00:30 / 20.08.2024
32

Rossiya Kursk oblastini qutqarish uchun Ukrainadagi yurishini to‘xtatishi mumkinmi?

Rossiya Kursk oblastini qutqarish uchun Ukrainadagi yurishini to‘xtatishi mumkinmi?
Foto: Getty Images
Ukraina qo‘shinining Kursk oblastidagi yurishi uchinchi haftaga o‘tmoqda, ammo hozircha uning asosiy vazifalaridan biri — Rossiyani qo‘shinlarni frontning boshqa uchastkalaridan olib ketishga majbur qilish vazifasi bajarilmadi.

Bu Donbassda RF qo‘shinlarining doimiy hujumlarini qaytarib turgan ukrain bo‘linmalariga nafas rostlashga, ehtimol taktik vaziyatni yaxshilashga ham imkon bergan bo‘lardi. BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi Oleg Chernish shu mavzuni tahlil qildi.

Ko‘plab ekspertlar Rossiya qo‘shinlarini olib ketishi tez orada va sezilarli darajada bo‘lishiga shubha bilan qaramoqda.

To‘g‘ri, Ukraina qurolli kuchlari Kursk amaliyotini boshlaganidan keyin frontdagi boshqa ko‘plab uchastkalarda to‘qnashuvlar soni kamaygani qayd etilgan. Janglar shiddati susaygani u qadar jiddiy emas — 15-17 foiz atrofida, ammo shuning o‘zi ham shaxsiy tarkib va vositalar Kursk oblastiga olib o‘tilishi boshlanganini tasdiqlaydi.

G‘arbdagi nashrlar ham o‘z ma’lumotlariga tayanib, RF zaxira kuchlarini frontdan olib, Kursk atrofiga olib kelishni boshlaganini yozgan.

Xususan, Amerikadagi Wall Street Journal gazetasi AQSH rasmiylari orasidagi manbasiga asoslangan holda Rossiya kuchlari «qayta guruhlangani» haqida yozgan. Ammo nashr Moskva jang maydonidan aynan qancha qo‘shin olib ketayotgani haqida aniq ma’lumot bermagan.

BBC Ukraina xizmatining Ukraina harbiy rahbariyatiga yaqin manbasi aytishicha, zaxira kuchlar ko‘chirilishi Xarkiv, Kupyansk, Seversk, Zaporijjya va Xerson yo‘nalishlarida qayd etilgan.

Ukrainalik harbiy tahlilchi Konstantin Mashovetsga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari yurishidan keyin Rossiya qo‘mondonligi bu yurishni qaytarish uchun qo‘shinning 10-11 batalyondan iborat birinchi eshelonini shakllantirgan. Bu taxminan 3-5 ming kishilik qo‘shin degani.

Harbiy ekspert, zaxiradagi polkovnik Petro Chernik BBC bilan suhbatda Rossiya Kursk oblastida muvaffaqiyat qozonish uchun kamida 30-40 ming harbiydan iborat guruh to‘plashi lozimligini aytgan. Bu amalda Rossiyaning Ukrainadagi qo‘shinlarining 10 foizi demakdir.

Ekspert Kursk oblastidagi rossiyalik harbiylar soni ukrainlar guruhinikidan 3-4 baravar ko‘p bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Bu rossiyaliklar katta ehtimol bilan ukrainlarning yaxshi jihozlangan mudofaa chizig‘iga hujum qilishiga to‘g‘ri kelishi bilan bog‘liq.

«Vaqt Ukraina foydasiga ishlamoqda, chunki mustahkam o‘rnashish degan tushuncha bor va hujum qilayotgan tomon doimo katta yo‘qotishlarga duchor bo‘ladi», — deydi tahlilchi.

Xarkiv oblastidagi Rossiya qo‘shini

Chernikning fikricha, Kreml ayni vaqtda Xarkiv oblastida jang olib borayotgan «Sever» qo‘shinlar guruhidan katta miqdordagi zaxira kuchlarni jalb qila oladi. Ushbu guruh miqdori 75 ming kishiga yetadi va alohida batalyonlarni olib ketish allaqachon boshlangan.

Frontning aynan mazkur uchastkasi hududiy jihatdan Kursk oblastiga eng yaqini sanaladi.

10 may kuni Rossiya qo‘shini chegarani kesib o‘tgan va Xarkiv oblastiga kirib, Vovchansk shahri hamda Lipsi shaharchasi yo‘nalishlarida harakatlana boshlagandi.

Oldinga siljish faqat dastlabki ikki-uch kunda kuzatildi, keyin esa Ukraina bu yo‘nalishga zaxira kuchlarini olib keldi, guruh qo‘mondonini o‘zgartirdi hamda vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Shundan buyon Xarkiv oblastida front chizig‘i deyarli o‘zgarishga uchramadi. Rossiyalik harbiylar hamon Vovchanskning faqat bir qismida, Vovchya daryosidan shimolda jang qilmoqda, shuningdek Gluboke qishlog‘i tomondan Lipsiga yaqinlashib kelishga urinmoqda.

