14:30 / 02.11.2024
31

Naqadar go‘zal, bu Istanbul...

Naqadar go‘zal, bu Istanbul...
Istanbul dunyoning eng jozibali shaharlaridan biri bo‘lib, qiziqarli tarixi, qadim pazandalik sirlari, jonli san’at va madaniyat durdonalari bilan barchani o‘ziga rom etib keladi. U Turkiyaning eng mashhur metropolisi sifatida, hatto vaqti tig‘iz bo‘lganlar uchun ham cheksiz imkoniyatlarni taqdim etadi.

Mashhur turk nonushtasi - Istanbulda kunni boshlashning eng ajoyib usuli. Osiyo va Yevropa qit’asini birlashtirgan Bosfor bo‘g‘ozi yoki betakror shahar manzarasiga ega bo‘lgan tamaddixonalardagi o‘ziga xos lazzatlarning ta’miga hayron qolmay iloj yo‘q.

Turk pishloqlari, Marmara va Egey dengizlarining mazali yashil va qora zaytunlari, yangi ko‘katlar, asal, qo‘lda tayyorlangan murabbo hamda qaymoq, shuningdek, tuxum, bulg‘or qalampiri va pomidordan tayyorlangan menemen turk nonushtasining ajralmas taomidir. Va, albatta, simit, issiq non va lola shaklidagi stakanlarda yangi damlangan choysiz turk nonushtasini tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Shahar markazida ochiq osmon ostidagi muzey: Tarixiy yarim orol

Tarixiy yarim orol ham tarix, ham arxitektura ixlosmandlari uchun ochiq osmon ostidagi muzeyga o‘xshaydi. Ushbu ochiq osmon ostidagi muzeyning diqqatga sazovor joylari orasida ulug‘vor va ta’riflab bo‘lmaydigan darajada go‘zal Ayo-Sofya, Istanbulning tarixiy yuragi hisoblangan hayratlanarli Sulton Ahmed masjidi yoki Moviy masjid va 10-12 metr chuqurlikda joylashgan, bugungi kungacha saqlanib qolgan qadimiy yer osti suv ombori — Bazilika sardobasi, shuningdek, Usmonli sultonlari yashagan Topkapi saroyi va uning bog‘idagi Istanbul arxeologiya muzeyi mavjud. Shuningdek, bu yerda tami og‘izda qoladigan mashhur Sulton Ahmed ko‘ftesi (katlet)ni tatib ko‘rish mumkin bo‘lgan bir nechta tarixiy restoranlar mavjud.

Asrlar davomida «xarid terapiyasi»ni taqdim etib kelayotgan Kapalicharshi (Usti yopiq bozor) hamisha ko‘zni qamashtiruvchi gilamlari, keramika va koshinlari, zargarlik buyumlari va boshqa noyob xazinalari bilan ziyoratchilarning qalbidan joy olishga ulgurdi.

Shaharni tramvayda kashf qilishga nima yetsin. Emino‘nu tumanidagi rang-barang va shirin iforli Misr bozoriga tramvay bilan borish anchayin qulaydir. Turli xil shirinliklar va shifobaxsh o‘tlar, ziravorlar, quritilgan mevalar va xilma-xil turk lokumlari bilan ikkinchi yirik bozordir. Bu yerdan parom iskalalariga va Bosfor bo‘g‘ozigacha besh daqiqalik piyoda yo‘lni tashkil etadi. Bosfor bo‘g‘ozidan sehrli tabiatning mo‘jizalari va betakror quyosh botishini tomosha qilish unutulmas hissiyotlar uyg‘otadi. Ayni damda Istanbulning ikkala tomonini ko‘rishdek bebaho imkoniyat taqdim etadi.

Istanbul Mishel yulduzli restoranlarga boydir. Istanbulning noyob gastronomiya sahnasini dunyoga tanitishda o‘z an’analari bilan faxrlanadigan innovatsion va jasur oshpazlarning o‘rni beqiyosdir.

Bohem kafelari va san’at galereyalari bilan mashhur Karako‘yda sayr qilish o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Galataport Istanbul va Turkiyaning birinchi zamonaviy san’at muzeyi – Istanbul Modern albatta tashrif buyurish kerak bo‘lgan joylardir. Loyihasi italiyalik arxitektor Renzo Piano tomonidan ishlab chiqilgan besh qavatli Istanbul Modern binosi san’at asaridan kam emas. Istanbul rasm va haykaltaroshlik muzeyi esa Turkiyaning eng yaxshi rassomlarining ko‘rgazmalari bilan estetik zavq ulashmoqda.

Turkiyaning birinchi va dunyodagi ikkinchi eng qadimgi yer osti temir yo‘l tizimi bo‘lgan tarixiy Tunel Karako‘yni Istiqlol ko‘chasi bilan bog‘laydi. Poezdda Istanbulning eng ikonik timsollaridan biri bo‘lgan Galata minorasiga ko‘tarilib, antik shaharning panoramik manzarasini tomosha qilish takrorlanmas tajriba baxsh etadi. Istiqlol sayrgohini aylanib asl turk xalqi, muhtasham binolar, arkadalar, katta va kichik do‘konlar, galereyalar, barcha mazhabdagi cherkovlar va ayniqsa, St. Antuan cherkovlarining haybatini ko‘rish mumkin.

Istanbul ko‘cha taomlari bilan ham mashhur bo‘lib, o‘ziga xos nafis ta’mga ega. Qovurilgan kashtan va makkajo‘xori bo‘laklari, chig‘anoqli do‘lma, kokorech va boshqa mazali taomlarning xushbo‘y hidi dimog‘ni qitiqlaydi.

Istiqlol ko‘chasidagi Taksim maydoni va shaharning eng katta san’at binolaridan biri bo‘lgan muhtasham Otaturk madaniyat markazi (AKM) doimo mahalliy aholi va sayyohlar bilan gavjum. Ikki mingdan ortiq kishini sig‘dira oladigan Otaturk madaniyat markazining ko‘rkam Opera zali jahon darajasidagi shou va konsertlarni taqdim etadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Naqadar go‘zal, bu Istanbul...