15:53 / 22.07.2024
82

Baydenning qaroriga AQSH va dunyodagi reaksiyalar: «U darhol iste’foga chiqishi kerak»

Baydenning qaroriga AQSH va dunyodagi reaksiyalar: «U darhol iste’foga chiqishi kerak»
Foto: Reuters
AQSH prezidenti Jo Bayden prezidentlik poygasida ishtirok etishdan bosh tortishi va endi bor e’tiborini muddatining qolgan qismidagi prezidentlik majburiyatlarini bajarishga qaratishini e’lon qilishi turlicha reaksiyalarni keltirib chiqardi.

Donald Tramp
AQSH prezidentligiga nomzod

Aldoqchi Jo Bayden prezidentlik lavozimiga nomzod bo‘lishga yaramasdi, lavozimga esa aniq loyiq emasdi — va hech qachon loyiq ham bo‘lmagan! U prezidentlik lavozimiga o‘z yerto‘lasidan chiqmagan holda faqat yolg‘on va soxta xabarlar bilan ega chiqqan. Uning atrofidagilarning barchasi, jumladan shifokori va media xodimlari u prezident bo‘lishga qodir emasligini bilishardi va u amalda ham qodir bo‘la olmadi. Endi u mamlakatimiz bilan nimalar qilganiga bir qarang. Millionlab kishilar chegaralarimizni butunlay nazoratsiz va tekshirilmasdan kesib o‘tishmoqda, ulardan ko‘pchiligi qamoqxonalardan, jinnixonalardan chiqqan, rekord miqdorda terrorchilar kirib kelmoqda. Biz uning prezidentligidan qattiq aziyat chekdik, ammo biz juda tez fursatda u yetkazgan zararni qoplaymiz. AMЕRIKANI YANA BUYUK QILAMIZ!

Kamala Harris
AQSH vitse-prezidenti

«Prezidentdan qo‘llov olish men uchun katta sharaf va men munosib bo‘lish va bu nominatsiyani yutib olish niyatidaman. Saylovgacha 107 kun qoldi. Biz birgalikda kurashamiz. Va birgalikda g‘olib chiqamiz. <…> Ushbu fidokorona va vatanparvarlik harakati bilan prezident Bayden butun faoliyati davomida qilib kelgan ishni yana bir bor takrorladi: Amerika xalqi va mamlakatimizni hammasidan ustun qo‘ydi. <…> U favqulodda yutuqlari bilan zamonaviy Amerika tarixida tengsiz bo‘lib, ikki muddat ishlagan ko‘plab prezidentlar merosidan ham ustunroq. <…> Men Donald Trampni yengish uchun Demokratik partiya va millatimizni birlashtirish yo‘lida qo‘limdan kelganini qilaman».

Volodimir Zelenskiy
Ukraina prezidenti

So‘nggi yillarda ko‘plab kuchli qarorlar qabul qilindi, ular prezident Baydenning qiyin davrlarga javoban dadil qadamlari sifatida esda qoladi. Va biz uning bugungi qiyin, ammo kuchli qarorini hurmat qilamiz. Biz doimo prezident Baydenning rahbarligidan minnatdormiz. U tarixdagi eng dramatik pallalarda bizning mamlakatni qo‘llab, bizga mamlaktimiz Putin tomonidan okkupatsiya qilinishiga yo‘l qo‘ymaslikda va bu qo‘rqinchli urush davomida yordam ko‘rsatdi. Ukraina va butun Yevropadagi hozirgi vaziyat hamon qiyinligicha qolmoqda va biz kelgusida ham Amerikaning kuchli rahbariyati Rossiya yovuzligi muvaffaqiyatga erishishiga to‘sqinlik qilishda davom etishiga umid qilamiz.

Dmitriy Peskov
Kreml matbuot kotibi

Saylovlarga qadar hali to‘rt oy bor va bu ko‘p narsa o‘zgarishi mumkin bo‘lgan muddat. Sabrli bo‘lish va buyog‘iga nima bo‘lishini diqqat bilan kuzatish lozim. Biz uchun birinchi navbatda — maxsus harbiy amaliyot maqsadlariga erishish.

Mayk Jonson
Vakillar palatasi spikeri

Amerika tarixidagi misli ko‘rilmagan ushbu daqiqalarda biz hozirgina nimalar bo‘lganini aniq anglashimiz kerak. Demokratik partiya saylovga atigi 100 kun qolganida byulletendan demokratlar nomzodini olib tashladi. Jo Baydenni demokratlarning prezidentlikka nomzodi sifatida tanlagan 14 milliondan ortiq amerikalikning ovozlarini bekor qilish orqali o‘zini «demokratiya partiyasi» deb nomlagan kuchlar to‘g‘ridan to‘g‘ri buning aksini isbotladi. <…> Agar Jo Bayden prezidentlikka nomzod bo‘la olmasa, unda u prezident ham bo‘la olmaydi. U zudlik bilan iste’foga chiqishi kerak.

Chak Shummer
Senatdagi demokratlar yetakchisi

Jo Bayden nafaqat buyuk prezident va kongressmenlarning buyuk yetakchisi, balki chindan ham hayratlanarli inson. Uning qarori, albatta, oson emasdi, ammo u yana bir bor o‘z mamlakati, o‘z partiyasi va bizning kelajagimizni birinchi o‘ringa qo‘ydi.

Gevin Nyusom
Kaliforniya gubernatori

Prezident Bayden tarix yaratgan favqulodda prezident —mehnatkash insonlar uchun qattiq kurashgan va barcha amerikaliklar uchun ajoyib natijalarga erishgan rahbar. U tarixga eng hurmatli va fidokor prezidentlardan biri sifatida kiradi. Rahmat, Jo Bayden.

Donald Tusk
Polsha bosh vaziri

Janob prezident Jo Bayden, siz Polsha, Amerika va butun dunyoni xavfsizroq, demokratiya va erkinlikni — kuchliroq qilgan ko‘plab qiyin qarorlarni qabul qilgansiz. Men bilamanki, siz so‘nggi qaroringizni e’lon qilayotib ham xuddi shunday harakat qildingiz. Bu ehtimol, hayotingizdagi eng qiyini edi.

Josh Shapiro
Pensilvaniya gubernatori

Prezident Bayden — Senatda, vitse-prezident sifatida va zamonaviy tarixdagi eng nufuzli prezidentlardan biri sifatida mamlakatimizga sharaf bilan xizmat qilgan vatanparvar. Prezident Bayden mamlakatimizni oldinga boshlash, demokratiyamiz va haqiqiy erkinlikni himoya qilish uchun aql bovar qilmas darajada ko‘p ishlarni amalga oshirdi.

Naomi Bayden
Jo Baydenning nabirasi

Bugun men mamlakatimizga sidqidildan xizmat qilgan buvam, prezidentimiz Jo Bayden bilan shunchaki faxrlanaman. U nafaqat biz ko‘rgan eng samarali prezident bo‘ldi, balki o‘zini mamlakatimiz tarixidagi eng effektiv va ta’sirli davlat arbobi sifatida namoyon etdi. U tom ma’noda mamlakatimiz va dunyo 50 yil davomida to‘qnash kelgan har bir muhim muammo markazida turdi va ularga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Uning sharofati bilan dunyo bugun ko‘p jihatdan yaxshiroq.

Berni Sanders
senator

Jo Bayden mamlakatimizga halol va munosib xizmat qildi. O‘z vaqtida ish tashlagan ishchilar bilan piketga chiqqan bo‘lajak prezident sifatida u zamonaviy Amerika tarixidagi ishchilar sinfining asosiy tarafdori edi. Qilingan barcha ishlar uchun rahmat, janob prezident.

Bill va Hillari Klinton
AQSHning sobiq prezidenti va AQSHning sobiq davlat kotibi

Vitse-prezident Harrisni qo‘llab-quvvatlashda prezidentga ergashish biz uchun sharaf va biz uni qo‘llash uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz.

Elizabet Uorren
senator

So‘nggi to‘rt yilda u ko‘p narsaga erishdi — ish o‘rinlarini qaytardi, yirik korporatsiyalarga qarshi turdi va iqtisodiyotni barchamiz uchun ishlaydigan qilib qaytadan qurdi. <…> . U 2020 yilda Donald Tramp ustidan qozonilgan g‘alaba uchun hurmatga loyiqdir va uning bugungi fidokorona qarori bizga buni 2024 yilda ham takrorlash uchun yaxshi imkoniyat taqdim etdi. Donald Tramp o‘z hokimiyatini saqlab qolish uchun demokratiyamizni vayron qilishga urinayotganida, Jo Bayden demokratiyamizni saqlab qolish uchun o‘z ixtiyori bilan bir chetga chiqdi. Prezident Baydenning fidoyi harakati — Qo‘shma Shtatlar xalqi uchun katta sovg‘a bo‘lib, biz uni behuda sarflamasligimiz darkor.

