17:20 / 30.09.2024
24

Isroil ilk bor Bayrut markaziga zarba berdi

Isroil ilk bor Bayrut markaziga zarba berdi
Foto: Reuters
Falastinni ozod etish xalq fronti Bayrutning Kola tumaniga zarba yo‘llanishi oqibatida uch nafar yetakchisi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Voqea joyidan olingan kadrlarda ko‘p qavatli turar joyning qavatlaridan biri vayron bo‘lgani aks etgan. Zarbadan keyin bu yerda yong‘in boshlangan.

AFP ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar orasida — Falastinni ozod etish xalq fronti guruhi xavfsizlik xizmati boshlig‘i Muhammad Abdul-Aal ham bor.

Bu joriy eskalatsiya davomida shahar ichkarisiga yo‘llangan ilk zarba bo‘ldi — bungacha isroillik harbiylar asosan Bayrut shahrining «Hizbulloh» obyektlari joylashgan janubiy chekkalarini va Livanning boshqa hududlarini o‘qqa tutib kelayotgandi.

Falastinni ozod qilish xalq fronti — Isroilga qarshi kurashda ishtirok etuvchi harbiylashgan guruhdir (u AQSH, Kanada, Yevroittifoq va Buyuk Britaniyada terrorchilik tashkiloti deb tan olingan).

Voqea joyidan olingan kadrlarga ko‘ra, ko‘p kvartirali uy qavatlaridan biriga aniq zarba berilgan. Foto: Anadolu/Getty Images
O‘z navbatida, Hamas Livandagi yetakchisi Fotih Sherif Abu al-Amin rafiqasi, o‘g‘li va qizi bilan birgalikda halok bo‘lganini ma’lum qildi. Dushanba tongida Livan janubidagi Tir shahrida falastinlik qochqinlar lagerida uning uyi zarbaga uchragan.

Isroil mudofaa armiyasi hozircha bu xabarlar yuzasidan munosabat bildirmadi. Tunda SAHAL faqat «Hizbulloh»ning Livan sharqidagi obyektlariga zarbalar yo‘llangani haqida xabar bergandi.

So‘nggi haftalarda Isroilning yopirilma zarbalari oqibatida «Hizbulloh»ning yuqori martabali ko‘plab a’zolari, shuningdek guruh rahbari Hasan Nasrulloh halok bo‘ldi — u shanba kuni Bayrut janubidagi Dahiya tumaniga yo‘llangan zarba qurboniga aylangan.

Nasrulloh «Hizbulloh»ga 1992 yildan, oldingi bosh kotibi Abbos al-Musaviy isroilliklar aviazarbasidan halok bo‘lganidan buyon rahbarlik qilib kelardi. Hamas kabi «Hizbulloh» ham Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va moliyalashtirilgan.

Bayrutning janubiy chekkasida yakshanba kungi vaziyat. Foto: Reuters
Yakshanba kuni Isroil Yamanda husiychilarning pozitsiyalari bo‘ylab va Livanda «Hizbulloh»ning o‘nlab obyektlariga zarbalar yo‘llagandi.

Husiychilar vakili mamlakat g‘arbidagi dengiz porti hamda elektr stansiyalarga hujumlar oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘lib, 33 kishi yaralanganini ma’lum qilgan.

Isroil hukumati Yaman bo‘ylab zarbalarni husiychilarning yaqinda amalga oshirgan hujumlariga javob deb atagan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Eron qurollarini tashish uchun foydalanilgan obyektlar yo‘q qilingan.

Husiychilarning Oliy siyosiy kengashi zarbalarni «shafqatsiz tajovuz» deb atagan. U «javob muqarrarligi»ni ta’kidlagan.

Isroillik harbiylar yakshanba kuni ham «Hizbulloh»ning Livan janubi va mamlakatning boshqa hududlaridagi pozitsiyalari bo‘ylab zarba berishni davom ettirgandi. Yakshanba kuni kechqurun ular jami 120 ta obyektga zarba yo‘llanganini ma’lum qilishdi.

Livan hukumati yakshanba kuni isroilliklarning zarbalari oqibatida kamida 105 kishi halok bo‘lib, 350 kishi yaralangani haqida xabar bergan. Livan sog‘liqni saqlash vazirligi esa so‘nggi ikki hafta davomida yo‘llangan zarbalar mingdan ortiq livanlikning hayotiga zomin bo‘lgani, 6 ming kishi yaralangani haqida xabar qilgan, ammo qurbonlarning qanchasi tinch aholi vakillari ekaniga aniqlik kiritilmagan.

Shuningdek, rasmiylar million kishi — mamlakat aholisining beshdan bir qismi — o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lganini bildirgan.

Isroil yurishni davom ettirishini va’da qilmoqda va bundan maqsad mamlakatning shimoliy hududlari xavfsizligini ta’minlash ekanini aytmoqda, mazkur hududlar aholisi «Hizbulloh»ning muntazam raketa zarbalari tufayli xavfsiz joylarga ketishga majbur bo‘lgan.

Vashington mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal etishga chaqirishda davom etmoqda. AQSH prezidenti Jo Bayden jurnalistlardan birining Yaqin Sharqda keng ko‘lamli urushdan qochish mumkinmi, deya berilgan savoliga javoban shunday dedi: «Qochish kerak». U shuningdek, yaqin vaqtlar ichida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirganini aytgan.

Voqealar rivoji

17–18 sentyabr. Butun Livan bo‘ylab «Hizbulloh» a’zolariga tegishli peyjerlar va ratsiya vositalari portlab, kamida 39 kishi halok bo‘ldi va minglab kishilar yaralandi. Bu portlashlar ortida Isroil turgani aytilmoqda, ammo Tel-Aviv buning uchun javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olmagan.

20 sentyabr. Isroil «Hizbulloh»ning Bayrut janubidagi tayanch punktlariga zarbalar yo‘lladi, buning natijasida 55 kishi halok bo‘ldi, jumladan yuqori martabali qo‘mondonlardan biri ham.

23 sentyabr. Isroil Livanni yoppasiga o‘qqa tutib, «Hizbulloh»ning mamlakat janubi, sharqi va poytaxtdagi 1300 obyektiga zarba yo‘lladi. Bir kun ichida 550 dan ortiq kishi halok bo‘ldi.

25–26 sentyabr. BMTning Nyu Yorkdagi sammitida jahon davlatlari yetakchilari vaziyatni yumshatishga chaqirdi. Isroilning ittifoqchilari, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya va Yevroittifoq o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatishga chaqiruvchi koalitsiya shakllantirdi. Isroil bu taklifni qabul qilmadi, «Hizbulloh» ham e’tiborsiz qoldirdi. Livanda qurbonlar soni 630 kishidan oshdi.

27 sentyabr. Netanyahu BMT sammitida chiqish qilib, «Hizbulloh»ni yengish»ga va’da berdi. Isroil guruhning Bayrutdagi qarorgohiga hujum qildi, buning natijasida uning rahbariyati a’zolari halok bo‘ldi, qurbonlar orasida «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrulloh ham borligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

28 sentyabr. SAHAL Nasrulloh o‘ldirilganini e’lon qildi, bir necha soat o‘tib bu faktni «Hizbulloh» ham tasdiqladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil ilk bor Bayrut markaziga zarba berdi