22:05 / 13.07.2024
257

Hindistonda «asr to‘yi». Osiyoning eng badavlat insoni o‘g‘lini uylantiryapti

Hindistonda «asr to‘yi». Osiyoning eng badavlat insoni o‘g‘lini uylantiryapti
Anant Ambani va Radika Merchant. Foto: Rajanish Kakade / AP
Hindistonda «asr to‘yi» o‘tkazilyapti. 12 iyul kuni Anant Ambani va uning rafiqasi Radika Merchantning Mumbaydagi to‘y marosimi boshlandi. To‘y 3 kun – jumadan yakshanbagacha davom etadi.

Kelin-kuyov haqida

29 yoshli Anant Osiyoning eng boy odami – Mukesh Ambanining kenja o‘g‘li. Anbanilar oilasi Reliance Industries Limited kompaniyasiga egalik qiladi. Uning biznesi neftni qayta ishlash, chakana savdo, telekommunikatsiya, oziq-ovqat mahsulotlarini sotish va raqamli platforma xizmatlarini taqdim etishni o‘z ichiga oladi. Ayni paytda Forbes Mukesh Ambanining boyligini 123,7 mlrd dollarga baholagan va dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida 11-o‘ringa joylashtirgan.

Mukesh Ambani. Foto: Amit Dav / REUTERS
Radika Merchant 1994 yilda ishbilarmonlar oilasida tug‘ilgan. Uning ota-onasi milliarderlar Viren va Sheyla Merchant — dunyo miqyosida tabletka hamda kapsulalar ishlab chiqaruvchi Encore Healthcare kompaniyasining asoschilaridir. Radika dastlab elita maktabida o‘qigan va keyinchalik Nyu-York universitetining siyosatshunoslik va iqtisod fakultetini tamomlagan.

Ayrim manbalarda Anant Ambani va Radika Merchantning bolalikdan tanishligi haqida aytilgan, boshqalarida esa juftlik 2017 yilda tanishgani haqida keltirib o‘tilgan.

To‘yda kimlar qatnashadi?

To‘y marosimi Anbanilarga tegishli Mumbaydagi 27 qavatli «Antiliya» deb nomlanuvchi majmuada bo‘lib o‘tadi. Uning balandligi 173 metr, maydoni esa 37 ming kvadrat metrga yaqin. Ambanilarning xususiy uylaridan biri bo‘lgan bu inshoot 2006 yildan 2010 yilgacha qurilgan. Bino qurilishi milliarderlarga 50-70 million dollarga tushgan. Ayni paytda mazkur hashamatli uy 2 mlrd dollargacha baholanmoqda.

«Antiliya»
Anant va Radikaning to‘yiga tashrif buyuradigan mehmonlar ro‘yxatidan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, mamlakatdagi muxolifat partiya – «Hindiston milliy kongressi» yetakchilaridan biri Sonia Gandi, respublika mudofaa vaziri Rajnat Singx, parlament a’zolari, va bir qator shtatlarining bosh vazirlari o‘rin olgan. Shuningdek, marosimda Bollivud yulduzlari Shohrux Xon, Salmon Xon, Amitabx Bachchan, Dipika Padukone, Ranbir Kapur va boshqalar ishtirok etishadi.

Bayramga taklif etilgan siyosatchilar ro‘yxatida AQSHning sobiq davlat kotiblari Hillari Klinton va Jon Kerri, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vazirlari Boris Jonson va Toni Bler, Kanada sobiq bosh vaziri Stiven Xarper ham bor.

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler va uning rafiqasi Cheri to‘y marosimda
Anbanilar mehmonlarni tashish uchun uchta Falcon 2000 samolyotini ijaraga olgan. Tadbirda jami 100 dan ortiq xususiy samolyotlardan foydalanish ko‘zda tutilgan.

Mumbay politsiyasi 3 kun davomida shaharda transport harakatini cheklab qo‘ygan va yuqori martabali amaldorlar kelishi sababli to‘yni «ommaviy tadbir» deya tavsiflagan.

Indian Express sharhlovchisi Leher Kalaning ta’kidlashicha, Ambanilar mamlakatda bu darajadagi hashamat va boylikni ochiqcha namoyish qila oladigan yagona oila. Hindistonda boshqa hech kim bunday kuch va ijtimoiy kapitalga ega emas.

Ambanilar oilasi. Foto: Getty Images
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, to‘yda xonandalar Adel, Lana Del Rey hamda reper Dreyk yakkaxon konsert beradi. Bundan tashqari, puerto-rikolik qo‘shiqchi Luis Fonsi va nigeriyalik reper Rema o‘zlarining xit qo‘shiqlari - Despacito va Calm Down'ni kuylaydi.

To‘yda, shuningdek, nufuzli biznes vakillari – Bill Geyts, Google bosh direktori Sundar Pichai, Saudi Aramco milliy neft kompaniyasi rahbari Amin Nosir ham ishtirok etadi. Bundan tashqari, mehmonlar ro‘yxatida aktrisa Priyanka Chopra va uning turmush o‘rtog‘i Nik Jonas, aktyorlar Jon Sena va Jan-Klod Van Dam, Devid va Viktoriya Bekxem, boks afsonasi Mayk Tayson va boshqa ko‘plab shaxslar ham bor.

To‘yga qancha pul sarflanadi?

Daily Mail gazetasining hisob-kitoblariga ko‘ra, uch kunlik to‘y Anbanilarga 320 mln dollarga tushadi. Besh oylik to‘y oldidan o‘tkazilgan tantanalarni hisobga olib, The Guardian umumiy xarajatlarni taxminan 600 mln dollarga baholadi. Bu Ambanilar oilasi boyligining 0,5 foizini tashkil etadi. Pul mablag‘lari asosan, mashhur yulduzlarni Hindistonga olib kelish uchun sarflangan. Masalan, mart oyida o‘tkazilgan marosimdagi ishtiroki uchun Riannaga 6 mln dollar to‘langan. Jastin Biberga jonli ijrodagi qo‘shiqlari uchun esa 10 mln dollar xizmat haqi beriladi.

Har bir to‘y mehmoniga kumush sharli haykalcha, qo‘lda ishlangan ro‘mol va sovg‘alar solingan bezakli quti ko‘rinishidagi qimmatbaho taklifnoma yuborilgan. Bitta taklifnomaning narxi 10 ming dollarni tashkil qiladi.

CNN'ning yozishicha, Ambanilarning to‘yi mamlakatda hind to‘ylari uchun yangi standart o‘rnatgan va to‘y xizmatlari narxining keskin qimmatlashiga sabab bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hindistonda «asr to‘yi». Osiyoning eng badavlat insoni o‘g‘lini uylantiryapti