20:37 / 18.08.2024
614

Frontdagi vaziyat: Ukraina qurolli kuchlari katta tavakkalchilik qilmoqda

Frontdagi vaziyat: Ukraina qurolli kuchlari katta tavakkalchilik qilmoqda
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA
Kursk oblastidagi janglarga zaxiradagi barcha brigadalar tashlangan. Ukraina uchun bu amaliyot qanchalik muhim? RF qurolli kuchlari mudofaani qanday quradi?

Ikkinchi hafta oxiriga kelib Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi harakati sekinlashdi, ammo butunlay to‘xtab qolgani yo‘q. Rossiya qo‘mondonligi mudofaa chizig‘i yorib o‘tilgan hududga zaxira kuchlarni olib kelgan (hozircha bu guruh tarkibi ma’lum emas), ular raqibning asosiy yo‘llar bo‘ylab hujum yo‘nalishlarini to‘sib qo‘yish uchun tashlangan. Ukraina qurolli kuchlari esa bu bo‘linmalarga qanotlardan hujum qilishga urinmoqda. Ukraina qo‘mondonligi ham chegara orqali zaxira kuchlarni o‘tkazishni davom ettirmoqda.

Agar harakatga keltirilgan bo‘linmalarning oldindan ma’lum raqamlari bo‘yicha xulosa qilinsa, Ukraina qurolli kuchlari yoz davomida to‘plagan barcha zaxira kuchlar Kursk oblastiga olib kirilgani ma’lum bo‘ladi. Ammo bu brigadalar, katta ehtimol bilan, to‘liq tarkibda olib kirilmagan — ularning ko‘pchiligi faqat alohida batalyonlar bilan ishtirok etmoqda. Shu bilan birgalikda, Kursk frontiga hatto so‘nggi haftalargacha boshqa frontlarda faol harakatlangan brigadalarga mansub bo‘linmalar ham olib kelingan.

Katta ehtimol bilan, bu qarorlar shuni anglatadiki, Ukraina qo‘mondonligi shimoliy chegarani asosiy operativ yo‘nalish deb hisoblamoqda va frontning boshqa uchastkalarida yirik zarbalar tayyorlamayapti. Bu holatda amaliyotning maqsadi oddiy edi — RF qurolli kuchlari Donbassdagi o‘z yurishini to‘xtatib, qo‘shinlarning katta qismini Kursk yo‘nalishiga olib o‘tmagunicha bosimni davom ettirish. Bu esa ro‘y bermayapti. Aksincha, Rossiyaning Donbassning markaziy qismidagi yurishi yanada kuchayib bormoqda.

Kursk fronti

RF qurolli kuchlari Qora dengiz frontidagi 810-dengiz piyodalari brigadasi hamda alohida maxsus topshiriqli bo‘linmalardan Ukraina qurolli kuchlari egallab olgan Sudja shahridan g‘arb, sharq va shimolga qarab chiqadigan asosiy yo‘llar bo‘ylab to‘siq va pistirmalar hosil qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Sudja — Kursk trassasi RF qurolli kuchlari jangning ilk kunlaridayoq ukrain piyodalarining mobil guruhlaridan qaytarib olgan Martinovka qishlog‘i hududida to‘sib qo‘yilgan. Sudjaning sharqiy qismi egallanganidan keyin Ukraina qurolli kuchlari Martinovkadagi pozitsiyalarni sharqdan aylanib o‘tishga harakat qilmoqda. Hozirgacha buning imkoni bo‘lmagan.

Sudja — Lgov yo‘lini Rossiya bo‘linmalari Malaya Loknyada to‘sishgan. Ammo Ukraina qurolli kuchlari Sudja va Korenevo oralig‘idagi hududda to‘siqni chetlab o‘tishga muvaffaq bo‘lgan (ukrain kuchlari Korenevo markaziga ham kirgani haqida xabarlar bor). Ukrainlarning zirhlangan guruhi yurishi Rilsk — Lgov yo‘lidan 15 kilometr masofadagi Safonovkada to‘xtatilgan, bu Sudja g‘arbidagi barcha chegaradosh hududlar ta’minoti olib boriladigan yo‘ldir. Agar Ukraina qurolli kuchlari bu ta’minot yo‘lini kesib qo‘yadigan bo‘lsa, RF qurolli kuchlarining Rilskdan Korenevoga qadar mudofaasi zaiflashishi mumkin.