Rossiya armiyasi Vovchansk uchun bir necha oydan buyon muvaffaqiyatsiz jang qilmoqda
Ukrain kuchlari bu yo‘nalishlarda nafaqat himoyalanmoqda, balki qarshi hujumlarga ham o‘tib, raqibni himoyalanishga majbur qilmoqda.

Kursk oblasti ham Xarkiv oblasti kabi «Sever» guruhi javobgarlik zonasi ekani inobatga olinsa, Kursk atrofida birinchi navbatda aynan mazkur guruhning zaxiralari joylashtirilgani mantiqiydir.

Bunday bo‘linmalar ko‘chirib o‘tkazilgani to‘g‘risidagi ma’lumotni Ukraina qurolli kuchlarining «Xarkiv» operativ-taktik guruhi ham tasdiqlaydi.

«Dushman bizning yo‘nalishdan alohida bo‘linmalar, alohida kuch va vositalarni o‘ziga, Kurskka olib o‘tmoqda. Ammo hozircha bu bizning vaziyatimizga qandaydir jiddiy ta’sir ko‘rsatdi deya olmaymiz», — degan operativ-taktik guruh spikeri Vitaliy Saransev.

U Moskva Kursk oblastiga yirik tuzilmalar, masalan, butun brigadalarni emas, faqat ularning qismlarini o‘tkazayotganini ta’kidlaydi.

Bunday qayta joylashuv hali u qadar keng miqyosda bo‘lmayotganini rossiyaliklar so‘nggi kunlarda Xarkiv atrofida faol harakat qilayotgani ham ko‘rsatadi. Saransevning xabar qilishicha, 13 avgust kuni rossiyaliklar Lipsi tomon tanklar bilan yopirilma hujum uyushtirishga harakat qilgan, ammo ukrainlar hujumni qaytargan.

Vovchanskda ham rossiyaliklar shahar shimolidagi ko‘p qavatli uylar hududiga yurish qilishga urinib ko‘rgan, ammo ularda kichikkina Vovchya daryosining janubiy sohiliga o‘tish uchun kuch va vositalar yetarli emas, degan OTG spikeri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xarkiv tomon yurish boshlagan Rossiya guruhi miqdori 30 ming kishi atrofida bo‘lgan, ammo hozirda uning qancha qismi Kursk oblastiga qaytarilganini aytish qiyin.

Konstantin Mashovetsning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya Kursk atrofiga Xarkiv yo‘nalishidan to‘rtta motoo‘qchi batalyon olib o‘tgan, yana bir shunday batalyon — Kupyansk yo‘nalishidan kelgan.

Zaporijjya va Xerson oblastlaridagi qo‘shinlar

Ukraina qo‘mondonligi xabar berishicha, Rossiya Zaporijjya va Xerson oblastidagi qo‘shinlarning ham bir qismini olib chiqmoqda. Bu hududlarda o‘tgan haftada janglar intensivligi pasayishi kuzatilgan.

«Tavriya» operativ-strategik guruhi spikeri Dmitro Lixovoyning aytishicha, frontning bu uchastkasida Rossiya shusiz ham yoppasiga hujum amaliyotlari uchun yetarli resurslarga ega emasdi, endi esa bor bo‘linmalarning ham bir qismi olib ketilmoqda.

«Bizda Dniprbo‘yi va Zaporijjya yo‘nalishlaridagi okkupatsiya qo‘shinlarining ayrim bo‘linmalari qayta joylashtirilayotgani to‘g‘risida razvedka ma’lumoti bor», — degan u.

Zaporijjya oblastida Rossiya armiyasi Ukraina QK o‘tgan yilda ozod qilgan Rabotine qishlog‘i atrofida yurish qilishga urinib ko‘rdi. Hozirda ushbu aholi yashash manzili ikki tomonga ham qarashli bo‘lmagan «kulrang zona» hisoblanadi
Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Kursk oblastidagi harbiy harakatlarning Ukraina janubidagi operativ holatga ta’siri haqida gapirishga hali erta.

Xerson yo‘nalishidagi janglarda qatnashib kelgan 810-dengiz piyodalari brigadasi ham joylashuv manzilini o‘zgartirgani ma’lum. Sevastopolda tuzilgan ushbu brigada allaqachon Kursk atrofidagi janglarda ko‘rinish bergan. Buning ko‘plab foto va videodalillari mavjud.

Bu brigada urush boshida Volnovaha va Mariupol uchun janglarda qatnashib, katta yo‘qotishlarga uchragandi. Keyin esa Zaporijjya yo‘nalishida va Krinki qishlog‘i uchun janglarda qatnashdi.

