23:43 / 31.07.2024
82

“Boshi kesilgan” HAMAS. Netanyaxu yangi urush boshlashga AQSHdan izn olganmi?

“Boshi kesilgan” HAMAS. Netanyaxu yangi urush boshlashga AQSHdan izn olganmi?
Foto: “Mk.ru”
Shafqatsiz urush maydoniga aylanib qolgan Falastin hududidagi qirg‘in-barot hali-beri to‘xtaydiganga o‘xshamaydi. Parijda butun dunyoga “erkinlik” va “yangi madaniyat”ni targ‘ib etayotgan lider mamlakatlar G‘azoda bolalarning ochlik va xorlikdan nobud bo‘lishiga shunchaki ko‘z yummoqda. Boz ustiga, AQSH qanoti ostidagi Isroil urush masshtabini kengaytirib, Yaqin Sharqdagi dushmanlarini yo‘q qilish taraddudida.

27 iyul kuni Isroil tomonidan 1981 yilda bosib olingan Golan tepaliklaridagi Majdal Shams qishlog‘iga raketa zarbasi berildi. Oqibatda 12 kishi halok bo‘ldi. Isroil bu hujumni Livandagi shia harakati “Hizbulloh” amalga oshirganini iddao qilib, keskin javob qaytarishga va’da berdi. Biroq “Hizbulloh” hujumga aloqadorligini qat’iy rad etdi.

Siyosatshunoslarga ko‘ra, bu vaqtda Isroil bosh vaziri Netanyaxu Qo‘shma Shtatlarda bo‘lib, AQSHdan yangi urush boshlash uchun “fatvo” so‘rayotgan edi.

Siyosatshunos Farhod Karimov
Foto: “Daryo”

Aslida Isroil bosh vaziri Netanyaxu yangi urush boshlashga oq fotiha olish uchun AQSHga bordi. Aynan Amerikadan qo‘llov olgani uchun ham Yaqin Sharqda keskinlik oshib ketdi. Natanyaxu AQSHdan nimani so‘ragan bo‘lishi mumkin, bilasizmi? “Men urush boshlaganimda, qarshi chiqqanlarni tiyib berasan”, deb Amerikadan siyosiy yordam so‘ragan. AQSH Kongressida chiqish qilishdan asl maqsad shu edi. Mana, Turkiya bir qator keskin bayonotlar berdi. Lekin bu quruq bayonot, xolos. Chunki Turkiyani AQSH tiyib turibdi, — deya fikr bildirdi siyosatshunos Farhod Karimov.

Aynan Netanyaxu Isroilga qaytib kelgach, mintaqa atrofida chang-to‘zon ko‘tarildi. Bundan xabar topgan Eron rasmiylari Isroil—Livan o‘rtasidagi urush ehtimolini tilga oldi. Xususan, Eronning Livandagi elchisi Mojtaba Amani, Eron Islom Respublikasi doimo mintaqadagi keskinlikni kamaytirishga intilishini va urush bo‘lishini istamasligini ta’kidladi.

29 iyul kuni Isroil kuchlari Livan poytaxti Bayrut shahriga raketa zarbasi berib, “Hizbulloh”ning yuqori martabali qo‘mondonlaridan biri – Fuad Mohsen Shukrni nishonga oldi. Biroq dastlab tarqalgan ma’lumotlarda Fuad Mohsen Shukr tirik ekanligi ma’lum qilingan edi. Lekin Isroil Mudofaa vaziri “Hizbulloh” qo‘mondoni o‘ldirilganini tasdiqlab, Isroil hamma joyda unga zarar yetkazadiganlarga hujum qilishi mumkinligi bilan maqtandi.

Ma’lumot uchun, Fuad Mohsen Shukr “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrullohning katta maslahatchisi hisoblanadi.

Fuad Mohsen Shukrning jasadi sovib ulgurmasidan, ya’ni 30 iyul kuni tunda yangi saylangan Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning inauguratsiya marosimida ishtirok etish uchun Doxadan Tehronga kelgan HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya Isroil tomonidan yo‘q qilindi. Ismoil Haniya nafaqat HAMAS harakatining siyosiy rahbari, balki G‘azodagi urushni tugatishi mumkin bo‘lgan muzokaralarga yetakchilik qilayotgan shaxs ham edi.

Foto: Reuters
Ismoil Haniyani Tehronda yo‘q qilish Eronni obro‘siga katta putur yetkazadi. Aslida uning qarorgohi Qatar poytaxti Doxada. U G‘azo sektoriga anchadan beri bormagandi. Qatarda Ismoil Haniyani yo‘q qilish Isroilga bir muncha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin edi. Chunki Qatar havo mudofaasini AQSH qo‘riqlaydi. Shu boisdan Isroil Ismoil Haniyani chetga chiqishini kutib turgan. Bundan tashqari, Eron ichkarisida ham tunda Haniya qayerdaligi haqida Isroilga ma’lumot berilgan, — deydi siyosatshunos Farhod Karimov.

Eron matbuoti va bir qator rasmiylar Isroil qizil chiziqni kesib o‘tgani va unga nisbatan keskin javob qaytarishini e’lon qildi. Xususan, Eron Islom Respublikasi rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy X tarmog‘idagi sahifasida shunday yozdi:

Eron Islom Respublikasi chegaralarida ro‘y bergan ushbu achchiq va fojiali voqeadan keyin qasos olish bizning burchimizdir”.

Bunga javob tariqasida Isroilni otaliqqa olgan AQSH agar Isroilga hujum qilinsa, Qo‘shma Shtatlar har qanday yo‘l bilan uni himoya qilishini bildirdi.

Xalqaro jurnalist Abbos Juma HAMAS va “Hizbulloh” rahbarlarining o‘ldirilishi ularning harbiy salohiyatiga ta’sir ko‘rsatmasligini yozdi.

Foto: Turkishnews
Umuman olganda, Isroil va Qo‘shma Shtatlar o‘zlariga qarshilik ko‘rsatayotganlarga qarata hujumni boshladi. Ular Livan, Iroq, Eronga zarba berdi. HAMASning birinchi raqamli shaxsi o‘ldirildi. Shu o‘rinda qayd etish joizki, bu mehmonni himoya qila olmagan Eron Islom Respublikasi imijiga ancha og‘riqli zarba bo‘ldi. Lekin bu faqat rasmda. Ushbu voqea “Hizbulloh” va HAMASning harbiy salohiyatiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

Ayni paytda ekspertlar orasida hech kim katta urushni xohlamaydi, degan umumiy qabul qilingan fikr mavjud. Biroq, Isroil va Qo‘shma Shtatlarning hozirgi hujumi “casus belli” (urush boshlash uchun bahona – tahr.) ga o‘xshaydi. Eron qiyin vaziyatga tushib qoldi
”, deya yozdi Abbos Juma.

Arabshunos va Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassisi doktor Dina Lisnyanskaya Isroilning keyingi nishoni HAMASning G‘azo sektoridagi yetakchilaridan biri – Yahyo Sinvar bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Tehronda HAMAS yetakchisining o‘ldirilishi, yahudiy davlati Falastin mojarosini muzokara yo‘li bilan emas, balki kuch bilan hal qilmoqchi ekanligini anglatadi. Bu esa mintaqada urush uchqunlarini alanga oldirib yuborishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Boshi kesilgan” HAMAS. Netanyaxu yangi urush boshlashga AQSHdan izn olganmi?