13:23 / 14.04.2024
167

Isroil Eronning deyarli barcha raketa va dronlari urib tushirilganini ma’lum qildi

Isroil Eronning deyarli barcha raketa va dronlari urib tushirilganini ma’lum qildi
Foto: EPA
Eron 300 dan ortiq kamikadze dronlar, qanotli va ballistik raketalar bilan «yopirilma» zarba yo‘lladi, deya ma’lum qildi Isroil mudofaa armiyasi rasmiysi, kontr-admiral Daniel Hagari. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Eron jami 170 dron, 30 ta qanotli raketalar va 120 ta ballistik raketalar uchirgan.

Isroil mudofaa tizimi hamda uning mintaqadagi ittifoqchilari raketa va pilotsiz uchar qurilmalarning mutlaq ko‘pchilik qismini to‘xtatib qolgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘nlab havo nishonlari Isroil hududiga kirmasdan tutib qolingan.

Hagari Eron raketalari parchalari tushishi oqibatida Isroil harbiy obyektlaridan biriga zarar yetganini ma’lum qilgan. U qanday obyekt haqida gap borayotganiga aniqlik kiritmagan. Isroil nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat janubidagi Negev sahrosidagi harbiy aviabaza hujumga uchragan bo‘lishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu hududga qanotli raketalar kelib tushishi oqibatida portlashlar ro‘y bergani videolari tarqalgan.

Ynet portali isroillik yuqori martabali mulozimlardan biriga tayangan holda Erondan uchirilgan dron va raketalarning 99 foiz qismi urib tushirilgani haqida xabar tarqatgan.

Ynet suhbatdoshi Eron o‘z hududidan turib Isroilga ilk bor hujum qilishi faktiga e’tibor qaratib, bu «qat’iy javob qaytarilishini talab etishi va bu yaqin vaqtlar ichida ro‘y berishi»ni bildirgan.

Eron tomonidan pilotsiz uchar qurilmalarning bir qismi Amerika kuchlari tomonidan Isroil hududiga kirishidan oldin tutib qolingan. Sky News xabariga ko‘ra, dronlarni to‘xtatishda Buyuk Britaniya harbiy-havo kuchlari ham ishtirok etgan. Yana o‘nlab dronlar Iordaniya samolyotlari tomonidan urib tushirilgan. Hujum vaqtida butun Isroil bo‘ylab havo trevogasi e’lon qilingan.

Shu bilan birga, Islom inqilobi muhofizlari korpusi «okkupatsiya qilingan hududlar»da o‘nlab nishonlarga muvaffaqiyatli zarba berilganini ma’lum qilgan, deb xabar qiladi Eronning Tasnim agentligi.

Badaviylarning Isroil janubidagi Arad shahri yaqinida raketa parchalari tushishi oqibatida 10 yoshli qiz yaralangan, deb xabar qilgan Isroil tez yordam xizmati (MDA).

Eron 1 aprel kuni Damashqdagi konsulxonasiga aviazarba berilishiga javoban 14 aprelga o‘tar kechasi Isroil tomon o‘nlab dronlar va qanotli raketalar uchirdi. O‘shanda zarba oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining yetti nafar a’zosi halok bo‘lgandi.

Hujum boshlanganidan keyin Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu favqulodda murojaat bilan chiqib, Isroil Eron tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbaga tayyorligi va bunga javob qaytarishini ma’lum qildi. Isroilda harbiy kabinetning shoshilinch yig‘ilishi chaqirildi. AQSH prezidenti Jo Bayden hujum boshlanishidan oldinroq o‘z ta’tilini to‘xtatib, Oq uyda milliy xavfsizlik bo‘yicha jamoasi bilan Eronning Isroilga hujumini muhokama qilish uchun Vashingtonga qaytgandi.

Isroillik harbiylar dronlar mamlakat hududiga yetib kelishi uchun bir necha soat vaqt ketishini aytgandi. Ma’lum vaqtdan keyin Eronning BMTdagi vakili hujum yakunlangani to‘g‘risida ma’lum qildi, bu vaqtda Eron raketalari va dronlari hali Isroil hududiga kirmagandi. «Masalani yopilgan deb hisoblash mumkin, ammo Isroil rejimi yana bir xatoga yo‘l qo‘ysa, o‘shanda Eronning reaksiyasi yanada qat’iyroq bo‘ladi», — deyilgan xabarda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil Eronning deyarli barcha raketa va dronlari urib tushirilganini ma’lum qildi