Kongress — prezidentlikka har qanday nomzodning radikal iqtisodiy islohotlari yo‘lidagi bosh to‘siq. Foto: EPA
Nafaqat AQSHning, balki butun dunyoning ham farovonligi Amerikadagi saylovlar natijasiga bog‘liq. Amerikaliklarning ko‘pchiligi mamlakat boyligini ko‘paytirishni Tramp yaxshiroq eplaydi, degan fikrda. Iqtisodchilar esa, aksincha, Harrisni qo‘llashmoqda va Trampni jahon iqtisodiyotiga tahdid deb bilishadi.
Kim haq? 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan olamshumul AQSH prezidenti saylovlarining iqtisodiy oqibatlari Harris va Tramp komandasining iqtisodiy dasturlariga mutlaqo aloqasi yo‘qmi? BBC shu haqda tahliliy maqola e’lon qildi.
Nega iqtisodiyot siyosatdan muhimroq?
Tarixiy saylov kampaniyasi siyosiy shovqin-suron, har ikki tomonning bir-birini fashizm va marksizmda ayblashlari, Amerika demokratiyasi inqirozi va ehtimolli fuqarolar urushi to‘g‘risidagi gap-so‘zlarga boy bo‘ldi.
Iqtisodiyot haqida deyarli og‘iz ochishmadi. Biroq u mazkur saylovlar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bunga ikkita sabab bor.
Birinchidan, AQSHdagi saylovchilarning eng muhim talablari reytingida iqtisodiy barqarorlik birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.
Amerikaliklardan Tramp yoki Harris uchun ovoz berish qaroriga nima ta’sir ko‘rsatmoqda deb so‘rasangiz, ularning aksariyati birinchi o‘ringa iqtisodiyotni qo‘yadi. Qolgan barcha muammolar: demokratiyaga tahdid, immigratsiya, abortlar, qurol-yarog‘lar, Rossiya, Yaqin Sharq va hokazolar keyingi o‘rinlarda tilga olinadi.
Ikkinchidan, Amerika aksirganda rivojlangan davlatlarning burni oqa boshlaydi, rivojlanayotgan davlatlar esa shamollab yotib qoladi. AQSH — eng yirik iqtisodiyot va sayyoramizning moliyaviy motori, eng yirik savdo bozori hamda neft va gazning eng yirik ishlab chiqaruvchisidir. Dollar esa jahondagi asosiy zaxira va hisob-kitob valyutasidir.
AQSHdagi muammolar undan keyingi ikkinchi iqtisodiyot bo‘lgan Yevroittifoqda ham tanazzul yuzaga keltiradi, Xitoy va boshqa rivojlanayotgan davlatlarga ham og‘riqli ta’sir o‘tkazadi. Buni AQSHda 2008 yilda sodir bo‘lgan moliyaviy inqiroz yaqqol ko‘rsatib bergan, jahon hamon uning asoratlaridan qiynaladi.
Buzish qurish emas
Trampning iqtisodiy dasturi Harris taklif etayotganidan radikalroq, biroq Amerika hukumatidagi tiyib turish va posangi tizimlari keskin harakatlarning oldini oladi. Soliqlar va budjet xarajatlarini radikal pasaytirish uchun Kongress roziligi kerak, qaror qanchalik radikal bo‘lsa, rozilik ham bir ovozdan bo‘lishi kerak bo‘ladi.
Tramp o‘zini Amerikadagi ish o‘rinlar himoyachisi sifatida tamsil etadi. Iqtisodchilar fikri boshqacha — ular bojlar eng avvalo Amerika biznesiga ziyon yetkazadi deb ishonishadi. Foto: Reuters
Nomzodlar va’da qilib tashlagan narsalar, ular nimani real o‘zgartirishi va bu ishlarni kim qilishi mumkinligi haqida pastroqda gaplashamiz. Hozircha, Amerika va jahon iqtisodiyotiga nimalar har qanday iqtisodiy dasturlardan ko‘ra kattaroq ta’sir o‘tkaza olishi borasida Nobel mukofoti olgan iqtisodchilarning fikrlariga quloq tutamiz.
«Iqtisodiyot gullab-yashnashi uchun muhim shartlardan biri — qonun ustuvorligi hamda iqtisodiy va siyosiy aniqlik. Tramp unisini ham, bunisini ham tahdid ostiga olyapti», — deyishgan ovoz berish jarayonidan oldin Nobel olgan yigirmaga yaqin iqtisodchilar jamoaviy ochiq xatda.
Zamonaviy iqtisodiyot asoslari — iste’mol va investitsiyalardir. Noaniqlik insonlarni kamroq xarjlashga, biznesni esa loyihalarni keyinroqqa qoldirishga va odamlarni ishdan bo‘shatishga majburlaydi. Qonun ustuvorligi va demokratik institutlar G‘arbda xususiy mulk saqlanishini kafolatlaydi – buni xatga imzo qo‘ygan olimlardan biri, 2024 yilda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan Daron Ajamo‘g‘li ilmiy isbotlagan.
Tramp iqtisodchilar uchun noaniqlik timsolidir. U avvalgi saylovlarda mag‘lubiyatga uchraganini hamon tan olmagan va joriy kampaniya davrida bir necha bor radikal o‘zgarishlarni va’da qilgan. Mitinglarda u tilga olgan narsalardan qay biri reallikka aylanishi ham noma’lum. Lekin bu noma’lumlik ham aniqlikka zarracha hissa qo‘shmaydi.
Tramp nimalarni va’da qilmoqda?
Tramp soliqlarni keng miqyosda pasaytirish, ijtimoiy xarajatlarni qat’iy kesish, davlat tomonidan tartibga solishni qisqartirish va Baydenning «yashil» qonunlarini bekor qilib, barcha netfchilar va gazchilar uchun cheklovlarni olib tashlashni va’da qilmoqda. Yana u ko‘p narsalarni va’da qilmoqda, lekin ular amalga oshishi uchun konservativ ikki partiyali Senatda va’dalari soniga teng o‘ziga o‘xshash radikal o‘zgarish tarafdorlari zarur bo‘ladi.
So‘nggi yillardagi rekord migrantlar oqimi 10 yil ichida AQSH iqtisodiyotini 7 trln dollarga kengaytiradi. Tramp ularning barchasini chiqarib yuborishni va’da qilmoqda. Suratda esa 2023 yilning 24 dekabrida Meksikadan kelayotgan migrantlar karvoni.
Lekin bir narsaga shubha yo‘qki, Amerika va jahon iqtisodiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ikkita saylovoldi va’dasini amalga oshirish uchun Trampga prezidentlik vakolati yetarli bo‘ladi.
Birinchisi — Xitoy va Yevropa bilan savdo urushi. Tramp bu urushni yanada avj oldirmoqchi. Oq uyga birinchi kelishida u barcha Xitoy mahsulotlariga 25 foizlik boj o‘rnatgan, Yevropaning qator tovarlariga bojlarni oshirgandi. Xitoy va Yevropa Ittifoqini jazolab bo‘lmadi, chunki hammasi uchun amerikalik iste’molchilar tovon to‘lashdi.
Endi Tramp yanada keskinroq harakat qilishni mo‘ljallayapti va bojlarni 60 foizgacha ko‘tarmoqchi, biryo‘la AQSHga Xitoyning qo‘shni Meksikada joylashgan fabrikalarida ishlab chiqarilgan mashinalar va boshqa tovarlarni olib kirishni cheklab qo‘ymoqchi, bu esa Shimoliy Amerikada ham erkin savdoga nuqta qo‘yadi. Boz ustiga, Tramp Yevropaga ham import tariflari bilan tahdid qilmoqda, shuningdek, ishlab chiqarishni AQSHdan olib chiqib ketayotgan mahalliy kompaniyalar hamda xalqaro hisob-kitoblarda dollardan voz kechmoqchi bo‘lgan mamlakatlarga ham musht do‘laytiryapti.
Bloomberg Economics'dagi amerikalik iqtisodchilar Trampning bojlari 2028 yilda o‘tkaziladigan keyingi prezidentlik saylovlarigacha YAIMning 0,8-1,3 foizi miqdorida iqtisodiy ziyon keltirishi mumkinligini hisoblab chiqishdi. Bu ulkan pullar: Amerika YAIMi ayni paytda 30 trln dollarga teng, XFV prognozlariga ko‘ra, 4 yildan so‘ng 34 trln dollarga yetadi.
