20:30 / 08.09.2024
58

Frontdagi vaziyat: Donbassdagi ukrain mudofaasi inqirozi kuchayib bormoqda

Frontdagi vaziyat: Donbassdagi ukrain mudofaasi inqirozi kuchayib bormoqda
Ukraina qurolli kuchlari yillar mobaynida ushlab turgan bir necha muhim istehkomlar xavf ostida. Ukraina qurolli kuchlarining Kursk atrofidagi yurishi bilan nima bo‘lmoqda?

Rossiya armiyasi Pokrovsk yo‘nalishida so‘nggi haftalarda erishgan muvaffaqiyatlarini mustahkamlashda davom etmoqda. Shu bilan birga, RF qurolli kuchlari hozircha ukrain qo‘shini uchun logistika nuqtayi nazaridan o‘ta muhim bo‘lgan shaharning o‘zini shturm qilishga shoshilmayapti. Buning o‘rniga ular asosiy kuchlar bilan janub tomonga yo‘nalgan. Bunday manyovr Ukraina qurolli kuchlarining Donbass janubidagi chuqur inqirozini keltirib chiqardi.

Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari qurshovga tushib qolish xavfi ostida Nevelskoye qishlog‘i hududidagi bo‘rtiqdan (Maryinka va Krasnohorivka shimolida) qo‘shinlarni olib ketishga majbur bo‘ladi, ular bu pozitsiyalarni bir yildan ortiq vaqt mobaynida RF qurolli kuchlarining o‘nlab hujumlarini qaytargan holda ushlab turgandi. Bu esa ahamiyati Pokrovsknikidan kam bo‘lmagan Kuraxovo shahrini — Donbass janubidagi hududlar uchun ta’minot chiziqlari tuguni bo‘lgan hududni jiddiy xavf ostida qoldirishi mumkin.

Ukraina qurolli kuchlari Kuraxovo hududida mudofaani kuchaytirish uchun katta ehtimol bilan qo‘shni Vuhledardagi kuchlarni olib o‘tadi — bu ham yillar mobaynida ushlab turilgan va RF qurolli kuchlarining ko‘plab hujumlarini boshdan kechirgan yana bir istehkomdir. Rossiya qo‘mondonligi Vuhledar fronti zaiflashuviga darhol reaksiya qildi — shaharga shimol, sharq va janubdan kuchli hujumlar uyushtirilmoqda.

Pokrovsk fronti

Rossiya qo‘shini 10 kun muqaddam Pokrovsk va Mirnogradga janubdan hujum qilishga urinishlarni to‘xtatdi. Asosiy kuchlar janubga burildi va Selidovoga qadar yetib keldi. Ammo aftidan, bu shahar ham yurishning birinchi galdagi nishoni bo‘lmagan. So‘nggi haftada Donetsk — Pokrovsk yo‘lidagi Karlovka qishlog‘ini egallagan Rossiya qo‘shini janubga yurishda davom etdi. Galitsinovka va Dolinovka qishloqlari ham egallangan.

Shu tariqa, Rossiyaning yirik guruhi (kamida butun bir motoo‘qchilar brigadasi) sharq tomon ancha ichkari — qariyb Donetsk yaqinigacha kirib borgan bo‘rtiqni mudofaa qilayotgan ukrain qo‘shini ortidan chiqdi. Ukraina qurolli kuchlari aynan shu yerdan turib Donetskni — Rossiyaning Donbassdagi butun guruhi ta’minoti markazi hisoblangan shaharni o‘qqa tutish imkoniyatiga ega.

Ukrainaning mazkur pozitsiyasi markazi Nevelskoye qishlog‘i yaqinidagi tepalikda joylashgan. RF mudofaa vazirligi Nevelskoye egallangani haqida mart oyidayoq xabar bergandi, ammo amalda Ukraina qurolli kuchlari atrofdagi hududlarni va tepaliklarni nazorat qilishda davom etdi.

Qishloq atrofidagi hududlarni 59-mexanizatsiyalashgan brigadasi mudofaa qilmoqda, uning bo‘linmalari shu vaqtgacha Rossiya qo‘shinlarining o‘nlab shturmlarini qaytargan. Boshqa ishlardan tashqari, ular Donetsk — Pokrovsk trassasini olov nazoratida ushlab turibdi, bu yo‘lda muntazam ravishda RF qurolli kuchlarining ta’minot mashinalari hamda zirhli texnikalari zarbaga uchraydi. Bu yo‘l ustidan nazorat o‘rnatilishi Rossiya qo‘mondonligiga Pokrovsk va Selidovo atrofidagi kuchlariga ta’minot yetkazib berish imkoniyatini yaxshilaydi.

Nevelskoye qurshovga olinishi oson ish emas: Rossiya yurishi sur’atlari hamon yuqori emas, bu esa Ukraina qurolli kuchlari istalgan mahalda «qop»ni tark etishiga imkon beradi. Hozircha 59-brigada batalyonlari Nevelskoye hududidan ketganini ko‘rsatuvchi biror belgi yo‘q. Rossiya qo‘shini Galitsinovkadan (katta ehtimol bilan, ushbu hududdagi yirik aholi yashash manzillari — Ukrainsk va Gornyakni chetlab o‘tgan holda) janubga qarab harakatlanar ekan, ukrain kuchlarini to‘la jangovar holatda va barcha texnikalari bilan olib chiqish tobora qiyinroq vazifaga aylanmoqda. Rossiya guruhi janubdan ham — avvalroq egallangan Krasnohorivka tomondan ham yurishga qo‘shilishi mumkin.

