
Sudja, 2024 yil 6 avgust
Fotosurat mahalliy aholi vakili tomonidan olingan va ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan
6 avgustga oʻtar kechasi Kursk oblastiga kirib kelgan ukrain qoʻshini chegaradosh hududlarda mustahkam joylashib olgan. RF mudofaa vazirligiga yaqin deb hisoblanuvchi Rybar telegram-kanali 7 avgustga oʻtar kechasi bergan ma'lumotga koʻra, Ukraina qurolli kuchlari boʻlinmalari Kursk oblastining Sudjansiy rayonidagi Nikolaevo-Darino, Sverdlikovo va Darino qishloqlarini ishgʻol etgan (Ukraina chegarasidan eng uzoqdagisi boʻlgan Darino — toʻrt kilometr masofada joylashgan). Shuningdek, Ukraina qoʻshini Rilsk — Sudja trassasini nazorat ostiga olishga harakat qilmoqda. Harbiy mavzuga ixtisoslashgan telegram-kanalning yozishicha, ukrain harbiylari Sudjaning gʻarbiy chekkasi sanalgan — Goncharovka (chegaradan sakkiz kilometr ichkarida) yoʻnalishida harakatlanmoqda, bu hududda shiddatli janglar olib borilmoqda. Bundan tashqari, chegara yaqinidagi Oleshnya xutori ham harbiy harakatlar maydoniga aylangan.
Boshqa bir harbiy kanal, RF mudofaa vazirligini tez-tez tanqid qilib turadigan «Dva mayora» muallifi esa 7 avgust tongida ukrainalik harbiylar Darino, Sverdlikovo, Gogolevka, Goncharovka aholi yashash manzillarini egallab turgani, Oleshnyada esa Ukraina qurolli kuchlari rossiyaliklarning tayanch punktlarini nazoratiga olganini ma'lum qildi. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari Sudja-Belitsa trassasini masofadan turib minalashtirmoqda. «Dva mayora» ukrain kuchlarini «egallangan hududlaridan siqib chiqarishning imkoni boʻlmagani», Sudja shahri «amalda toʻliq evakuatsiya qilingani» haqida yozgan. Kanal ma'lumotiga koʻra, 7 avgustga oʻtar kechasi rossiyaliklarning harbiy samolyotlari va dronlari Sudja shahri atrofida ukrainlarning kolonnalariga zarbalar bergan. Shuningdek, kanal «ochiq ma'lumotlarga koʻra», Kursk oblastida front kengligi 10-11 kilometrni tashkil etayotganini xabar qilgan. Ukraina qurolli kuchlari tor frontda Sudjadan gʻarbda 10 kilometrga olgʻa siljigan.

Turli manbalarga koʻra, Kursk oblastiga Ukraina qurolli kuchlarining bir yoki ikki batalyoni kirgan. Rybar ma'lumotiga koʻra, region hududiga jami 400 ga yaqin ukrain harbiysi kirgan, yana ikki mingga yaqin harbiy chegara boʻylab joylashtirilgan. Harbiy mavzudagi «Arxangel spetsnaza Z» telegram-kanali tasdiqlashicha, 7 avgustga oʻtar kechasi Ukraina qurolli kuchlari ikkita batalyonni (ya'ni 800 kishi) jangga tashlagan va ular Sudja tomon harakatlanishni boshlagan.
Ukraina ham, Rossiya ham qator texnikalaridan ayrilgan. Ukrainadagi telegram-kanallar rossiyaliklarning ukrainlar hujumi vaqtida yoʻq qilingan ikkita tanki va Ka-52 vertolyoti aks etgan kadrlarni namoyish etgan. Urib tushirilgan vertolyot fotosi urushlarni kuzatish bilan shugʻullanuvchi Monitor pabligi tomonidan e'lon qilingan. Oʻz navbatida, Ukraina mudofaa vazirligiga aloqador boʻlgan DeepState OSINT-proekti Sudjaga kirishda yoʻq qilingan ikkita tank suratini tarqatgan.


