Foto: Getty Images
Xalqaro sud Isroil G‘azo sektorida genotsidning oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi kerak, degan qarorga keldi. Sud raisi Joan Donohyu tegishli qarorni o‘qib eshittirdi.
Xalqaro sud Janubiy Afrika Respublikasining G‘azo sektoridagi urush munosabati bilan Isroilga qarshi vaqtinchalik choralar ko‘rish haqidagi iltimosini qondirdi va G‘azo sektoridagi falastinliklarning genotsid harakatlaridan himoyalanish huquqini tan oldi.
“Isroil G‘azo sektori aholisiga nisbatan Genotsid konvensiyasining ikkinchi moddasiga muvofiq xatti-harakatlarning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishi kerak, xususan — a) guruh a’zolarini o‘ldirish, b) bunday guruh a’zolariga jiddiy tan jarohati yetkazish yoki ruhiy zaiflashtirish, c) har qanday guruh uchun to‘liq yoki qisman jismoniy yo‘q qilinishiga olib keladigan yashash sharoitini qasddan yaratish”, — deydi sud raisi Joan Donohyu.
U tegishli chora-tadbirlar qatorida shunday guruh orasida farzand ko‘rishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni sanab o‘tdi. Sud Isroilni G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami oqimini ta’minlash uchun shoshilinch choralar ko‘rishni buyurdi.
Gaagada Isroilga qarshi sud jarayoni
11—12-yanvar kunlari Gaagadagi Xalqaro sudda Janubiy Afrikaning Respublikasining G‘azo sektorida genotsid konvensiyasini buzganlikda ayblanayotgan Isroilga qarshi da’vosi yuzasidan tinglovlar bo‘lib o‘tdi. Unda JAR sud Isroilga nisbatan quyidagi 9 ta taqiqni qo‘llashini talab qilgan:
- G‘azo sektorida zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatish.
- G‘azoda biror-bir guruhning harbiy amaliyot o‘tkazishini yoqlaydigan qadam qo‘ymaslik.
- Falastinliklarga qarshi genotsidning oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish.
- Genotsid konvensiyasining 2-moddasi doirasiga kiruvchi har qanday harakatlardan tiyilish.
- Ko‘chirilgan odamlarning uylariga qaytishini va insonparvarlik yordami, jumladan, oziq-ovqat, suv, yonilg‘i, tibbiy va gigiyena vositalari, boshpana va kiyim-kechaklardan foydalanishini ta’minlash.
- Genotsidga aloqadorlarni jazolash uchun zarur choralarni ko‘rish.
- Genotsid dalillarini saqlash va bu maqsadda xalqaro va boshqa rasmiylarning G‘azoga kirishiga to‘sqinlik qilmaslik.
- Ushbu chora-tadbirlarning bajarilishi to‘g‘risida sudga muntazam ravishda hisobot taqdim etish.
- Xalqaro sud Isroilga ishni murakkablashtiradigan yoki uzaytiradigan harakatlardan tiyilishni buyurishi kerak.
O‘z navbatida, Isroil sud nima uchun JARning Isroil tomoniga qarshi choralar ko‘rish, jumladan, G‘azo sektoridagi harbiy operatsiyani tugatish to‘g‘risidagi iltimosini rad etishi kerakligi haqida dalillar keltirishga harakat qilgan.
Shunday qilib, Isroil mudofaasi G‘azodagi harbiy operatsiya yordamida mamlakat “Falastin xalqini yo‘q qilish emas, balki o‘z xalqini himoya qilish” uchun harakat qilishini aytgan. Bundan tashqari, Isroil G‘azoga insonparvarlik yordami, jumladan, oziq-ovqat yuk mashinalari kelishini ta’minlaganini va hududga oqib o‘tayotgan suv miqdori bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘qligini aytgan.
Reuters’ning xabar berishicha, Xalqaro sud Isroilga favqulodda choralar ko‘radi. Bu choralar nimani anglatishi birozdan keyin aniq bo‘ladi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring