12:26 / 15.04.2024
339

Isroil Eron hujumini qaytarishga necha pul sarfladi?

Isroil Eron hujumini qaytarishga necha pul sarfladi?
Foto: Reuters
Isroil armiyasi bosh shtabining sobiq moliyaviy maslahatchisi, zaxiradagi brigada generali Ram Amina Eronning 14 aprelga o‘tar kechasi amalga oshirgan hujumini qaytarish mamlakatga taxminan 4-5 milliard shekelga (1-1,3 milliard dollar) tushganini aytdi. Bu haqda Ynet xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bitta ballistik raketani yo‘q qilish taxminan 3,5 million dollarga baholanmoqda.

"Arrow tizimi tomonidan har bir ballistik raketani urib tushirish 3,5 million dollarga, qanotli raketalar uchun esa 1 million dollarga boradi. Dronlarni urib tushirish uchun samolyotlarga qo‘shimcha xarajatlar sarflanadi. Hammasi bo‘lib taxminan 4-5 milliard shekel (1,3 milliard dollar)", — dedi Ram Aminah.

Isroil armiyasi matbuot kotibi Daniel Hagarining aytishicha, Eron Isroilga 170 ta dron, 30 ta qanotli raketa va 120 dan ortiq ballistik raketa uchirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil havo hujumidan mudofaa tizimi nishonlarning 99 foizini tutib olgan.

Eronning Isroilga hujumi va sabab

14 aprel kuni Eron tunda 300 dan ortiq dron, qanotli raketalar va ballistik raketalar bilan Isroilga hujum qildi. Bunga Isroilning Damashqdagi Eron konsulligiga 1 aprel kuni bergan aviazarbasi sabab bo‘ldi. Hujum oqibatida 11 kishi, jumladan, 2016 yilgacha Livan va Suriyadagi “Quds” elita kuchlariga rahbarlik qilgan Eron harbiy maslahatchisi general Muhammad Rizo Zohidiy, uning o‘rinbosari general Muhammad Hodi hoji Rahimiy va yana besh eronlik zobit ham halok bo‘lgandi. Shuningdek, uch nafar Suriya va bir nafar Livan fuqarosi vafot etgan.

Holat yuzasidan AQSH razvedkasi Isroilni Eron tomonidan qasos hujumi bo‘lishidan ogohlantirdi, Bayden Isroilni doim qo‘llab-quvvatlashini bildirib, Eronni hujum qilmaslikka chaqirdi. Bunga javoban Eron agar amerikalik harbiylar Isroil tomonda ularga qarshi jang qilsa, nishonga olinishlaridan ogohlantirdi. O‘z navbatida, AQSH harbiylari hafta oxirida Eron va Yamandan Isroilga uchirilgan 80 dan ortiq dronni urib tushirdi. Ular orasida kamida olti ballistik raketa ham bo‘lgani ma’lum qilindi.

Isroil armiysining da’vo qilishicha, 14 aprel kuni mamlakatga yaqinlashayotgan raketa va dronlarning 99 foizi Arrow uzoq masofali raketaga qarshi mudofaa tizimi va qiruvchi samolyotlar tomonidan yo‘q qilingan. Eron harbiy shtab-kvartirasi hujumni “muvaffaqiyatliroq” deb atadi va javob hujumi bo‘lgan taqdirda “kattaroq kuch bilan” zarba berishga va’da berdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil Eron hujumini qaytarishga necha pul sarfladi?