20:17 / 11.08.2024
69

Tramp saylovoldi shtabi hakerlar hujumiga uchradi va bunda Eronni aybladi

Tramp saylovoldi shtabi hakerlar hujumiga uchradi va bunda Eronni aybladi
Foto: Reuters
Donald Trampning saylovoldi shtab-kvartirasi prezidentlik kampaniyasining ichki kommunikatsiyalari buzib kirilganini ma’lum qildi va hakerlik hujumida Eronni aybladi. Bu haqda Reuters yozdi.

Politico nashri iyul oyi oxirida anonim akkauntdan elektron pochta xabarlarini olayotgani, unda o‘zini Robert deb tanishtirgan shaxs Trampning saylovoldi tashviqoti hujjatlarini taqdim etgani, ulardan birida vitse-prezidentlikka nomzod Jey Di Vensning «ehtimoliy zaifliklari» haqidagi ma’lumotlar borligini yozgan edi. 271 varaqdan iborat hujjat Vens bo‘yicha ochiq ma’lumotlarga asoslangan batafsil hisobot bo‘lgan. Shundan so‘ng, Tramp shtabi elektron pochta hakerlar tomonidan buzilganini e’lon qildi.

Saylov kampaniyasi matbuot kotibi Stiven Chung so‘zlariga ko‘ra, hujjatlar saylovga aralashish va butun demokratik jarayonni buzish niyatida bo‘lgan «AQSHga dushman xorijiy manbalardan» noqonuniy ravishda olingan. Tramp kampaniyasi Microsoft korporatsiyasi tadqiqotchilaridan Eron hukumatiga aloqador hakerlar iyun oyida prezidentlik kampaniyasining «yuqori martabali» a’zosi akkauntini buzishga uringani haqida hisobot olgan.

Tramp o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida saylovoldi tashviqoti saytlaridan biri Eron hukumati tomonidan buzib kirilgani haqida Microsoft korporatsiyasidan xabar olganini yozdi.

«Ular [Eron] faqat ommaga ochiq ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishdi, lekin ular bunday ish qilmasligi kerak. Eron va qolganlar hech narsadan to‘xtamaydi, chunki hukumatimiz zaif va samarasiz, lekin bu uzoqqa bormaydi», deb yozdi Tramp.

Microsoft vakili bu masala bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berishdan bosh tortgan. Eronning Nyu-Yorkdagi BMT doimiy vakolatxonasi Reuters agentligiga AQSH prezidentlik sayloviga aralashish niyati va maqsadi yo‘qligini aytgan.

Eron 2020 yil yanvarida Tramp prezident bo‘lgan paytda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgani uchun qasos olish bilan bir necha bor tahdid qilgan. Tramp Sulaymoniyni minglab amerikaliklarning o‘limi uchun javobgar deb hisobladi va general «ancha yillar oldin yo‘q qilinishi kerak edi» dedi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp saylovoldi shtabi hakerlar hujumiga uchradi va bunda Eronni aybladi