09:19 / 04.09.2024
27

AQSH Hamas yetakchilariga ayblov e’lon qildi

AQSH Hamas yetakchilariga ayblov e’lon qildi
Foto: J. Scott Applewhite/AP/picture alliance
AQSH Adliya vazirligi Falastinning Hamas harakati bir qancha yetakchilarini terrorizm, qotillik bo‘yicha fitna uyushtirish va sanksiyalardan bo‘yin tovlashda aybladi. Bu haqda 3 sentyabr, seshanba kuni idora matbuot xizmati xabar berdi.

Tergovchilarga ko‘ra, ayblovlar Hamas yetakchilarining 2023 yil 7 oktyabrda Isroilda hujum harakatlarini rejalashtirish, qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishdagi markaziy roli bilan bog‘liq.

«Adliya vazirligi Yahyo Sinvar va boshqa yuqori martabali Hamas rahbarlarini Amerika fuqarolarini o‘ldirish va Amerika Qo‘shma Shtatlari milliy xavfsizligiga tahdid soladigan o‘nlab yillar davom etgan kampaniyani moliyalash, boshqarish va nazorat qilishda aybladi», dedi adliya vaziri va AQSH bosh prokurori Merrik Garlend.

Uning eslatishicha, 7 oktyabr kuni gumonlanuvchilar 1200 ga yaqin odamni, jumladan 40 dan ortiq AQSH fuqarolarini o‘ldirgan va yuzlab tinch aholini o‘g‘irlab ketgan.

Netanyahu: Hamas garovga olinganlarning o‘limi uchun qattiq javob beradi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotni Hamas tashkiloti mag‘lubiyatga uchramaguncha va jangchilar qo‘lida qolgan isroillik garovga olinganlar ozod qilinmaguncha davom ettirishga qat’iy qaror qildi. Bu haqda Isroil harbiy vazirlar mahkamasi rahbarining Rafah shahri yaqinidagi tunnellardan birida garovga olingan olti kishining jasadi topilganidan ko‘p o‘tmay, 2 sentyabr, dushanba kuni kechqurun o‘tkazilgan matbuot anjumanida bergan bayonotlarida aytilgan.

30 avgust kuni G‘azo sektori janubida to‘rt erkak va ikki ayolning jasadi topilgan edi. Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligi 31 avgust kuni o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizadan so‘ng ma’lum qilishicha, garovga olinganlar 2-3 kun avval «Hamas tomonidan yaqin masofadan bir nechta o‘q uzish natijasida» o‘ldirilgan.

2 centyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ushbu fojiani izohlar ekan, Netanyahu halok bo‘lganlarning yaqinlaridan Isroil hukumati ularni tiriklayin uyiga qaytara olmagani uchun kechirim so‘radi. «Biz yaqinlashdik, ammo muvaffaqiyatga erisha olmadik», deb tan oldi u. Shu bilan birga, Isroil bosh vaziri Hamas bu jinoyat uchun qattiq javob berishini ta’kidladi.

Yaqin Sharqdagi keskinlashuv

2023 yil 7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 40,7 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Hamas yetakchilariga ayblov e’lon qildi