00:08 / 09.08.2024
684

Ukraina Rossiyaning Kursk viloyatiga qilingan hujumdan maqsad nima ekanini ma’lum qildi

Ukraina Rossiyaning Kursk viloyatiga qilingan hujumdan maqsad nima ekanini ma’lum qildi
Foto: AP
Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiyaning Kursk viloyatiga hujumidan maqsad Kiyevning muzokaralardagi pozitsiyasini mustahkamlashdir, dedi Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak. Bu haqda Strana xabar berdi.

«Ular qo‘rquvdan boshqa narsaga munosabat bildirayaptimi? Yo‘q, nihoyat buni anglab olish kerak. Rossiya har qanday murosani zaiflik va muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyorlik deb biladi. Ular muzokara stoliga o‘tirganida faqat urush ularning ssenariysi bo‘yicha ketmayotganini tushunsagina biror narsani undirish, erishish mumkin», dedi Podolyak.

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, harbiy operatsiyalarning Rossiya hududiga chuqurroq kirib borishi rossiyaliklarni «qo‘rqitadi» va ularning Putinga munosabatini yomonlashtiradi.

Kursk viloyatiga ommaviy hujumlar 6 avgust kuni ertalab boshlangan edi. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari tanklar va zirhli texnikalar ko‘magida seshanba kuni Moskva vaqti bilan soat 8:00 dan boshlab Rossiyaning Ukraina bilan chegaradagi Nikolayevo-Darino va Oleshnya aholi punktlari hududlaridagi pozitsiyalariga hujum qilgan.

Keyinroq, Rossiya armiyasi bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvda Ukrainaning Kursk viloyatiga hujumidan maqsad Sudja okrugi hududining bir qismini egallab olish ekanligini aytdi. Unga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlarining ming kishigacha bo‘lgan bo‘linmalari shu maqsadda 6 avgust kuni Moskva vaqti bilan soat 5:30 da hujumga o‘tgan. Kursk viloyatida favqulodda holat joriy etildi.

7 avgust kuni Mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylar Kursk viloyatida «Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalarini yo‘q qilish operatsiyasi»ni davom ettirayotganini ma’lum qildi. 8 avgust kuni Ukraina armiyasining oldinga siljishiga yo‘l qo‘yilmadi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi. Ularning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya tomoni Sumi viloyatidagi Ukraina Qurolli kuchlarining oldinga siljib borayotgan zaxiralariga ham havo zarbalari bergan.

Kursk viloyati rahbari o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Andrey Belostotskiy 8 avgust kuni Kursk viloyatidagi hujumlar oqibatida 4 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Kursk viloyatining chegara hududlaridan uch mingga yaqin tinch aholi evakuatsiya qilindi, ularning yarmi vaqtinchalik joylashtirish markazlarida, deb qo‘shimcha qildi u. Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlarning 34 nafari shifoxonada davolanmoqda, ulardan besh nafari bola.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina Rossiyaning Kursk viloyatiga qilingan hujumdan maqsad nima ekanini ma’lum qildi