18:12 / 24.03.2024
656

Xorijda o‘ldirilgan Trotskiy — Stalin asosiy raqobatchisini qanday yo‘q qilgan edi?

Xorijda o‘ldirilgan Trotskiy — Stalin asosiy raqobatchisini qanday yo‘q qilgan edi?
SSSRni 32 yil boshqargan Iosif Stalin tom ma’noda yovuz odam edi. Aynan u boshqargan yillarda SSSRda 20 milliondan oshiq odam qatag‘on qilingan, ko‘plab sovet fuqarolari o‘ldirilgan.

Stalin SSSRga rahbar bo‘lganidan so‘ng ilk qatag‘onlarni siyosiy raqiblaridan o‘ch olishdan boshlagan edi. O‘shanda hech kimga shafqat qilinmaydi.

Stalin shaxsiyatini o‘rganar ekansiz, u raqiblaridan ayovsiz tarzda o‘ch olganini ko‘rish mumkin. U hatto xorijga chiqib ketgan shaxslarni ham o‘ldirtirgan. Ulardan biri Rossiyadagi Oktyabr to‘ntarishi tashkilotchilaridan biri bo‘lgan Lev Trotskiy edi.

Mensheviklardan bo‘lgan Trotskiy Stalin hokimiyat tepasiga kelgandan so‘ng bir necha yil u bilan murosa qilib ishlashga urinadi. Biroq 1920-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab, xususiy mulk mahv etilib, mamlakatda jamoa xo‘jaliklari (kolxozlar) tuzila boshlangach, Trotskiy bu ishga qarshi chiqadi. Shunda uni xorijga quvib yuborishadi.

Stalin, Lenin va Trotskiy
​​​​​​​Foto: alamy.com

Trotskiy xorijda tinimsiz ravishda sovetlarga qarshi targ‘ibot olib boradi. Oxir-oqibat 1940 yilda 60 yoshli Trotskiy NKVD xodimi tomonidan Meksikada o‘ldirib ketiladi.

Trotskiy

Haqiqiy ism-sharifi Lev Davidovich Bronshteyn bo‘lgan Trotskiy inqilobiy harakatga (aslida davlat to‘ntarish uchun boshlangan harakat) 1896 yilda qo‘shilgandi. O‘shanda u Rossiya janubida yashirin to‘garakka a’zo bo‘ladi va ishchilar orasida imperator tuzumiga qarshi targ‘ibot olib boradi.

1898 yilda Trotskiy ilk marta hibsga olinadi va sudgacha qariyb ikki yil Odessadagi qamoqxonada o‘tiradi. 1899 yilda sud uni Sibirga surgun qilish haqida hukm chiqaradi. Trotskiy Irkutsk guberniyasiga jo‘natib yuboriladi.

1902 yilda u Sibirdan qochadi. Irkutskda hammaslaklari unga Trotskiy nomiga olingan yangi pasport berishadi. Shu tariqa Bronshteyn yangi familiyaga ega bo‘ladi va Kiyev orqali Avstriyaga (u paytlarda Avstriya-Vengriya imperiyasi Rossiya bilan chegaradosh edi) o‘tib ketadi. So‘ng u yerdan Shveysariyaga boradi.

Sal keyinroq Trotskiy Londonga keladi va shu yerda uning Lenin bilan ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng Trotskiy Lenin tashkil etgan «Iskra» gazetasida o‘z maqolalari bilan qatnasha boshlaydi. Bu paytgacha u Rossiya sotsial-demokratik partiyasiga a’zo bo‘lgandi.

Trotskiy yoshligida
Foto: alamy.com

Partiyadagi bo‘linish

1904 yilda Rossiya sotsial-demokratik partiyasi a’zolari orasida turli qarashlar bo‘yicha kelishmovchilik kelib chiqadi. Partiya ikkiga bo‘linadi. Shundan so‘ng Lenin boshchiligidagi ko‘pchilik «bolsheviklar» nomini oladi. Qolganlar «mensheviklar» deb ataladi. Trotskiy aksariyat masalalarda Lenin bilan kelisha olmagani uchun mensheviklar safiga o‘tib qoladi.