Ammo, frontning boshqa uchastkalarida bo‘lgani kabi, Rossiya Ukrainadagi jang maydonlaridan bo‘linmalarni to‘liq tarkibda emas, faqat ularning qismlarini, jumladan front ortidagi batalyonlar va maxsus topshiriqli kuchlarning rotalarini olib ketmoqda.

Pokrovsk, Toretsk: Donetsk frontida nima gaplar?

Avgust oyi o‘rtalarida Donetsk oblastidagi Pokrovsk va Toretsk shaharlarida ukrain armiyasining ahvoli og‘irlashib qoldi.

Bu shaharlardan birinchisiga Rossiya qo‘shini allaqachon 10-15 km masofaga yaqinlashib kelgan va hozirgi sur’at saqlanib tursa, yaqin haftalarda ushbu logistik markazni sharq va janubdagi strategik muhim yo‘llardan uzib qo‘yishlari mumkin.

Toretsk borasida esa rossiyaliklar anchadan buyon uning chekkalarida jang qilayotganini aytish mumkin, ular shahar yaqinidagi Nyu York posyolkasini qariyb to‘liq egallagan va shu kunlarda shaharning o‘zini shturm qilishga tayyorlanmoqda.

Bu yo‘nalishdagi ukrain jangchilari holdan toyishgani, katta yo‘qotishlarga uchrashgani, bo‘linmalar barqaror emasligi va mudofaa uchun tayyor kadrlar yetishmovchiligi haqida shikoyat qilib kelmoqda.

Ekspertlar esa Donbassdagi muvaffaqiyatlarini ko‘rib turgan Rossiya frontning bu uchastkasidan qo‘shinlarning kichik qismini ham olib, Kursk atrofiga tashlamasligini aytishmoqda.

«Harbiy to‘qnashuv chizig‘idan qo‘shinlar katta miqdorda, yoppasiga olib ketilishi bo‘lmaydi, chunki rossiyaliklar uchun Donetsk oblastini egallash ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda», — deydi Petro Chernik.

Qolaversa, Rossiya buni tezda amalga oshira olmaydi ham — kamida logistik muammolar tufayli.

«Frontdan qo‘shinni olib ketish oson ish bo‘lib tuyuladi. Soatiga 200 km tezlikda harakatlanayotgan avtomobilni tasavvur qilib ko‘ring. Uni keskin burib bo‘lmaydi. Urushda ham shunday — kuch va vositalar asta-sekinlik bilan shakllantiriladi», — degan u.

Konstantin Mashoves Kreml oxirgi pallaga qadar Pokrovsk va Toretsk yo‘nalishlaridagi bo‘linmalarni olib ketmasligiga ishonchi komil.

Toretskdagi ko‘p qavatli uy Rossiya artilleriya zarbalari va aviatsiya bombalaridan jiddiy shikastlangan
«Shu tufayli, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi amaliyoti hatto strategik darajada raqib zaxira kuchlarini „jalb qilish“ istiqboliga ega bo‘lsa-da (men esa bunga shubha bilan qarayman), Rossiyaning yurishi yaqin vaqtlar ichida hamma yo‘nalishlarda va birdaniga to‘xtashini kutmagan bo‘lardim», — deya xulosa qiladi tahlilchi.

«Pokrovsk va Toretsk yo‘nalishlaridagi hujumga Kursk oblasti bir yoqda tursin, hatto Murmansk va Vladivostokka Antanta desant tushirishi ham ta’sir qila olmaydi», — deya kinoya qiladi Mudofaa strategiyalari markazi harbiy eksperti Viktor Kevlyuk.

«U yerda raqib katta qurbonlik berib bo‘lsa ham muvaffaqiyat qozonmoqda. Va o‘z niyatidan qaytmaydi», — degan u.

Ammo boshqa barcha yo‘nalishlarda yurish sur’atlari pasaygan, janubda esa janglar amalda to‘xtab qolgan, faqat «lokal to‘qnashuvlar» uchrab turibdi.

G‘arb nashrlari o‘z manbalariga asoslanib yozishicha, bu dilemmani — bir vaqtning o‘zida qo‘shinlarni Donbassda qoldirish hamda Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yurishini qaytarishni — Kreml faqat yangi safarbarlik to‘lqinini e’lon qilish orqali hal qilishi mumkin.

Bloomberg nashri qayd etishicha, Putin bunday qarorni joriy yil oxirlariga borib qabul qilishi mumkin.

Kremldagilar bu ma’lumotga hozircha rasmiy munosabat bildirmadi, Davlat dumasining mudofaa qo‘mitasi esa bunday reja borligini rad etmoqda. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya Kursk oblastini qutqarish uchun Ukrainadagi yurishini to‘xtatishi mumkinmi?