17:03 / 02.07.2024
100

Isroil iyul oyida Livanda harbiy operatsiya boshlashi mumkin

Isroil iyul oyida Livanda harbiy operatsiya boshlashi mumkin
Foto: DPA
Isroil iyul oyining ikkinchi yarmida Livan janubida “Hizbulloh” harakatiga qarshi harbiy operatsiya boshlashi mumkin. Bu haqda manbalarga tayanib, Bild xabar berdi.

G‘arb diplomatlari Livan janubidagi harbiy operatsiya “iyul oyining uchinchi yoki to‘rtinchi haftasida” boshlanishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Isroil-Livan chegarasidagi vaziyat 2023 yil oktyabr oyida G‘azo sektorida Isroil harbiy amaliyotlari boshlanganidan keyin yomonlashdi.

Isroil armiyasi va “Hizbulloh” jangchilari chegaradagi hududlarda har kuni bir-birlarining pozitsiyalariga o‘q uzmoqda. Livan Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning o‘qqa tutilishi oqibatida Livan janubida 100 mingga yaqin odam uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Isroil tomoni xuddi shunday vaziyatga tushib qolgan 80 mingga yaqin aholisi haqida xabar bermoqda.

Bir qator davlatlar allaqachon o‘z fuqarolarini Livanni tark etishga yoki vaqtincha u yerga borishdan tiyilishga chaqirgan. Bular Kanada, Germaniya, Niderlandiya, Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Avstraliya, Iordaniya, Irlandiya, Shimoliy Makedoniya va Quvaytdir.

18 iyun kuni Isroil mudofaa kuchlari Livanga hujum qilish uchun jangovar rejalar tasdiqlanganini e’lon qildi. Shundan so‘ng, “Hizbulloh” guruhi rahbari Hasan Nasrulloh to‘laqonli urush bo‘lsa, Isroilda “hech qanday joy” qolmasligidan ogohlantirdi.

26 iyun kuni esa Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil Livanni “tosh davriga qaytarishi” va Livandagi “Hizbulloh” harakati bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday konfliktda jiddiy zarar keltirishi mumkinligini aytdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil iyul oyida Livanda harbiy operatsiya boshlashi mumkin