O‘sha paytda Lenin «Bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga» degan kitobi chop etiladi. Unda asosan mensheviklar tanqid qilingan va bolsheviklarning qarashlari yoqlangan edi.

Ko‘p o‘tmay Trotskiy o‘z qarashlari haqida «Bizning siyosiy vazifamiz» deb nomlangan risolasini chop ettiradi. U o‘z risolasida Lenin ilgari surgan g‘oyalarning aksariyatini tanqid qiladi.

1905-1907 yillarda Rossiyada sodir bo‘lgan norozilik chiqishlari paytida Trotskiy Shveysariyada edi. Ko‘p o‘tmasdan u Rossiyaga yetib keladi va namoyishlarda qatnashadi. Namoyishlar bostirilgach Finlandiyaga qochib ketadi.

Shu tariqa, Trotskiy ham Chor Rossiyasiga qarshi bo‘lgan boshqalar kabi matbuot orqali targ‘ibot olib boradi.

Trotskiy ham boshqa sovet rahnamolari kabi Chor Rossiyasiga tegishli hududlarni yangi tashkil etilgan RSFSR qo‘l ostida saqlab qolish uchun jonbozlik ko‘rsatgan.
Foto: alamy.com

1914 yilda boshlangan birinchi jahon urushi tom ma’noda Yevropadagi sotsialistlarni sinovdan o‘tkazdi. Ularning bir qismi urushga qarshi chiqishadi. Boshqalari esa qo‘llab-quvvatlashadi.

Trotskiy ham urushga qarshilardan edi. U urush boshlangandan so‘ng bir nechta maqolalar yozadi va urushni qo‘llab chiqqan yevropaliklarni keskin tanqid ostiga oladi.

1917 yil fevralda sodir etilgan davlat to‘ntarishigacha Trotskiy Ispaniya va AQSHda muhojirlikda bo‘ladi. Davlat to‘ntarishidan so‘ng Nikolay 2 taxtdan voz kechadi. Muvaqqat hukumat esa xorijda yurgan barcha muhojirlarga afv e’lon qiladi. Shundan so‘ng Trotskiy Rossiyaga qaytadi.

Trotskiy fevral to‘ntarishidan Oktyabr to‘ntarishigacha tinim bilmay ishlaydi va Chor Rossiyasi harbiylarining bolsheviklar tomoniga o‘tishi uchun harakat qiladi.

O‘sha paytda Lenin Finlandiyada yashirinib yurgani uchun va asosiy rahbarlik Trotskiy zimmasida edi. Oktyabr to‘ntarishida harbiy masalalarni asosan u hal qiladi.

Foto: alamy.com
To‘ntarishdan so‘ng ko‘p o‘tmay u yangi tashkil etilgan Rossiya sovet sotsialistik respublikalari federatsiyasi (RSFSR) tashqi ishlar vaziri etib tayinlanadi. Aftidan Lenin o‘ziga asosiy raqobatchi bo‘lgan shaxsni chetroqda ishlatishni xohlagandi.

Trotskiy bu vazifada 5 oyga yaqin ishlaydi va 2018 yil martda o‘rnini Georgiy Chicheringa bo‘shatib beradi. Uni RSFSR harbiy ishlar bo‘yicha xalq komissari (hozirgi mudofaa vaziri maqomiga teng) etib tayinlashadi.

Trotskiy mudofaa vaziri sifatida harbiy-inqilobiy kengash raisi vazifasini ham oladi. Bu vazifa uncha ahamiyatli emasdi va uning raisi sifatida Trotskiyda aytarli vakolatlar yo‘q edi.

Mudofaa vaziri sifatida Trotskiy mamlakat bo‘ylab xuruj qilayotgan turli armiyalarga qarshi janglarni tashkillashtiradi va ularning aksariyatida g‘alaba qozonadi. Shu tariqa, bolsheviklar Chor Rossiyasi ega bo‘lgan hududlarning asosiy qismini o‘z qo‘llarida saqlab qolishadi.

Faqat 1917 yildagi davlat to‘ntarishigacha Rossiya tarkibida bo‘lgan Polsha va Finlandiya qo‘ldan ketadi va mustaqil davlatlarga aylanadi.