Rossiya harbiy texnikalari yoʻq qilingani aks etgan kadrlar
«Agentstvo» nashri yozishicha, harbiy ekspertlar tomonidan geolokatsiyasi aniqlangan, zarbaga uchragan harbiy texnikalar kadrlariga koʻra, Ukraina bir necha zirhli mashina va kamida bitta zenit-raketa kompleksidan ayrilgan.
Bundan tashqari, DeepState xabariga koʻra, e'lon qilingan kadrlarga koʻra, ukrainalik harbiylar chegaradagi Gornal qishlogʻida Avliyo Nikolay Belogorskiy monastiri hududida turgan rossiyalik piyodalar ustiga aniq zarba bergan. Rossiyadagi telegram-kanallarda monastirning devorida snaryad kelib tushishi izlari qolgan binosi fotosurati tarqalgan.

Kursk oblasti Sudjanskiy rayonidagi Avliyo Nikolaev Belogorskiy erkaklar monastiri
«Sudja rodnaya» Telegram-kanali
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda rossiyaliklarning yoʻl ustidan uchib oʻtgan ikkita samolyoti va quruqlikda yonayotgan yuk mashinasi aks etgan videoyozuv keng tarqaldi. DeepState ma'lumotiga koʻra, bu video Sudjaning sharqiy chekkasida olingan.

Avliyo Nikolaev Belogorskiy monastiri
TRK Seym
Rossiyalik oʻnlab harbiylar asir olingan. 6 va 7 avgust kunlari telegram-kanallarda Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastidagi janglar chogʻida asir olgan rossiyalik harbiylarning soʻroq qilinishi videoyozuvini tarqatdi, ulardan kamida ikki nafari muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlardir. Shuningdek, oʻnlab harbiy asirlar ukrain harbiylari kuzatuvi ostida olib ketilayotgani aks etgan turli videolar tarqalmoqda.


Kursk oblasti rahbariyati regiondagi janglar toʻgʻrisida yangi ma'lumotlarni e'lon qilmayapti. Kursk oblasti gubernatori Aleksey Smirnov 7 avgust tongida region «ukrain natsistlarining hujumlariga qahramonlarcha qarshi turgani», barcha favqulodda xizmatlar kuchaytirilgan ish rejimiga oʻtkazilgani haqida aytgan. Smirnov tinch aholi vakillarini mahalliy shifoxonalardagi donorlik qon zaxiralarini toʻldirishga chaqirgan.
RF mudofaa vazirligi 6 avgust kuni tongda rossiyalik chegarachilarning Kursk oblastining Nikolaevo-Darino va Oleshnya rayonlaridagi pozitsiyalariga Ukraina qurolli kuchlarining 300 chogʻli harbiy xizmatchisi 11 tank va 20 dan ortiq zirhlangan mashinalar koʻmagida hujum uyushtirgani haqida xabar qilgandi. Vazirlik janglar davomida RF harbiylari ukrainlarning 16 dona zirhli texnikasini yoʻq qilganini ma'lum qilgan. RF mudofaa vazirligi 6 avgust kuni kechqurun ukrainlarning Kursk oblastiga yorib kirmoqchi boʻlgan otryadi chekingani haqida xabar qildi. Bu vaqtda gubernator Smirnov chegara hududlardagi vaziyat «keskinligicha qolayotgani», joylarda «RF mudofaa vazirligi va chegarachilar» ishlayotgani haqida aytdi. Keyinroq Rossiya mudofaa vazirligi xabaridan ukrain kuchlari chekingani haqidagi gap olib tashlandi.