Richard Hadson
Respublikachilar partiyasi saylovoldi shtabi boshlig‘i

Prezidentimiz layoqatsiz, demokratlar buni yashirish uchun Amerika xalqini aldayotganini bilishardi. Saylovchilar o‘z ishonchiga qilingan xiyonatni kechirmaydi va unutmaydi.

Barak Obama
AQSHning sobiq prezidenti

Jo Bayden Amerikaning eng nufuzli prezidentlaridan biri, shuningdek mening qadrdon do‘stim va hamkorim. Bugun bizga yana bir bor u oliy toifadagi vatanparvar ekanini eslatdi. <…> Keyingi kunlarda biz hali o‘rganilmagan suvlarda sayohat qilamiz. Ammo men partiyamiz yetakchilari jarayonni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olishiga va natijada ajoyib nomzod paydo bo‘lishiga ishonaman. Men ishonamanki, Jo Baydenning hamma uchun imkoniyatlar yaratiladigan saxiy, gullab-yashnagan va yakdil Amerika haqidagi qarashlari Demokratik partiyaning avgust oyidagi qurultoyida to‘la namoyon bo‘ladi.

Mitch Makkonnell
Senatdagi respublikachilar yetakchisi

Demokratik partiya butun mamlakat bo‘ylab birinchi saylovlarda Amerika xalqi xohish-irodasi ustidan chizish bilan band edi. Ular chegaralar ochiqligi, yuqori narxlar, iqlim radikalizmi va jinoyatchilikka qarshi yumshoq siyosatni sotadilar.

Edgars Rinkevichs
Latviya prezidenti

Siyosat hech qachon bunday qiziqarli bo‘lmagan.

Kir Starmer
Buyuk Britaniya bosh vaziri

Men prezident Baydenning qarorini hurmat qilaman va umid qilamanki, biz uning prezidentlik muddati yakuniga qadar bo‘lgan davrda birga ishlaymiz. Men bilamanki, u o‘zning butun ajoyib faoliyati davomida bo‘lgani kabi Amerika xalqi uchun yaxshi deb hisoblagan qarorini qabul qildi.

Olaf Shols
Germaniya kansleri

Mening do‘stim Jo Bayden ko‘p narsaga erishdi: o‘z mamlakati uchun, Yevropa uchun, butun dunyo uchun. U tufayli transatlantika hamkorligi yanada yaqinlashdi, NATO kuchliroq bo‘ldi, AQSH esa — biz uchun yaxshi va umidli hamkorga aylandi. Uning o‘z nomzodini ilgari surmaslik qarori e’tirofga loyiq.

Kichik Robert Kennedi
AQSH prezidentligiga mustaqil nomzod

Men Baydenning qarorini qo‘llab-quvvatlayman. <…> Men Demokratik partiyani demokratiyaga bo‘lgan sodiqligiga qaytishga hamda buni ochiq jarayon orqali namoyish etishga chaqiraman. Demokratik partiyaning Milliy qo‘mitasi elitasi tomonidan tanlangan nomzodni ilgari surish o‘rniga, partiya Donald Trampni mag‘lub eta oladigan nomzodni aniqlash uchun betaraf so‘rovlardan foydalanishi kerak. Keyin delegatlar ushbu ma’lumotlar asosida nomzodni tanlashi lozim. Agar ular avvalboshdan shunday qilishganida, men Demokratik partiyadan chiqishimga to‘g‘ri kelmasdi.

Albert Gor
AQSHning sobiq vitse-prezidenti

Prezidentlik lavozimida Jo Bayden ajoyib yetakchi bo‘ldi va shunday bo‘lib qoladi. U iqlim muammolari sohasidagi yechimlarga eng katta investitsiyalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishga va imzolanishiga mas’ul bo‘ldi. U mamlaktimizga pandemiyani yengib o‘tishga yordam berdi, butun mamlakat bo‘ylab amerikaliklar uchun yaxshi maoshli ish o‘rinlari yaratadigan iqtisodiy tiklanishni boshlab berdi hamda Amerikaning xorijdagi mavqeyini tikladi. Men bilamanki, u Amerika xalqiga xizmat qilishni yakunlamadi va keyingi oylarda ham bu mamlakatga dononlik bilan xizmat qilishda davom etadi. <…> Men uning fidokorona qarorini olqishlayman.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Baydenning qaroriga AQSH va dunyodagi reaksiyalar: «U darhol iste’foga chiqishi kerak»