Bolsheviklarning katta hududlarni o‘zida saqlab qolishida Trotskiyning xizmatlari juda katta bo‘lgan. O‘shanda bolsheviklar tomonidan «oq gvardiyachi» deb atalgan harbiy qismlar Trotskiyni juda yomon ko‘rgan.

Stalin, Rikov, Kamenev va Zinovev, 1924 yil.
Foto: alamy.com

1923 yilda RSFSR harbiy ishlar bo‘yicha xalq komissarligi RSFSR harbiy va dengiz ishlari bo‘yicha xalq komissarligi deb o‘zgartiriladi. Trotskiy rahbarlikni davom ettiradi.

1922 yil 3 aprel kuni Lenin betobligi uchun qatnashmagan partiya s’ezdida Stalin Butunittifoq bolsheviklar kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi (SK VKP(b)) bosh kotibi etib saylanadi.

Keyinchalik, o‘shanda Stalin vrachlarni qo‘rqitib, Leninni shifoxonada ushlab turishni buyurgan va partiya s’ezdida RSFSRga o‘zi rahbar bo‘lib olgan degan gap-so‘zlar ham tarqalgandi.

Lenin betob bo‘lgan paytda VKP (b) ichida hokimiyat uchun zimdan kurash boshlanadi. Shunda Stalin Trotskiyning maslakdoshlari bo‘lgan Kamenev va Zinovevni o‘z tomoniga og‘dirishga muvaffaq bo‘ladi. Yakkalanib qolgan Trotskiy hokimiyat uchun kurashda Stalinga yutqazadi.

VKP(b) markaziy qo‘mitasi bosh kotibligi lavozimini (Amalda bu lavozim sohibi davlat rahbarini anglatardi) ham Stalin-Kamenev-Zinovev uchligi o‘ylab topgandi.

Stalin hokimiyat tepasiga kelgandan so‘ng Leninning vafotigacha o‘zini tiyib turadi. «Dohiy»ning o‘limidan so‘ng hokimiyat uchun o‘ziga raqobat qilishi mumkin bo‘lgan shaxslarni birin-ketin markaziy hokimiyatdan chetlata boshlaydi. Atrofiga faqat o‘ziga sadoqatli odamlarni yig‘adi.

Trotskiy ham Leninning o‘limidan so‘ng armiya ustidan nazoratni yo‘qota boshlaydi. 1925 yilda u mudofaa vazirligidan va harbiy-inqilobiy kengash raisligidan ketkaziladi.

Foto: alamy.com
Stalin asosiy raqibini muhim lavozimdan ketkazganidan so‘ng Kamenev va Zinovevni ham o‘zidan chetlashtiradi. Ularga uncha muhim bo‘lmagan vazifalar beriladi.

Shundan so‘ng ular Stalin o‘zlaridan foydalanganini tushunib yetadi va 1926 yilda Trotskiy bilan yaqinlasha boshlashadi. Stalin esa Buxarinni yoniga oladi.

Surgun

1928 yil 18 yanvar kuni Trotskiy Moskvadan Olmaota shahriga surgun qilinadi. Oradan roppa-rosa bir yil o‘tgach 1929 yil 18 yanvar kuni Trotskiy haqida hukumat qarori chiqariladi.

Ungacha 1928 yil 26 noyabr kuni Stalinning tashabbusi bilan VKP(b) markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosida «Trotskiyning aksilinqilob faoliyati» muhokama qilinadi.

Muhokamadan so‘ng Stalin tomonidan unga tahdidona maktub jo‘natiladi. Maktubda Trotskiydan darhol siyosiy faoliyatini to‘xtatishi, aks holda qonuniy choralar ko‘rilishi aytilgan edi. Trotskiy tahdidga parvo qilmaydi.

O‘sha paytda Stalin o‘z qatag‘onlarini boshlamagan, qolaversa mamlakatda Trotskiyning obro‘si yaxshi edi. Shu sababli Stalin uni «osongina o‘ldirtirib yuborish»dan qo‘rqardi.