RF mudofaa vazirligi 7 avgust kuni kunduzi oʻtgan tunda rossiyalik harbiylar FXX bilan birgalikda «Kursk oblastining Rossiya-Ukraina chegarasiga yaqin boʻlgan rayonlarida Ukraina qurolli kuchlari tuzilmalarini yoʻq qilishni davom ettirgani»ni ma'lum qildi. «Kursk yoʻnalishida aviatsiya zarbalari, raketa qoʻshinlari, artilleriya oʻqlari va Davlat chegarasini qoʻriqlash qoʻshinlar guruhi boʻlinmalarining faol harakatlari bilan dushman RF hududi ichkarisiga harakatlanishiga yoʻl qoʻyilmadi», — deyilgan vazirlikda. Mudofaa vazirligi Sumi oblastida Ukraina qurolli kuchlarining zaxira kuchlariga zarba berilgani, ukrain armiyasi «260 nafar jangari va 50 ta zirhli texnikasi», shuningdek ikkita oʻziyurar «Buk M1» zenit-raketa kompleksi oʻt ochish qurilmasidan ayrilganini ta'kidlagan. Bu ma'lumotni mustaqil manbadan tasdiqlashning imkoni yoʻq. Vazirlik «Ukraina qurolli kuchlari tuzilmalarini yoʻq qilish boʻyicha amaliyot davom ettirilayotgani»ni qoʻshimcha qilgan.
Kursk oblasti oʻqqa tutilishi davom etmoqda. 7 avgustga oʻtar kechasi ukrain dronlari Sudja hududiga ikki bor zarba berdi, degan region rahbari Aleksey Smirnov. Birinchi holatda pilotsiz uchar qurilma Belaya slobodasi tomondagi yoʻlga portlovchi qurilma tashlagan, natijada ikki bola yaralangan. Ikkinchi zarba Sudja atrofidagi tez yordam mashinasiga toʻgʻri kelgan, haydovchi va feldsher halok boʻlgan, shifokor yaralangan. Shuningdek, Smirnovning soʻzlariga koʻra, tun davomida Kursk oblastida ukrainlarning toʻrtta raketasi va uchta droni urib tushirilgan. Kurskdagi telegram-kanallar Kurchatov shahrida portlash ovozlari eshitilayotgani aks etgan videoni namoyish etgan. RF mudofaa vazirligi 7 avgust tongida bergan xabarda tunda Kursk oblasti uzra toʻrtta dron urib tushirilgani aytilgandi.
Kursk oblastida barcha ommaviy tadbirlar bekor qilingan, oʻqqa tutilayotgan hududlardan mahalliy aholi olib chiqilishi tashkillashtirilgan, hudud rahbari 7 avgust kuni telegram-kanalida e'lon qilgan videomurojaatda bir necha ming kishi xavfsiz joylarga koʻchirilgani ma'lum qilingan.
Soʻnggi ma'lumotlarga koʻra, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastiga hujumi davomida tinch aholi vakillaridan kamida 28 kishi yaralangan. 6 avgust kuni chegaradosh hududlar oʻqqa tutilishi oqibatida kamida uch kishi halok boʻlgani ma'lum qilingandi.
RF Tergov qoʻmitasi Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastiga hujumi yuzasidan terakt, qotillik va huquq-tartibot organlari xodimlari hayotiga tajovuz qilish moddalari boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatgan. «Bu jinoiy harakatlar natijasida oʻnlab fuqarolar, jumladan bolalar, shuningdek harbiy xizmatchilar jabrlandi», — deyiladi qoʻmitaning 7 avgust kungi bayonotida.
Ukraina QK bosh shtabi va Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi hozircha bu borada izoh bermadi.
RF prezidenti Vladimir Putin Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastiga yorib oʻtishini «keng koʻlamli provokatsiya» deb atagan. U hukumat a'zolari ishtirokidagi majlisda shunday bayonot bergan. «Kiev rejimi navbatdagi keng koʻlamli provokatsiyani amalga oshirdi: turli qurollardan, jumladan raketalar bilan fuqarolik binolari, turar joylar, tez yordam mashinalariga qarata tanlamay oʻt ochmoqda», — degan Putin. U kuchishlatar tuzilmalar, mudofaa vazirligi hamda FXX rahbarlari bilan ham alohida uchrashuv oʻtkazmoqchi. «Kursk oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi bilan gaplashganimdan keyin qator idoralarga oblast aholisiga zarur yordamlar koʻrsatish boʻyicha koʻrsatmalar berildi», — deya qoʻshimcha qilgan Putin.

