20:29 / 14.07.2024
606

Trampni o‘ldirishga uringan Mettyu Kruks haqida nimalar ma’lum?

Trampni o‘ldirishga uringan Mettyu Kruks haqida nimalar ma’lum?
Foto: Michael M. Santiago / Getty Images
AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp otilganidan ko‘p o‘tmay Federal surishtiruv byurosi bu ishni 20 yoshli Tomas Mettyu Kruks qilganini ma’lum qildi. Pensilvaniyadagi Betel-Park shahridan bo‘lgan bu amerikalik haqida ko‘p narsa ma’lum emas. The New York Times'ning yozishicha, qotil Ar-15 yarimavtomatik miltig‘i bilan qurollangan. U 120 metrdan turib Trampni nishonga olgan. U sakkizta o‘q otishga ulgurgan, ulardan biri Trampning qulog‘ini yalab o‘tgan, boshqasi mitinga kelgan odamlardan birini o‘ldirgan, yana biri boshqa bir tomoshabinni og‘ir yaralagan.

Mitingda qatnashgan Tramp tarafdorlaridan biri yaqin atrofdagi bino tomiga qurollangan odam chiqqanini ko‘rgach, bu haqda politsiyaga xabar bergan, ammo ular hech qanday reaksiya bildirmagan. Uning aytishicha, qurollangan jinoyatchini boshqa odamlar ham ko‘rib, bu haqda xabar berishgan. Qizig‘i, Tramp so‘zga chiqqan minbar yonida ikkita mergan odamlarga va katta ehtimol bilan, qotil joylashgan tomonga qarab turgan. Mitingdagilar aynan shu merganlarni videoga olayotganda otishma boshlanib ketgan.

NYT fotografi Dag Mills Tramp tomon otilgan o‘q yo‘nalishini suratga olishga muvaffaq bo‘ldi. Federal surishtiruv byurosi iste’fodagi agenti Mafkl Harrigan bu chindan o‘q izi ekanini tasdiqlagan.

Pensilvaniya shtati sud idoralari ma’lumotiga ko‘ra, Kruks hech qachon jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortilmagan. Amerika saylovchilari bazasida u respublikachilar vakili sifatida ro‘yxatga olingan. Joriy yil Kruks ilk marta prezidentlik saylovlarida qatnashishi mumkin bo‘lgan. U 2021 yilda demokratlar platformasidagi ActBlue dasturini qo‘llash uchun 15 dollar xayriya qilgan.

Qotilning yonida shaxsini tasdiqlovchi guvohnomasi bo‘lmagan. Shu sabab uning kim ekanini boshqa vositalar, xususan, DNK namunasi orqali aniqlashgan.

Kruks 2022 yil Betel-Parkdagi 1400 nafar atrofida o‘quvchi o‘qiydigan o‘rta maktabni tamomlagan. U diplomdan tashqari 500 dollar miqdorida «yulduzli mukofot» ham olgan. Bu matematika va tabiiy fanlarni rivojlantirish dasturi doirasidagi mukofot bo‘lgan. Bitiruv kechasida maktabdoshlari uni gulduros qarsaklar bilan kutib olishgani aytiladi.

Suiqasddan keyin go‘yoki Kruks respublikachilar va Trampni yomon ko‘rishini aytgan video keng tarqaldi. Ammo ma’lum bo‘lishicha, bu feyk video bo‘lib, uni tashqi ko‘rinishi Kruksga o‘xshab ketadigan pranker e’lon qilgani ma’lum bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay jewgazing nikli bu pranker videoni o‘chirib tashlagan.

Ayni damda Kruks yashaydigan uy politsiya tomonidan o‘rab olingan. AQSH fuqarosi aviatsiyasi xavfsizlik nuqtayi nazaridan Batler shahri ustidan parvozlarni cheklagan. Kruksning otasi CNN bilan suhbatda nima bo‘lganini anglashga harakat qilayotgani, politsiya bilan suhbatdan avval nimadir deya olmasligini bildirgan. Ayni damda uning uyida tintuv olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampni o‘ldirishga uringan Mettyu Kruks haqida nimalar ma’lum?