Vuhledar yo‘nalishi

Vuhledar — Ukraina qurolli kuchlari yillar mobaynida rossiyaliklarning muntazam amalga oshirgan shturmlariga qaramay, ushlab turgan yana bir muhim tayanch punktidir. Aynan ushbu shahar Ukrainaning Donbass janubidagi mudofaasida tamal toshi edi.

Vuhledarga janubdan qilingan hujumlar orqali maqsadiga erisha olmagan RF qurolli kuchlari so‘nggi oylarda unga sharqdan yaqinlashga harakat qilmoqda. Maqsad yaqin: Rossiya qo‘shini Vuhledarga shimoldan keluvchi yo‘lni to‘sib qo‘ygan va endi shahar mudofaasi uchun muhim bo‘lgan obyektlar — Vodyane qishlog‘i hamda «Yujnodonbasskaya-1» konini shturm qilmoqda.

Sentyabr boshida RF qurolli kuchlari kutilmaganda Vuhledar g‘arbiga hujum qilib, Prechistovka qishlog‘ini egalladi va ukrainlarning Donbass janubidagi mudofaasidagi yana bir muhim nuqta — Velika Novosilkaga boruvchi yo‘lni kesib qo‘ydi. Bu yurish davom ettirilishi bilan ikki aholi yashash manzili va ulardagi garnizonlarga xavf kuchayadi (Rossiya qo‘shini Velika Novosilkaga janubdan yaqinlashmoqda).

Toretsk fronti

Toretskdan janub va sharqdagi ishchilar posyolkalarini egallab, shahar chekkalariga yetib kelgan Rossiya qo‘shini harakatini sekinlashtirgan.

Bu Ukraina qurolli kuchlari shaharga olib kelgan zaxira kuchlarining qarshi harakatlari tufayli ham, yurish qilayotgan bo‘linmalar ta’minot bazalari hamda Horlivkadagi artilleriya pozitsiyalaridan uzoqlashib ketgani bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Katta ehtimol bilan, RF qurolli kuchlari Nyu York posyolkasidagi fenol zavodini egallay olmadi, bu hudud Toretskka janub va janubi-g‘arbdan hujum qilish uchun muhim tayanch punkt vazifasini o‘tashi mumkin edi.

Boshqa tomondan, Rossiya qo‘shini sharqdan — Kleshchiyevka, Andriyivka va Baxmut janubidagi Ozaryanovkadan turib Toretsk yo‘nalishida hujum boshlagan.

RF qurolli kuchlari Chasiv Yar yaqinida Severskiy Dones — Donbass kanalini kechib o‘tishga, bu orqali uning g‘arbiy sohilida bir necha barqaror platsdarmlar tashkil etishga qaratilgan harakatlarini davom ettirmoqda. Ular bu platsdarmlardan turib Chasiv Yarga bosim qilishi, shu bilan birga Toretsk shturmini qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lardi. Lekin Chasiv Yar yo‘nalishida bosim o‘tkazish imkoniyati cheklangan, chunki Rossiya kuchlarining kattagina qismi bu yerdan olinib, Kursk oblastiga tashlangan. Ammo Ukraina qurolli kuchlari ham nisbatan jangovar kuchlarini Pokrovsk hududiga yuborib, shahar mudofaasini kuchsizlantirgan.

Kursk oblasti

Ukraina qurolli kuchlari uchta trassa: Sudja — Kursk, Sudja — Lgov va Sudja — Rilsk trassalari bo‘ylab bosimni davom ettirmoqda. Ular uch yo‘nalishdan ikkitasida yutuqlarga erishgan.

Sudja — Rilsk bo‘yidagi Korenevoda, shuningdek janubroqda — Glushkovo hududida — ukrainlarning yurishi to‘xtab qolgan. Ukraina qurolli kuchlari Korenevo shimoliy-sharqiy chekkasidagi Olgovka qishlog‘ining bir qismidan siqib chiqarilgan.

Ukraina qo‘shini bir necha haftalik janglardan keyin Sudja — Lgov yo‘lidagi Malaya Loknyani egallagan va shimolga bir necha kilometrga ilgarilagan. Ammo RF qurolli kuchlarining Kromskiye Bikidagi keyingi to‘sig‘i hozircha ishonchli ko‘rinmoqda.

Ukraina qo‘shini Sudja — Kursk trassasida Martinovka qishlog‘ini ham egallagan, bu hududdagi janglar yurishning ilk kunlaridan buyon davom etayotgandi. Ammo trassa bo‘ylab oldinga yurishga RF qurolli kuchlari Bolshoy Soldatskoye va uning atrofida o‘rnatgan kuchli himoyasi to‘sqinlik qilmoqda.

Nima bo‘lganda ham Rossiya qo‘shini hozircha Kursk oblastidagi vaziyatni to‘liq barqarorlashtirishga erishmadi. Ukraina qurolli kuchlari tashabbusni o‘zida saqlab qolmoqda — va o‘z hujumlari bilan Rossiya qo‘mondonligini Ukraina sharqidagi yurishini zaiflashtirishga umidni ham. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Frontdagi vaziyat: Donbassdagi ukrain mudofaasi inqirozi kuchayib bormoqda