«Meduza» «Razbor» boʻlimi sharhi
Ukraina qurolli kuchlarining yurishi 2023 yilda Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi otryadlari Belgorod oblastiga uyushtirgan reydlarga oʻxshamaydi. Bu safar 2023 yildagi oʻnlab zirhli texnikalar bilan kuchaytirilgan engil qurollangan piyodalarning bir necha rotalari oʻrniga Rossiya hududida katta ehtimol bilan 22-mexanizatsiyalashgan brigada batalyonlarining koʻplab miqdordagi zirhli texnikalariga ega boʻlgan toʻlaqonli mexanizatsiyalashgan rotalar harakatlanmoqda.
Chasiv Yar hududidagi janglarda qatnashib kelgan bu brigada 2024 yil iyunida qayta toʻldirish uchun frontdan qaytarilgandi. Yozda ushbu brigadaning feysbukdagi sahifasida Sumi va Kursk oblastlari chegarasida RF qurolli kuchlari tomonidan egallab olingan «Sudja» chegara-nazorat oʻtkazish punktida olingan video paydo boʻldi. Biroq, yurishda mazkur brigadaga tegishli boʻlmagan boshqa boʻlinmalar, jumladan havo hujumidan mudofaa kuchlarining yirik guruhi ham qatnashmoqda. Bundan tashqari, videoga avval boshqa brigadalar tarkibida boʻlgan texnikalar tushib qolan — xususan, Stryker BTR bazasida yasalgan muhandislik mashinasi. Shu vaqtga qadar Stryker faqat Ukraina qurolli kuchlarining 82-desant-shturm brigadasi tomonidan janglarda qoʻllangan.
Kelib tushayotgan kam sonli videodalillarga qaraganda, Ukraina qurolli kuchlari asosiy zarbani Sudja shahridan gʻarbdagi hudud boʻylab bermoqda. Bir kun ichida ular Rilsk — Sudja yoʻlini kesib oʻtishga va yanada ichkariga yurishga — chegaradan 10 kilometr masofadagi Leonidovoga etib borishga muvaffaq boʻlishgan. Ukraina qoʻshini Sudja shahrining oʻziga gʻarb va janubdan qanchalik yaqinlashib kelgani oxirigacha aniq emas. Xususan, ular Rilskdan keluvchi trassada shaharga eng yaqin joylashgan Sverdlikovo qishlogʻini egallab olgani boʻyicha ishonchli ma'lumot yoʻq.
Ukrain batalyonlariga birinchi kunda chegarani qoʻriqlash uchun joylashtirilgan kam sonli kuchlargina qarshilik qildi — chegarachilar va 2023 yilda asosan muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlardan chegarani qoʻriqlash uchun tuzilgan polk piyodalari. Chegaradan yuz metr masofadagi tayanch punktlaridan birida aynan shu polk piyodalari asir tushishgan, bu guruh Rilsk — Sudja yoʻlini himoyalash uchun qoʻyilgandi.
Rossiya qoʻmondonligi (Kursk oblastiga — 2024 yil mayidan buyon Xarkiv va Vovchanskka yurish qilayotgan «Sever» guruhi mas'ul) ilk soatlarda ukrainlarning hujumlarini aviatsiya kuchlari bilan toʻxtatishga harakat qildi — ham bombardimonchilar, ham vertolyotlar qoʻllandi. Ular harbiy texnikalarning bir necha kolonnasiga zarba bera oldi, ammo yurishni toʻxtata olmadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar