21:43 / 08.08.2024
485

Zelenskiy Ukraina armiyasining Kurskka hujumidan so‘ng AQSHga hisobot berdi

Zelenskiy Ukraina armiyasining Kurskka hujumidan so‘ng AQSHga hisobot berdi
Foto: Anadolu
Ukraina armiyasi Rossiyaning Kursk viloyatiga hujumidan keyin Vladimir Zelenskiy AQSH Kongressi vakillariga hisobot berdi.

"AQSH Vakillar palatasining ikki partiyali delegatsiyasi bilan uchrashdim. Biz davlatimiz va boshqa qadriyatlarimizni himoya qilish haqida suhbatlashdik. Asosiy urg‘u havo hujumidan mudofaa, ukrainaliklar hayotini saqlab qolish va Rossiyaning bu urushni uzaytirish bo‘yicha har qanday urinishlarini to‘xtatishga qaratildi", deb yozdi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida.

Zelenskiy idorasi aniqlik kiritishicha, kongressmenlar delegatsiyasi tarkibida Donald Norkross, Selest Maloy va Jeyms Panetti bo‘lgan. Ular bilan uchrashuvda Zelenskiy Ukraina mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va qo‘shinlarning ustuvor ehtiyojlarini batafsil muhokama qilgan.

Ukraina parlamenti spikeri Ruslan Stefanchuk AQSH kongressmenlari bilan uchrashuv chog‘ida Rossiya harbiy nishonlarini yo‘q qilish uchun hamkor qurollardan foydalanishga qo‘yilgan barcha cheklovlarni bekor qilish muhimligini ta’kidlagan.

"Shu bilan birga, Ukrainaning havo mudofaasini kuchaytirish juda muhim, men birinchi F-16 samolyotining Ukrainaga kelishi muhimligini alohida ta’kidladim. Bu qaror Ukrainaning mudofaa qobiliyatini sezilarli darajada mustahkamladi", deya Oliy Rada Stefanchukning so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Ukraina maxsus kontingentining Rossiyaga hujumi 6 avgust kuni kechki payt boshlangan edi. O‘shanda 1000 nafarga yaqin ukrain askari, 11 ta tank va 20 dan ortiq zirhli mashina Kursk chegarasini kesib o‘tgan. Viloyat hududiga kirgan askarlar Sudja shahriga hujumlar tashkil eta boshlagan.

Hujum oqibatida chekka qishloqlar aholisini umumiy ko‘chirish boshlangan. Mahalliy hukumat aholini yashash hududlaridan uzoqlashmaslikka va barcha ommaviy tadbirlarni bekor qilishga chaqirgan.

Kursk bo‘ylab bir qator hududlarda havo signallari ishga tushirilgan. Minglab odamlar chegara hududlaridan evakuatsiya qilingan. Viloyatga qo‘shni hududlardan yuzlab shifokorlar chaqirilgan. Havo eskadriliyasi ukrain bo‘linmalariga qarshi operatsiyaga kirishgan.

Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov 6 avgust kuni Moskva vaqti bilan soat 5:30 da Ukraina Qurolli kuchlarining 1 ming kishigacha bo‘lgan bo‘linmalari Kursk viloyatiga hujumga o‘tganini ma’lum qilgan.

"Chegaradagi Sudja shahri Ukraina tomonidan ommaviy o‘qqa tutilgan. Kursk viloyatidagi operatsiya dushmanni yengish va davlat chegarasiga yetib borish bilan yakunlanadi", deya qayd etgan Gerasimov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy Ukraina armiyasining Kurskka hujumidan so‘ng AQSHga hisobot berdi