23:58 / 16.07.2024
73

Trampga suiqasddan uch kun o‘tib Tomas Kruks haqida yana nimalar ma’lum?

Trampga suiqasddan uch kun o‘tib Tomas Kruks haqida yana nimalar ma’lum?
Foto: Aaron Josefczyk / Reuters / Scanpix / LETA
Federal qidiruv byurosining texnik mutaxassislari Pensilvaniyadagi miting chog‘ida AQSH prezidentligiga nomzod bo‘lgan Donald Trampga qarata o‘q uzgan 20 yoshli Tomas Mettyu Kruksning telefoniga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi va uning elektron qurilmalarini o‘rganishda davom etmoqda. Bu haqda Federal qidiruv byurosining 15 iyul kuni e’lon qilingan bayonotida aytiladi.

Press-relizda Kruksning telefoni haqidagi boshqa tafsilotlar keltirilmagan. The New York Times nashri qayd etishicha, mutaxassislar gumonlanuvchining yozishmalarini, brauzerlar tarixi va ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini tahlil qilmoqda. FQB xabarida ular Kruksning telefoniga qanday qilib kira olgani ochiqlanmagan, NYT nashri esa qurilmaga parol o‘rnatilgan bo‘lganini yozgan.

Kruksning motivlari haqida hozirgacha hech qanday ma’lumot yo‘q.

Respublikachilarning AQSH prezidentligiga nomzodi Donald Trampga suiqasd 13 iyul kuni, siyosatchi Pensilvaniya shtatining Batler shahridagi mitingda chiqish qilayotganida sodir etilgandi. Trampga qarata bir necha o‘q uzilgan, o‘qlardan biri uning o‘ng qulog‘ini tilib o‘tgan. Otishma natijasida mitingga kelganlardan biri halok bo‘lgan, yana ikki kishi yaralangan. Hujum qilgan shaxs Maxfiy xizmat xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgan.

FQB xabarida aytilishicha, so‘nggi ikki kun davomida maxsus xizmatlar 100 dan ortiq kishini (jumladan, otishma ro‘y bergan miting ishtirokchilarini va «boshqa guvohlar»ni) so‘roq qilgan. «Ular hozirgacha yig‘gan ma’lumotlar gavdalantiradigan narsa uning [Kruksning] portreti emas, bo‘sh ramkadir», — deyiladi The New York Times materialida.

Hozircha Kruks Trampning saylovoldi mitingi bo‘lib o‘tgan joydan taxminan 70 kilometr masofada joylashgan Betel-park (Pensilvaniya shtati) shaharchasida tug‘ilgani ma’lum. 2022 yilda u mahalliy maktabni tamomlagan, a’lo baholari uchun Milliy matematika va tabiiy fanlar tashabbusining 500 dollar miqdoridagi mukofotini qo‘lga kiritgan.

The Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, Kruks ota-onasi bilan yashagan. U o‘z uyidan bir necha daqiqalik masofada joylashgan qariyalar uyi oshxonasida ishlagan. Muassasa administratori Marsi Grimm Pensilvaniyadagi otishma haqidagi xabardan karaxt holatga tushganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kruks bu joyda ishlash vaqtida hech qanday muammo tug‘dirmagan va «uning biografiyasi toza bo‘lgan». Ayol uning ishga joylashish tafsilotlarini muhokama qilishdan bosh tortib, markaz rahbariyati tergov bilan hamkorlik qilayotganini aytgan.

FQB hozircha Kruksning cuiqasdga tayyorgarlik haqidagi biror bayonotini aniqlamagan, u shuningdek hech qachon tergov kuzatuvi ostida bo‘lmagan. The New York Times manbasi so‘zlariga ko‘ra, uning internetdagi harakatlarida hozircha hech qanday noodatiy holat qayd etilmagan. U shaxmat va videoo‘yinlar o‘ynashni yoqtirgan, shuningdek dasturlash bilan shug‘ullangan. Shu bilan birga, Kruksda mashhur ijtimoiy tarmoqlarda, xususan feysbuk va instagramda o‘z nomidagi profil bo‘lmagan. Discord platformasi ma’muriyati gumonlanuvchi bilan aloqador akkaunt aniqlanganini aytgan, ammo unga juda kam kirilgan va u suiqasdga tayyorlanish uchun ushbu akkauntdan foydalanganiga biror dalil yo‘q.

Kruksning sobiq sinfdoshlari unda qandaydir shubhali holat sezishmaganini aytishgan. Ulardan biri Zak Bredford, jurnalistlarga Kruks «haddan tashqari aqlli» bo‘lgani, uning yuqori sinflardagi qarashlari «biroz o‘ng radikal» bo‘lib ko‘ringanini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u sinfdoshlar Kruksga «shafqatsiz» munosabatda bo‘lgan bir necha holatlarni eslaydi.

The Washington Post ham Kruksning sinfdoshlaridan biri bilan bog‘langan. Uning aytishicha, Kruks yopiq odam bo‘lgan, maktabda siyosat haqida juda kam gaplashgan va «mo‘tadil o‘ng markazchi qarashlar»ga rioya qilgan. U Kruksning familiyasi suiqasd haqidagi yangiliklarda paydo bo‘lganida sinfdoshiga kimdir uning nomidan harakatlanganidan hamdardlik bildirib xabar jo‘natgani, ammo javob olmaganini aytgan. Keyin u sinfdoshi otib tashlangani aks etgan fotosuratni ko‘rgan. «Tom yaxshi yigit edi, men uning hayoti yaxshi kechyapti deb o‘ylagandim. Uni bunga nima majbur qilganini bilmayman», — degan u.

2021 yil sentyabridan 2024 yil mayiga qadar Kruks Allegeyni okrugidagi Jamoat kollejida o‘qiydi va muhandislik fanlari kichik mutaxassisi diplomini oladi. Kollej vakili BBC News uchun bergan izohida u o‘qishni a’lo baholar bilan tamomlaganini aytgan. U biror intizomsizlikka yo‘l qo‘ymagan.

Trampning mitingida ro‘y bergan otishmadan ko‘p o‘tmay amerikalik saylovchilar bazasida Kruks respublikachilar tarafdori sifatida qayd etilgani haqida xabar tarqaldi. U noyabrdagi prezidentlik saylovlarida ilk bor ovoz berishi mumkin edi. 2021 yilda u ActBlue platformasi orqali saylovchilar davomatini ko‘tarish bo‘yicha Progressive Turnout Project loyihasiga 15 dollar xayriya qilgan.

BBC News nashri yozishicha, Kruks kamida bir yil mobaynida Clairton Athletes Club nomli mahalliy merganlar klubi a’zosi bo‘lgan. Kruksning a’zoligi to‘g‘risidagi ma’lumotni klubdagilar tasdiqlagan. Klubda bir necha o‘q otish maydoni bor bo‘lib, ulardan birida nishon 171 metr masofada joylashgan. Nashr xabarida Kruks klubga qanchalik muntazam qatnaganiga aniqlik kiritilmagan.

The Washington Post FQB surishtiruvi borishidan xabardor bo‘lgan manbaga asoslanib, Kruks Trampga o‘q uzgan miltiq gumonlanuvchining otasi tomonidan 2013 yilda sotib olinganini aniqlagan. Gazeta suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, 13 iyul tongida, ya’ni suiqasd amalga oshirilgan kunda, Kruks mahalliy Allegheny Arms qurol do‘konidan 50 ta patron sotib olgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampga suiqasddan uch kun o‘tib Tomas Kruks haqida yana nimalar ma’lum?