Trampning va’da qilayotgan bojlari jahonning ikki yiriq iqtisodiyoti AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdoni yo‘qqa chiqaradi. Kaliforniyaning Long-Bich portidagi yolg‘iz qolib ketgan Xitoy konteyneri. Foto: Reuters
Ikkinchi va’da — migrantlarni deportatsiya qilish. Amerikadan nolegal migrantlar chiqarib yuborilishi AQSHni yana bir necha yuz milliard, hattoki trillion dollardan mosuvo qiladi, deb hisoblashmoqda iqtisodchilar.
Bloomberg Economics Tramp g‘alaba qozongan sharoitda migrantlarga qarshi kurashning uchta ssenariysini modellashtirgan: 1) chegaralarni yopish va boshqa hech kimni qo‘ymaslik; 2) biryo‘la yaqinda kelgan nolegal migrantlarni chiqarib yuborish; 3) qachonlardir ruxsatnomasiz kelgan migrantlarning barchasini, agar ular hujjat qilgan bo‘lsa ham chiqarib yuborish.
«Ishchilar qancha kamaysa, YAIM ham shunchaki kamayadi, — deb yozishmoqda ular. — Yaqinda kelgan migrantlar deportatsiya qilinuvchi ikkinchi ssenariyda 2028 yilga borib iqtisodiyot hajmi bu ish amalga oshirilmaganidan ko‘ra 3 foizga kamroq bo‘ladi. Bu holda aholi soni juda tez qisqarmaydi va aholi jon boshiga o‘rtacha daromad kamayadi».
Boshqacha aytganda, amerikaliklar kambag‘alroq bo‘lishadi.
Hozircha immigratsiya davlat foydasiga ishlayapti va kovid pandemiyasidan so‘ng inflyatsiya va kreditlar qiymati oshib borayotganiga qaramasdan, AQSHning Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlardan tezroq o‘sishini ta’minlab kelmoqda.
Kongressning budjet ofisi hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqinda ro‘y bergan rekord darajadagi migrantlar oqimi 2023 yildan 2034 yilgacha AQSH yalpi ichki mahsuloti hajmini 7 trln dollarga oshiradi va davlat xazinasiga qo‘shimcha 1 trln dollar daromad keltiradi.
Nega Harris iqtisodiyot borasida Trampga yutqazyapti?
Harris hozir ham vitse-prezident sifatida hokimiyat tepasida, agar saylovlarda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, undan soliq va budjet siyosatida ayrim o‘zgarishlar bilan o‘rta sinf uchun qulay, boylar uchun yoqimsiz bo‘lgan partiya siyosatini davom ettirishini kutishmoqda.
Uning saylovoldi dasturida o‘rta sinf uchun soliqlar tushirilishi, kichik biznes va startaplarni qo‘llab-quvvatlash, arzon turarjoylar va tibbiy xizmatlar tilga olingan.
Harris ham kaska kiygan ishchilar bilan suratga tushishni yoqtiradi. Foto: Reuters
Bayden davrida Amerika iqtisodiyoti retsessiyaga tushib qolishdan qutildi va prognozlarga zid tarzda ishonch bilan o‘sib bormoqda, biroq uning vitse-prezidenti Harris iqtisodiy saylovoldi frontida himoyalanishga majbur bo‘lmoqda, chunki amerikaliklar Tramp davrida yaxshiroq yashaganmiz, degan fikrda.
Bunga asosiy sabab kovidgacha jahon aholisi past stavkalar va barqaror narxlarga ko‘nikib qolgan edi. Butun bir avlodlar uchun koviddan keyingi 10 foizlik inflyatsiya hayotida birinchi bor duch kelgan shok bo‘ldi.
Ular buni butun umrga eslab qolishdi va endi fursat tug‘ilishi bilan Bayden va Harrisga «Tramp vaqtida bunaqasi bo‘lmagani»ni eslatishmoqda.
