19:11 / 29.08.2024
30

Telegram qaysi davlatlarda, nima sababdan taqiqlangan?

Telegram kompaniyasi dunyoning turli mamlakatlarida bir necha bor ziddiyatli vaziyatga duch kelgan. Messenjer terrorizmni targ‘ib qilish, noqonuniy giyohvand moddalar savdosi, dezinformatsiya tarqatish va ekstremizmni qo‘llab-quvvatlashda ayblanmoqda.
Telegram qaysi davlatlarda, nima sababdan taqiqlangan?
Foto: Getty Images
Telegram asoschisi va bosh direktori Pavel Durov hibsga olinganidan so‘ng, ilova yana qattiq tanqidlar obyektiga aylandi. Durov 24 avgust kuni Ozarbayjondan Parijga shaxsiy samolyotida borganda Le Burje aeroportida qo‘lga olindi. U fransuz huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan Telegram'da kiber va moliyaviy jinoyatlar masalalarida hamkorlik qilishdan bosh tortganlikda ayblandi.

U hibsga olinganidan keyin: “Telegram bosh direktori Pavel Durovning yashiradigan hech narsasi yo‘q. Odatda tez-tez Yevropa bo‘ylab sayohat qiladi. Ilova suiiste’mol qilingani uchun platforma yoki uning egasini javobgar deb topish absurd”, deya munosabat bildirdi Telegram jamoasi.

Xabarlar almashish ilovasi shu kabi ayblovlar yoki hukumatning ommaviy axborot vositalari erkinligini cheklashi sababli ba’zi mamlakatlarda taqiqlagan va allaqachon ko‘plab mamlakatlarda ziddiyatlarga sabab bo‘lgan.

2015 yildan beri Telegram 31 ta mamlakatda vaqtincha yoki butunlay taqiqlangan, bu butun dunyo bo‘ylab 3 milliarddan ortiq foydalanuvchi demakdir.

Telegram bilan muammoga duch kelgan mamlakatlar haqida quyida ma’lumot beramiz:

Buyuk Britaniya
Avgust oyi boshida Telegram Buyuk Britaniyadagi muhojirlarga qarshi tartibsizliklarni rejalashtirish va muvofiqlashtirish uchun ishlatilgan, deya xabar beradi Britaniya politsiyasi.

Bu Angliya shimolida bolalar o‘ldirilganidan keyin sodir bo‘ldi, shundan so‘ng Telegram ekstremist guruhlar tomonidan qochqinlar, musulmonlarga nisbatan nafratni targ‘ib qilish, hujum joylari va nishonlari haqida ma’lumot almashishda foydalanildi.

Britaniya bosh vaziri Key Starmer ijtimoiy tarmoqlardagi tartibsizliklarning tarqalishiga hissa qo‘shayotgan bunday faoliyatga qarshi keskin choralar ko‘rilishini bildirdi. Biroq hozirgacha Telegram'ga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmadi. Biroq Starmer 2021 yilda barchani kompaniyaga qarshi “qattiq va samarali sanksiyalar” qo‘llashga chaqirdi.

Ispaniya
Mart oyida Ispaniya aholisi qisqa muddatga Telegram'dan foydalanish imkonidan mahrum bo‘ldi: mamlakatning to‘rt asosiy media-nashrlari – Mediaset, Atresmedia, Movistar va Egeda ular tomonidan yaratilgan, mualliflik huquqi bilan himoyalangan kontent ruxsatsiz Telegram orqali tarqatilayotganidan shikoyat qilganidan so‘ng, sud ilovani taqiqladi.

2023 yil iyulida sud ishni ko‘rib chiqish uchun Telegram'dan qo‘shimcha ma’lumot yuborishni so‘radi. Messenjer vakillari javob bermaganidan so‘ng esa ilovani bloklash buyurildi. Biroq nomutanosiblik va millionlab foydalanuvchilarga zarar yetkazishi mumkin, kabi tanqidlardan keyin qaror bekor qilindi.

Norvegiya
Mamlakat ushbu ilovani milliy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin deb hisoblaydi. Shu sababdan 2023 yil mart oyida amaldorlar va siyosiy maslahatchilarga ish qurilmalaridan Telegram va TikTok'dan foydalanishga taqiq qo‘yildi.

Focus 2023 tahdidlarini ochiq baholashda razvedka xizmati Norvegiya xavfsizligi manfaatlariga asosiy tahdid sifatida Rossiya va Xitoyni ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, ular ijtimoiy tarmoqlar dezinformatsiya va soxta yangiliklar orqali bizga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lganlar uchun qulay maydon ekanini ta’kidlamoqda”, dedi adliya vaziri Emilie Enger Mehl.

Germaniya
2022 yilda Germaniya hukumati 64 ta kanal nafratga qarshi qonunlarni buzishi mumkinligini aniqlagandan so‘ng Telegram'ni taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqdi. Xususan, antisemit kanallar haqida so‘z bordi.

