date 10:21 / 21.10.2024
views 86

Isroil “Hizbulloh”ni “moliyalashtirgan” bank filiallariga zarba berdi

Isroil “Hizbulloh”ni “moliyalashtirgan” bank filiallariga zarba berdi
Foto: Reuters
Isroil armiyasi Livanda “Hizbulloh” guruhiga aloqador “Al-Qard Al-Hassan” moliyaviy uyushmasi boʻlinmalariga zarba berganini ma'lum qildi. Portlashlar Livanning yagona tijorat aeroporti yaqinida ham sodir boʻldi. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.

Xabarga koʻra, ushbu moliyaviy muassasalar “Hizbulloh” va HAMAS guruhlarini qoʻllab-quvvatlovchi Erondan mablagʻ oladi. Livan Milliy axborot agentligi Bayrutning janubiy chekkalariga 11 ta zarba berilgani, ularning aksariyati “Qard al-Hasan” moliyaviy uyushmasiga qarshi yoʻnaltirilganini ma'lum qildi.

Zarbalardan biri Bayrut aeroporti hududiga tushgan. AFP muxbiri voqea joyidan xabar qilishicha, ushbu hududda tutun chiqishiga qaramay, samolyotlar parvozlarini toʻxtatmagan. Aeroport odatdagidek faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, Livanning sharqida, Isroil bilan chegaradan taxminan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Beqaa vodiysi hududidagi “Qard al-Hasan” filiallari hujumga uchragan.

20 oktyabr kuni kechqurun Isroil armiyasi vakili Daniel Hagari “Hizbulloh” moliyaviy ob'ektlari yaqinida yashovchi Livan fuqarolarini zudlik bilan koʻchib ketishga chaqirgandi. U Isroil armiyasi Livanning turli nuqtalarida “Hizbulloh” banklari va moliyaviy mablagʻlari saqlanadigan joylarga zarba berishini bildirgan.

“Qard al-Hasan” uyushmasi 1983 yilda tashkil etilgan boʻlib, notijorat moliya muassasasi hisoblanadi. Isroilning ta'kidlashicha, “Hizbulloh” undan sanktsiyalardan qochib, oʻz jangchilariga maosh toʻlash va tinch aholini qoʻllab-quvvatlash uchun foydalanmoqda.
AQSh 2021 yilda Qard al-Hasanga qarshi sanktsiyalar joriy etgan. Rasmiylarning soʻzlariga koʻra, muassasa Livanda, jumladan Bayrut va Beqaa shaharlarida 31 ta filialga ega.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo