16:41 / 24.07.2024
99

Iroq AQSHdan yil yakuniga qadar harbiy qismlarini to‘liq olib chiqishni talab qildi

Iroq AQSHdan yil yakuniga qadar harbiy qismlarini to‘liq olib chiqishni talab qildi
Foto: Reuters
Iroq hukumati AQSHga murojaat qilib, yil yakuniga qadar qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqishni so‘radi. Bu haqda Al Arabiya nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, Iroq rahbariyati mamlakatda o‘rnashgan xorijiy kontingentlarni to‘la chiqarib yuborishni rejalashtirgan. Shu orqali mamlakat ustida to‘liq nazoratga erishish maqsad qilingan.

Joriy haftada Vashingtonda Iroq rasmiysi va AQSH vakillari o‘rtasida muzokaralar boshlangan. Xorijiy harbiy qismlar qachon va qaysi yo‘l orqali olib chiqilishi borasida muhokamalar davom etayotgani bildirilgan.

Iyul oyi boshida Pentagonning Yaqin Sharq siyosati bo‘yicha yuqori lavozimli rasmiysi va AQSHning Bag‘doddagi elchisi Amerika qo‘shinlarini olib chiqish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish uchun Iroq bosh vaziri bilan uchrashgan. Uchrashuv tafsilotlari hozircha to‘liq oshkor qilinmagan bo‘lsa-da, katta ehtimol bilan bosh vazir mamlakat hududidan harbiylarni olib ketishni talab qilgan bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Iroq hukumati AQSH boshchiligidagi harbiy koalitsiya o‘z qo‘shinlarini sentyabr oyidan olib chiqib keta boshlashi haqida ma’lum qilgan. Koalitsiyani olib chiqishni rasman yakunlash esa 2025 yilning sentyabriga belgilangan edi. Biroq Bag‘dod bu boradagi fikrini yana o‘zgartirgan.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH boshchiligidagi kuchlar 2003 yilda Iroqqa bostirib kirgan. Ular yordamida sobiq yetakchi Saddam Husayn hukumati ag‘darilgan. AQSH kuchlari esa 2011 yilda Bag‘dodni tark etgan.

2013 yilning kuzida Iroq hududida ISHID paydo bo‘lishi xalqaro kuchlarni mintaqaga qaytardi. 2014 yilda mamlakatga yana AQSH armiyasi kiritildi va u o‘z mavjudligini hozirga qadar saqlab kelmoqda.

AQSH hozirda Iroqda 2500 nafarga yaqin askarga ega. Maxsus koalitsiya dasturi doirasida 80 dan ortiq guruhlar terrorchilarga qarshi kurash olib bormoqda. AQSH harbiy qismlari asosan uchta harbiy bazada mustahkam o‘rnashgan, ulardan biri Bag‘dodda, ikkinchisi g‘arbiy Anbar viloyatida va yana biri shimoliy Kurdiston mintaqasida joylashgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Iroq AQSHdan yil yakuniga qadar harbiy qismlarini to‘liq olib chiqishni talab qildi