Germaniya Telegram operatorlariga mamlakat qonunchiligiga rioya qilmagani uchun 5 million yevro miqdorida jarima soldi. Messenjer Germaniya hukumati bilan hamkorlik qilishga rozilik bildirgan va ushbu videolar bilan bir qatorda noqonuniy kontentga ega bo‘lgan barcha materiallarni o‘chirib tashlagan.

Ukraina
Telegram 2022 yil boshida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri asosiy aloqa ilovasiga aylandi: prezident Vladimir Zelenskiy har kuni kanalida murojaat qoldirdi, messenjerdan frontda aloqa uchun foydalanildi.

Foto: Axios
Biroq rossiyaliklar ham undan o‘z maqsadlarida, xususan, dezinformatsiya tarqatish va harbiy guruhlarni buzish uchun foydalanmoqda. Bu Ukrainani agar kompaniya ma’lum o‘zgartirishlar kiritmasa, masalan, Ukrainada ofis ochmasa va zararli yoki yolg‘on kontentni olib tashlamasa, Telegram’ni taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqishga majbur qildi.

Rossiya
2018 yilda kompaniya asoschisi va bosh direktori Pavel Durov ba’zi foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni rasmiy idoralarga topshirish talablarini bajarmagani uchun Rossiya Telegram'ni ikki yilga taqiqlagandi. Ammo taqiq yaroqsiz bo‘lib qoldi. Dastur esa aholi uchun yangiliklarning asosiy elchisiga aylandi.

Vaqtinchalik taqiqqa qaramay, rasmiy Telegram kanallari keyinchalik Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi kabi davlat idoralariga kirib keldi.

Belarus
Belarusda Telegram 2020 va 2021 yillardagi hukumatga qarshi namoyishlar haqida ma’lumot almashish uchun asosiy vosita bo‘lgan. Ilova hatto prezidentlik saylovlari paytida mamlakat interneti uch kunga yopilgan davrda ham ishlashda davom etgan kam sonli ilovalardan biri edi.

Ovoz berishdan so‘ng Belarusda ekstremistik va asosan hukumatga qarshi deb topilgan Telegram kanallari ro‘yxati e’lon qilindi. Xalqaro Amnistiya tashkilotiga ko‘ra, ularga qo‘shilgan foydalanuvchilar yetti yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Xitoy
Telegram Xitoyda 2015 yildan beri bloklangan. Xitoy rasmiylari ushbu messenjer milliy xavfsizlikka tahdid soladi, go‘yoki unda salbiy kontent tarqaladi, norozilik aksiyalari va hukumat nazorati ostida bo‘lmagan jamoat harakatlari tashkil etiladi, deb hisoblaydi.

Foto: Time
Ba’zi ekspertlarning fikricha, Xitoy hukumatining o‘zi hukumat va kommunistik partiyani tanqid qilib, blokirovka uchun sabab yaratish uchun “hujumlar” uyushtirgan.

Eron
Telegram Eronda mamlakatning iqtisodiy ahvolini yaxshilash talabi bilan boshlangan norozilik namoyishlari ortidan 2018 yildan so‘ng bloklangan. Hukumat Telegram'ni namoyishlarga yordam berganlikda ayblab, Eronda ishlab chiqarilgan mahalliy ilovalarni qo‘llab-quvvatlash kerakligini aytgan.

Taqiqdan avval Eronning 80 millionlik aholisining yarmi Telegram’dan foydalanishi xabar qilingan. Ko‘pchilik hali ham VPN orqali ilovadan foydalanishda davom etmoqda.

Hindiston
Durov hibsga olinganidan bir kun o‘tib Hindiston hukumati Telegram'ning bir necha jinoiy faoliyatdagi o‘rni bo‘yicha tergov olib borilayotganini ma’lum qildi. Taqiqlash to‘g‘risidagi qaror tergov tugaguniga qadar qabul qilinishi mumkin.

Aytilishicha, messenjer orqali bolalar pornografiyasi va universitet kirish imtihoni varaqlari tarqatilgan, aksiyalar narxi manipulyatsiya qilingan va tovlamachiliklar amalga oshirilgan.

Foto: Times of India
Iyul oyida hukumat Telegram kanalidagi administrator po‘lat list ishlab chiqaruvchi kompaniya aksiyalari narxini sun’iy o‘zgartirgani uchun 20 000 yevrodan ko‘proq mablag‘ olganini fosh qiluvchi sxemalardan birini aniqladi.

Telegram'dagi eng keng tarqalgan firibgarlik turlaridan biri bu investitsion firibgarliklar bo‘lib, unda foydalanuvchi guruhga taklif etiladi va rasmiy birja savdo ilovasini aks ettiruvchi aslida soxta dastur orqali aksiyalarga investitsiya qilish so‘raladi”, dedi Dehli politsiyasining kiberjinoyatchilik bo‘limi.

Tailand
Telegram Tailandda 2020 yildan beri hukumatga qarshi norozilik namoyishlarida qo‘llangani uchun taqiqlangan. Ilova orqali 2014 yilda davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyatni qo‘lga kiritgan sobiq bosh vazir Prayut Chan-o-chaning iste’fosi talab qilingan materiallar tarqatilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Telegram qaysi davlatlarda, nima sababdan taqiqlangan?