Ukraina kuchlari g‘arbdan zarbalar berish orqali Malaya Loknyadagi — keyin esa Kromskiye Bikiga qadar to‘siqlarni olib tashlashga harakat qilmoqda — bu orqali keyinroq Sudja — Lgov trassasi bo‘ylab yurish qilish imkoniyati yuzaga keladi.

Ukraina qurolli kuchlari allaqachon platsdarmni kengaytirish va uning ta’minoti uchun qo‘shimcha yo‘llarga ega bo‘lish maqsadida Sudjadan g‘arb tomonda chegara bo‘ylab oldinga yurishga intilmoqda. Bu yo‘nalishda ukrain bo‘linmasi Korenevodan janubroqdagi Vnezapne qishlog‘ini egallagan va Glushkovo qishlog‘i hamda unga qo‘shni bo‘lgan chegaradagi Tetkino zastavasi tomon siljishga harakat qilmoqda.

Sudjadan sharq tomon ham yana bir zarba berish rejalashtirilgandi — platsdarmani kengaytirish hamda Lgovga yurish uchun qanotlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida. Ukraina qurolli kuchlari Belaya rayoni markaziga o‘ta olmadi, ko‘plab texnikalarini yo‘qotdi, shu tufayli Spalnoye va Kamishnoye qishloqlari hududida, Psel daryosi bo‘yida mudofaalanmoqda.

Endi amaliyot dinamikasi har ikki tomon Kursk frontiga qanday zaxiralarni o‘tkazish mumkin deb hisoblashiga bog‘liq. Ko‘rinib turibdiki, Rossiya qo‘mondonligi Donbass markaziy qismidagi (Pokrovsk va Toretsk yo‘nalishlari) qo‘shinlardan foydalanish imkoniyatiga eng oxirgi o‘rindagi chora sifatida qaraydi.

Katta ehtimol bilan, Kursk oblastidagi ikki armiya guruhlari uchun ham kuch va vositalar donori Xarkiv fronti bo‘ladi. Ukraina qurolli kuchlari allaqachon 92-shturm brigadasining asosiy qismlarini Rossiya hududiga joylashtirgan, bu qismlar avvalroq Xarkivdan shimolda RF qurolli kuchlari egallab olgan Gluboke qishlog‘iga hujum qilayotgandi. 92-brigada mazkur hududdan ketishi bilan Rossiya qo‘shini Glubokedan sharqda hujumga o‘tdi.

Shu bilan birga, Glubokeni Rossiya tomonidagi asosiy zarbdor kuch — Tinch okeani flotining 155-dengiz piyodalar brigadasi ham tark etgan. Bu brigada qismlari allaqachon Belgorod oblastida Rossiya va Ukraina chegarasi bo‘ylab joylashtirilgan; uning yana boshqa bo‘linmalari esa Sudja tomon yurayotgan bo‘lishi mumkin.

Pokrovsk va Toretsk uchastkalari

Rossiya qo‘shini Pokrovsk (ukrain armiyasining Donbassdagi muhim logistik markazi) va unga qo‘shni Selidovo (Donetsk oblasti janubiy qismidagi Ukraina qurolli kuchlarini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi) yo‘nalishida yana bir necha kilometrga ilgariladi.

Janglar Grodovka (Pokrovskni to‘sib turuvchi qishloq) va Novogrodovka (o‘z navbatida, Selidovoga boruvchi yo‘lda joylashgan) posyolkalari ichkarisida davom etmoqda.

Rossiya yurishi so‘nggi haftalarda tezlashgani shuni ko‘rsatmoqdaki, ukrainlarning mazkur uchastkadagi mudofaasi haddan tashqari holdan toygan.

Pokrovsk va Selidovo rayonlari boy berilishi bu uchastkadagi ukrain kuchlari mamlakat sharqidagi asosiy ta’minot bazasi — Dniprodan uzilib qolishiga olib keladi.

Pokrovskdan 50 kilometr sharqda joylashgan Toretsk aglomeratsiyasida esa Rossiya qo‘shini Toretsk atrofidagi posyolkalarni egallashni deyarli yakunlab, to‘g‘ridan to‘g‘ri shaharning o‘ziga yaqinlashgan. Qarshilik o‘choqlari Nyu York (Fenol zavodi hududida) va Pivnichniyda («Severnaya» konlarining baland terrikonlari hududida) saqlanib qolgan. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Frontdagi vaziyat: Ukraina qurolli kuchlari katta tavakkalchilik qilmoqda