JSST ogohlantirdi: har besh insondan biri saratonga chalinadi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) saraton kasalligi bo‘yicha yangi hisobotini e’lon qildi. Unda qayd etilishicha, tibbiyotdagi katta yutuqlar va yangi davolash usullariga qaramay, bu xastalik hali ham insoniyat uchun eng jiddiy xavflardan biri bo‘lib qolmoqda.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har besh nafar insondan biri umri davomida saratonga chalinishi mumkin. Shuningdek, aholining qariyb 92 foizi bevosita yoki yaqinlari orqali ushbu kasallik bilan to‘qnash keladi.
JSST vakili doktor Andre Ilbavining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda saratonni davolash bo‘yicha muhim ilmiy kashfiyotlar qilingan bo‘lsa-da, bemorlar hanuz og‘ir jismoniy, ruhiy va moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda.
Hisobotda davlatlar o‘rtasidagi tibbiy imkoniyatlar tafovuti tobora kuchayib borayotgani ham qayd etilgan. Boy mamlakatlarda ko‘krak saratoni yoki bolalar saratoniga chalingan bemorlarning 85 foizi kamida besh yil yashasa, kambag‘al davlatlarda bu ko‘rsatkich 30 foizga ham yetmaydi.
Hozirgi kunda har yili dunyo bo‘yicha taxminan 20,6 million kishida saraton aniqlanadi, 10 millionga yaqin inson esa ushbu kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, 2050 yilga borib yangi kasallanish holatlari soni 35 milliongacha ko‘payishi mumkin.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, kam daromadli davlatlarda saratonga qarshi eng zarur dorilarning atigi 9–54 foizi mavjud. Ba’zi mamlakatlarda esa radioterapiya uskunalari umuman yo‘q. Bu esa tashxis qo‘yish va samarali davolash imkoniyatlarini keskin cheklamoqda.
Mutaxassislar yana bir jiddiy muammoga e’tibor qaratdi. Dunyo mamlakatlarining qariyb uchdan ikki qismida saratonni davolash davlat tomonidan to‘liq qoplanmaydi. Davolash xarajatlari yuqoriligi sababli ayrim hududlarda bemorlarning katta qismi muolajani yarim yo‘lda to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, hisobotda ijobiy yangiliklar ham keltirilgan. Xususan, bachadon bo‘yni saratonining oldini olish va uni bartaraf etish bo‘yicha samarali yechimlar paydo bo‘lgani, ko‘plab davlatlarda tamaki iste’moli kamayib borayotgani hamda milliy onkologiya dasturlari kengayib borayotgani ta’kidlangan.
Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi mutaxassislari fikricha, har o‘nta yangi saraton holatining to‘rttasi tamaki chekish, alkogol iste’moli, infeksiyalar va ortiqcha vazn kabi oldini olish mumkin bo‘lgan xavf omillari bilan bog‘liq.
JSST hukumatlarni profilaktika, erta tashxis va davolash tizimlarini kuchaytirish, shuningdek, saratonga qarshi xizmatlarni aholi uchun yanada ochiq va moliyaviy jihatdan qulay qilishga chaqirdi. Bu orqali millionlab insonlarning hayotini saqlab qolish mumkinligi ta’kidlanmoqda.






























Izohlar 0
…