«Nimadan ko‘proq taajjublanishni ham bilmaysan kishi: Amerika iqtisodiy o‘sishda yuqori inflyatsiyaga duchor bo‘lmasdan rivojlangan davlatlardan ancha o‘zib ketganigami yoki Baydenni buning uchun maqtashmayotganiga?» — deb yozgan iqtisodchi Pol Krugman va AQSH hamda yevrozona iqtisodiyotlarining o‘sish grafigini ilova qilgan.
Uning Nobel laureatlari elita klubidagi o‘nlab hamkasblari ochiq xatda Harrisni qo‘llab-quvvatlashgan.
«Har birimizning u yoki bu iqtisodiy siyosatga o‘z nuqtayi nazarimiz bor, lekin umuman olganda biz Harrisning iqtisodiy dasturi millatning salomatligini mustahkamlaydi, iqtisodiyot barqarorligini oshiradi, investitsiyalar kirib kelishiga va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, mamlakatimizda ijtimoiy adolat o‘rnatilishiga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz. U Donald Tramning mutlaqo samarasiz iqtisodiy dasturidan ancha yaxshi», — deyiladi xatda.
Ko‘rpaga qarab oyoq uzatish
Tramp va Harris saylovoldi va’dalaridan qay birini amalga oshira olishi ularning nafaqat o‘z gapiga javob bera olish qobiliyatiga, shuningdek, 5 noyabr kungi saylovda amerikaliklar senatorlarning uchdan bir qismiga qayta ovoz beradigan va kuchlar taqsimoti o‘zgarib ketishi mumkin bo‘lgan Senat roziligiga ham bog‘liq.
Mask AQSH budjeti xarajatlarini 2 trln dollarga kesishni taklif qilmoqda. Yiliga 7 trln dollar bo‘lgan butun budjetning 80 foizi ijtimoiy va mudofaa xarajatlaridan iborat. Foto: Reuters
Lekin hozirdan kafolatlangani shuki, 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylov natijalari qanday tugashidan qat’i nazar, Amerika sentni sentga ulab yashay boshlaydi.
Tramp ham, Harris ham YAIMning 100 foiziga tenglashayotgan AQSHning gigant qarzini qisqartirish, taqchilligi iqtisodiyot o‘sishining tinchlik vaqtidagi emas, krizis va urush davriga xos bo‘lgan budjetdagi tuynuklarni yopish haqida lom-mim degani yo‘q.
Bu haqda amerikaliklarga saylov oldidan xalqaro valyuta fondi rahbari Kristalina Georgiyeva eslatib o‘tgan edi.
«Quyosh charaqlab turganda aslida chakka o‘tkazadigan tomni almashtirishning ayni fursati. Biroq doim taqchillik va qarz muammosini keyinga qoldirish xohishi bo‘y ko‘rsatadi», — degandi u.
Georgiyevaning eslatishicha, AQSH qarzi va budjeti taqchilligi avval ham yuqori bo‘lgan, biroq so‘nggi yillarda muammo chuqurlashgan, chunki Oq uy qo‘shimcha ravishda pandemiya va inflyatsiya ko‘rinishidagi ikkita krizisga qarshi kurashishga majbur bo‘lgan.
«Endi iqtisodiyot ishonchli o‘sishga qaytganidan so‘ng, to‘xtash va bu trendga chek qo‘yish kerak», — degan u, shu ondayoq siyosiy jihatdan buni amalga oshirish juda murakkab bo‘lishi, chunki xarajatlarni qisqartirib, soliqlarni oshirishga to‘g‘ri kelishini tan olgan.
Tramp va Harrisning dasturlarida bu borada hech narsa yozilmagan.
To‘g‘ri, Tramp agar g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, o‘zining asosiy homiysi Ilon Maskni davlat mablag‘larini iqtisod qilish bo‘yicha boshliq qilib qo‘ymoqchi. Mask esa davlat budjetining uchdan bir qismini kesib tashlash bilan tahdid qilmoqda. Lekin buning uchun Kongressning roziligi talab etiladi, u esa ijtimoiy xarajatlarni qisqartirish masalalarida an’anaviy konservativ karashlarga ega. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?