Foto: alamy.com
1929 yil 7 yanvar kuni VKP(b) markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi Trotskiyni mamlakatdan quvib yuborish haqida qaror qabul qiladi. Unga faqat shaxsiy arxivini o‘zi bilan olishga ruxsat berishgandi.

1929 yil 12 fevral kuni Trotskiy o‘g‘li va xotini bilan Sedov familiyasiga olingan pasport bilan Odessa portidan «Ilich» paroxodiga o‘tkaziladi va xavfsizlik xodimlari hamrohligida Istanbulga kuzatib boriladi.

Turk rasmiylariga Trotskiy Turkiyaga davolanish uchun kelayotgani aytiladi. U bir oy davomida Istanbuldagi sovet konsulligi binosida yashaydi.

Trotskiy Istanbulda Lenin asarlarini saqlash va chop etib tarqatish bo‘yicha fond ochish harakatlarini boshlaydi. Biroq Turkiya hukumati uning so‘rovini rad etadi.

Trotskiy fond ochish maqsadini shunday tushuntirgandi: Stalin Lenin nazarda tutgan sotsializm g‘oyalardan og‘ib ketgan va SSSRda buni oshkora aytayotgan odamlar darhol aksilinqilobchi sifatida jazolanmoqda. Shu sababli odamlar Lenin aslida qanday davlat tuzishni xohlaganini bilishsin.

Trotskiy Turkiyada
Foto: alamy.com

Trotskiy Turkiyada yashar ekan, Yevropaning bir necha davlatlariga siyosiy boshpana so‘rab murojaat qiladi. Biroq ularning aksariyati rad etiladi.

1930 yilda u “Mening hayotim” nomli asarini chop ettiradi. Ko‘p o‘tmay bu asar Yevropaning bir qator tillariga tarjima qilinib, chop etiladi.

Bundan tashqari, Trotskiy o‘z maqolalarini Amerikaning New York Times va New York Herald Tribune, Britaniyaning Daily Express kabi nufuzli gazetalarida chop ettira boshlaydi.

1932 yilda «Pravda» gazetasida SSSR ijroiya qo‘mitasining qarori e’lon qilinadi. Mixail Kalinin imzo qo‘ygan qarorda Trotskiy va uning oila a’zolari aksilinqilobiy faoliyat yuritishgani uchun SSSR fuqaroligidan mahrum qilingani yozilgan edi.

Trotskiy 1933 yilda Fransiyaga borish uchun ruxsatnoma oladi va Turkiyadan chiqib ketadi. 1935 yilda u Norvegiyadan siyosiy boshpana oladi va shu davlatga ko‘chib o‘tadi.

1936 yilda Trotskiy «Sotilgan inqilob: SSSR nima va u qayerga qarab ketmoqda» deb nomlangan kitobini yozib tugatadi. Bu kitobda u Stalinni Napoleon Bonapartday diktator, SSSRdagi tuzumni diktatura deb ataydi.

Trotskiyning kitobi
1936 yilda Norvegiyada Trotskiy yashayotgan uyga hujum uyushtiriladi. Shundan so‘ng u Meksikadan siyosiy boshpana so‘raydi va 1937 yilda shu davlatga ko‘chib o‘tadi.

Bir paytlar Stalinning yonida bo‘lgan va keyin mensheviklar sifatida amallardan chetlatilgan Kamenev va Zinovevning taqdiri ham ayanchli kechadi.

Ular Stalin qatag‘onlarining ilk qurbonlari bo‘lishadi. 1934 yilda Zinovev va Kamenev hibsga olinadi. 1936 yilda har ikkalasi ham aksilinqilobiy faoliyatda aybdor deb topiladi va otib tashlanadi.

Suiqasd

1939 yil yozda Stalin boshchiligidagi tuzum Hitler Germaniyasi bilan o‘zaro hujum qilmaslik haqida shartnoma imzolaydi. Bu shartnoma tarixda har ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari familiyasi bilan «Molotov-Ribbentrop pakti» nomi bilan qolgan.

Shartnomaning yashirin bandlarida Germaniya va SSSR Sharqiy Yevropani qanday tarzda taqsimlashni kelishib olgandi. Trotskiy bu kelishuvni qattiq tanqid qiladi. Shundan so‘ng sovetlar Trotskiyni yo‘q qilishga qaror qilishadi.

