosimga esa Packard avtomobilida tashrif buyuradi.

“Bu keraksiz lash-lushlarni topshirib yubormaganim uchun aybimni tan olaman”

Foto: Getty Images / AQSH prezidenti Duayt Eyzenxauer va Georgiy Jukov

Jukovning boshi uzra paydo bo‘lgan qora bulutlar 1946-yil yoziga kelib quyuqlashadi. U o‘ljalarni noqonuniy ravishda o‘zlashtirib olganlikda va “Gitlerning mag‘lub etishda o‘z xizmatlarini oshirib ko‘rsatganlik”da aylanadi, marshalga qarshi “o‘lja ishi” ochiladi.

Bu lash-lushlar hech kimga kerak emas deya o‘ylab, ularni biror omborga topshirib yubormaganim uchun aybimni tan olaman”, — deyiladi Georgiy Jukovning Markazqo‘m kotibi Andrey Jdanov nomiga yozgan tushuntirish xatida.

Natijada u quruqlikdagi qo‘shinlar bosh qo‘mondoni lavozimidan olinadi va Odessa okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimiga tayinlanadi. Ikki yil o‘tgach u Ural harbiy okrugi qo‘mondonligi lavozimiga o‘tkaziladi.

Jukov Sverdlovskda 1948-yildan 1953-yilgacha yashaydi. To‘rt karra Sovet Ittifoqi Qahramoni kelayotganidan xabar topgan xalq uni katta xursandchilik bilan qarshi oladi. Marshal oilasi bilan Novo-Tixvinskiydagi koshonaga joylashadi. U tez-tez ovga chiqib turar, Baltim ko‘lidagi dachada hordiq chiqarar edi.

Foto: Wikimedia Commons / Jukov oilasi davrasida

Jukov yozuvchi Pavel Bajov ismli yozuvchi bilan yaqindan do‘stlashadi. 1950-yil dekabrda Bajov Moskvadagi shifoxonalarning birida o‘pka saratonidan vafot etganida marshal uning tobutini ko‘targanlardan biri edi.

1950-yilda Jukov okrug harbiy gospitalida harbiy shifokor Galina Semyonova bilan bilan tanishadi. Bu vaqtda marshal 54 yoshda, qiz esa undan 30 yosh kichik edi. Oxir-oqibat u marshalning uchinchi rafiqasiga aylanadi va Mariya ismli qiz tug‘ib beradi. Stalinning o‘limidan keyin Jukovga Moskvaga qaytish uchun ruxsat beriladi. U SSSR mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallaydi, ikki yildan keyin esa Sovet Ittifoqi mudofaa vaziri bo‘ladi.

“Avantyuraga moyilligi bor”

Poytaxtda Jukovlar oilasi graf Sheremetevning sobiq olti xonali kvartirasiga joylashadi. Qo‘shnilari orasida partiya yetakchilari, vazirlar va g‘alaba qahramonlari ham bor edi: Konyev, Rokossovskiylar, Budyoniylar, Malinkovskiylar va hokazo. Ular boshqa sovet odamlarida o‘zining badavlat ekani bilan ajralib turardi.

Mazkur oilalarda dunyoga kelgan bolalar o‘z tengqurlari kommunal kvartiralarda yashayotgani, mamlakatda oziq-ovqat kartochka bilan tarqatilayotgani, hammaning ham dachasi bor emasligi, kimda bo‘lsa ham u yerga mashinada borishga barchaning ham qurbi yetmasligi haqida tasavvurga ham ega emasdilar.

Jukovlarning kvartirasi deyarli bo‘m-bo‘sh edi. Hukumat bu yerda yashaydigan fuqarolarga mebel va boshqa maishiy buyumlarni olishga ruxsat berardi, bundan foydalanish evaziga ular har oy pul to‘lab turishi talab etilar edi. Marshal hamda uning qarindoshlari esa o‘z mebeliga ega bo‘lishni istardi.

Foto: Wikipedia

Ushbu ko‘chada SSSR Sog‘liqni saqlash vazirligining to‘rtinchi bosh boshqarmasi huzuridagi sog‘lomlashtiruvchi oshxonasi ham joylashgan bo‘lib, keyinchalik u “Kreml oshxonasi” nomini olgandi. U yerga biriktirilgan har bir insonga tushlik va kechki ovqat uchun talon berilar, hatto ovqatni uyga buyurtma qilish ham mumkin edi. Kvartirani tozalash va uyni yig‘ishtirishga ham oqsoch ayollar ko‘maklashgan. Marshal ishga piyoda qaytar, tushlikni esa ko‘pincha uyida qilardi.

Jukov mudofaa vaziri lavozimida ikki yil o‘tiradi. Xrushchyov davrida marshal yana hukumatdan chetlatiladi. Xalq orasidagi mashhurlik uning zarariga ishlardi: partiyaning yuqori qatlami unga qarshi bo‘lib qolgan edi. U nafaqat mudofaa vaziri lavozimidan olinadi, balki Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi va Markaziy Qo‘mita Prezidiumi tarkibidan ham chiqariladi.

“Pravda” gazetasida marshal Konevning maqolasi chop etiladi, unda Jukov partiya ishonchini oqlamagani, “SSSR tashqi siyosati va Mudofaa vazirligi rahbariyatining muhim masalalarida avantyurizmga moyilligi borligi” qayd etilgandi.

1960-yillar o‘rtalariga kelib Brejnev davrida Jukov yana biroz muddat e’tiborga tushadi. Leonid Brejnev Ikkinchi jahon urushi mavzusiga urg‘u beradi va G‘alaba paradlarini ko‘paytiradi — buning uchun esa Jukov kerak edi. 1969-yilda unga “Xotira va o‘ylar” kitobini chop etishga ruxsat beriladi.

Hokimiyatdan chetlatilish marshalning sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan edi. 1973-yil noyabrda 53 yoshli rafiqasi Galinaning vafoti uning qaddini bukib qo‘yadi. Jukov infarkt bo‘ladi. 1974-yilning mayida u komaga tushib qoladi va 18-iyunda Markaziy klinik shifoxonada vafot etadi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Bir qozonda qaynamagan ikki bosh” yoxud Stalin bilan kelishmay qolgan marshal Jukov taqdiri