10:30 / 19.08.2024
20

AQSH davlat kotibi Blinken Isroilga tashrif buyurdi

AQSH davlat kotibi Blinken Isroilga tashrif buyurdi
Foto: Kevin Mohatt/AP Photo/picture alliance
AQSH davlat kotibi Entoni Blinken G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha bo‘lajak muzokaralar oldidan Isroilga tashrif buyurdi. Amerika diplomatiyasi rahbari Tel-Avivdagi Ben-Gurion aeroportiga qo‘ndi, deb xabar berdi AFP 18 avgust, yakshanba kuni.

Unga ko‘ra, Blinken 19 avgust kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, mudofaa vaziri Yoav Galant va prezident Itsxak Gersog bilan uchrashadi, 20 avgust kuni esa Misrga boradi.

Blinkenning G‘azodagi urush boshlanganidan beri Yaqin Sharqqa to‘qqizinchi tashrifi

Davlat departamenti matbuot kotibi o‘rinbosari Vedant Patel aniqlik kiritishicha, Blinkenning «intensiv diplomatik sa’y-harakatlari» 16 avgust kuni Vashington tomonidan Misr va Qatar ko‘magida taqdim etilgan vaqtinchalik taklifga asoslanadi.

«Ushbu taklif G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga erishish, barcha garovga olinganlarni ozod qilish, butun mintaqa bo‘ylab gumanitar yordam tarqatilishini ta’minlash va kengroq mintaqaviy barqarorlik uchun sharoit yaratish imkonini beradi», - deya ishontirdi Davlat departamenti.

Blinken yana bir bor mintaqadagi barcha mamlakatlarni keskinlashuv yoki kelishuvga erishish qobiliyatiga putur yetkazadigan boshqa harakatlardan tiyilishga chaqiradi.

AFP eslatganidek, bu AQSH davlat kotibining 2023 yil oktyabr oyida G‘azo sektorida urush boshlanganidan beri Yaqin Sharqqa to‘qqizinchi tashrifidir.

Netanyahu: Hamasga bosim o‘tkazish kerak

18 avgust kuni Netanyahu, uning fikricha, birinchi navbatda, Falastinning Hamas harakatiga bosim o‘tkazish kerakligini yana bir bor ta’kidladi.

«Hamas o‘z vakilini hatto Dohadagi muzokaralarga ham yubormadi, shuning uchun ham Isroil hukumatiga emas, balki Hamasga va (Yahyo) Sinvarga bosim o‘tkazish kerak», dedi Netanyahu vazirlar mahkamasi yig‘ilishida Hamasning yangi rahbariga ishora qilib.

G‘azo bo‘yicha taklif 7 oktyabr kuni o‘g‘irlab ketilgan barcha garovga olinganlarni Hamas qo‘yib yuboradigan uch bosqichli jarayonni talab qiladi. Buning evaziga Isroil o‘z kuchlarini G‘azo sektoridan olib chiqib ketadi va falastinlik mahbuslarni ozod etadi, deb eslatdi AP.

Britaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari Devid Lemmi va Stefan Sejurne ham 16 avgust kuni Isroilga tashrif buyurib, G‘azo bo‘yicha kelishuv zudlik bilan amalga oshirilishi zarurligini ta’kidladi.

Qohirada bo‘lajak uchrashuv

Avvalroq, 16 avgust kuni Dohada AQSH, Isroil, Misr va Qatar rasmiylari ishtirokida Isroil va Hamas o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish maqsadida muzokaralarning ikkinchi kuni bo‘lib o‘tgan edi. Raund yakunida Qo‘shma Shtatlar, Misr va Qatar bayonotida tomonlarga «ko‘priklar qurish taklifi» taqdim qilingani qayd etildi. Hafta oxirigacha Qohirada uch hukumatning yuqori martabali vakillari uchrashishi kutilmoqda, deb yozadi The New York Times.

Unga ko‘ra, Tehron o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muloqotni yanada rivojlantirish uchun vositachilarga vaqt berish maqsadida Isroil hududiga zarba berishni keyinga qoldirishga qaror qilgan.

Yaqin Sharqdagi keskinlashuv

7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri deyarli 40 ming falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH davlat kotibi Blinken Isroilga tashrif buyurdi