1940 yil may oyida Meksikaning Koyoakane shahrida yashab kelayotgan Trotskiyga NKVD josusi Grigulevich tomonidan birinchi suiqasd qilinadi. Josus Trotskiy bo‘lgan xonaga bostirib keladi va tartibsiz ravishda bir nechta o‘q uzib chiqib ketadi.

Trotskiy Meksikada
Foto: offensief.socialisten.net

Trotskiy xotini va nabirasi bilan NKVD josusi birinchi o‘qni uzgancha karavot ostiga yashirinishga ulgurgandi. Ana shu narsa ularning jonini saqlab qoladi.

Oradan uch oy o‘tgach, 1940 yil 20 avgust kuni NKVDning boshqa bir josusi Ramon Merkadar Trotskiyning oldiga keladi va qo‘lyozmalarini ko‘rib berishni so‘raydi.

Merkadar Trotskiy bilan muvaffaqiyatsiz chiqqan birinchi suiqasddan so‘ng tanishgan va unga o‘zini havaskor adib sifatida ko‘rsatgan edi. Shu sababli o‘sha kuni Trotskiy hech narsadan shubhalanmaydi va uni qabul qiladi.

Trotskiy qo‘lyozmani o‘qiy boshlaganda Merkader plashining ichiga yashirib olib kelgan buyum bilan uning boshiga zarb bilan uradi va voqea joyidan qochib ketadi.

Og‘ir yarador bo‘lgan Trotskiy bir sutkadan so‘ng 1940 yil 21 avgust kuni vafot etadi. Uni Koyoakane shahriga dafn etishadi.

Foto: alamy.com
Oradan uch kun o‘tib, 24 avgust kuni «Pravda» gazetasida «Xalqaro josusning o‘limi sarlavhasi bilan ta’ziya xabar e’lon qilinadi. Shu tariqa sovetlar o‘zlariga qarshi targ‘ibot olib borayotgan shaxsdan qutulishadi.

Sovet hukumati Trotskiyning o‘limiga daxldorligini inkor qiladi. Trotskiyni o‘ldirgan Merkader ushlanadi va sud hukmi bilan 20 yilga qamaladi.

1960 yilda Merkader ozod bo‘lgach SSSRga ko‘chib keladi. Unga darhol Sovet Ittifoqi qahramoni unvoni va Lenin ordeni berishadi.

Trotskiy shaxsiyati

Trotskiy garchi Leninning ayrim qarashlariga qo‘shilmasa ham, aslida u boshchiligidagi bosqinchi to‘daning bir muhim murvati bo‘lgan.

Trotskiy ham xuddi Lenin va Stalinday bosqinchi, shovinist, sovetlar tomonidan tuzilgan yangi davlat chegaralarini Chor Rossiyasi egalik qilgan hududlarda saqlab qolish tarafdori bo‘lgan.

U ham Chor Rossiyasi tomonidan egallab olingan Kavkaz, O‘rta Osiyoni qo‘yib yubormaslik va mustamlaka sifatida ushlab qolish uchun qattiq harakat qilgan.

Foto: grid.mk
Trotskiy 1917 yil oktyabrda amalga oshirilgan davlat to‘ntarishidan boshlab SSSRdan chiqib ketguncha turli vazifalarda ishlagan va boshqalar kabi ayovsiz bo‘lgan. Dushmanlariga rahm-shafqat qilmagan.

Agar arxiv hujjatlariga qaralsa, Trotskiy ham yuqori amallarda ishlagan vaqtlarida sovetlar tomonidan amalga oshirgan juda ko‘p nohaq ishlarga bosh bo‘lganini, turli qarorlar imzolaganini ko‘rish mumkin.

Masalan, sovetlar birinchi jahon urushi paytida Ruminiya tomonidan Rossiya imperiyasiga topshirilgan oltinlarni qaytarishni rad etishadi. Oltinlarni qaytarishga ayniqsa Trotskiy juda qarshi bo‘ladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xorijda o‘ldirilgan Trotskiy — Stalin asosiy raqobatchisini qanday yo‘q qilgan edi?