10:40 / 31.10.2024
65

Livan bosh vaziri Isroil bilan urush “yaqin soatlarda” tugashi mumkinligini aytdi

Livan bosh vaziri Isroil bilan urush “yaqin soatlarda” tugashi mumkinligini aytdi
Foto: AFP
Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi yaqin kunlar yoki soatlar ichida erishilishi mumkin. Bu haqda Livan bosh vaziri Najib Mikatiga tayanib, Arab News xabar berdi.

Siyosatchining aytishicha, AQSH prezidenti yordamchisining o‘rinbosari, Davlat departamentining energetik xavfsizligi bo‘yicha katta maslahatchisi Eymos Xokstin bilan o‘tkazgan telefon suhbati natijalari sulh bo‘lishiga umid uyg‘otmoqda.

"Bu telefon suhbatidan oldin o‘t ochishni to‘xtatish 5 noyabrdan avval bo‘lishini kutmagan edim", dedi Najib Mikati.

Unga ko‘ra, Xokstin Bayrutga qilgan so‘nggi tashrifi paytida Livan parlamenti raisi Nabix Berriga “maxfiy” taklif topshirgan. Unda Litani daryosining janubida Livan armiyasidan tashqari hech qanday qurolli kuchlar bo‘lmasligi — “Hizbulloh” bu hududni tark etishi lozimligi ta’kidlangan.

“Hizbulloh”ning yangi rahbari Naim Qosim 30 oktyabr kuni Isroil bilan “maqbul shartlar asosida” o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishini aytdi. Biroq hali samarali kelishuv taqdim etilmaganini bildirdi. Avvalroq “Hizbulloh” G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish sharti bilan Isroilga hujumlarini to‘xtatishini bir necha bor e’lon qilgandi. Ammo Qosim bayonotida Falastin hududi haqida hech qanday gap bormagan. “Munosib va maqbul” deb topilgan shartlar asosida o‘t ochishni to‘xtatish qabul qilinishi aytilgan.

Mikatining aytishicha, o‘t ochishni to‘xtatish 2006 yilda Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi urushni yakunlagan BMT rezolyutsiyasining ijro etilishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

BMT Xavfsizlik kengashining 1701-sonli rezolyutsiyasiga ko‘ra, Livanning janubiy hududlarida faqat Livan armiyasi va BMT tinchlikparvar kuchlari joylashtirilishi, shuningdek, Isroil qo‘shinlarining Livan hududidan olib chiqib ketilishi talab etilgan.

Mikatining ta’kidlashicha, “Livan armiyasi mamlakatning janubiy hududlarida o‘z mavjudligini kuchaytirishga tayyor” va mintaqadagi barcha qurol-yarog‘ hamda harbiy infratuzilma faqat davlat nazorati ostida bo‘lishini ta’minlaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Livan bosh vaziri Isroil bilan urush “yaqin soatlarda” tugashi mumkinligini aytdi