10:30 / 14.11.2024
34

Frontdagi eng murakkab yo‘nalishlardan biri: Kuraxovodagi ukrain garnizoni qurshovga tushishi mumkin

Frontdagi eng murakkab yo‘nalishlardan biri: Kuraxovodagi ukrain garnizoni qurshovga tushishi mumkin
Foto: Reuters
Donetskdan 30 km g‘arbda joylashgan Kuraxovo shahri hududida ukrain qo‘shini uchun tahdidli vaziyat yuzaga kelgan. Rossiya armiyasi qismlari allaqachon shaharning o‘zida ko‘cha janglarini boshlagan va shu bilan bir vaqtda uni Volchya daryosining ikki sohili bo‘ylab aylanib o‘tmoqda.

«Raqibning 20-motoo‘qchilar diviziyasi ilg‘or bo‘linmalari Kuraxovo janubidagi Dalneye qishlog‘iga bostirib kirdi. Katta ehtimol bilan, Kuraxovo mudofaasi yakuniy bosqichga kirmoqda», — deya yozgan ukrainalik harbiy tahlilchi Konstantin Mashoves.

Uning baholashicha, eng xavfli holatga ukrainlarning Kuraxovodan janubdagi hududni himoya qilayotgan bo‘linmalari tushib qolgan. «Agar Yelizavetovka va Yekaterinovkada himoyalanayotgan bo‘linmalarimiz yaqin vaqtlar ichida kamida Uspenovkaga chekinmasa, qurshovda qolishadi», — deb hisoblaydi ekspert.

Ammo Ukraina qurolli kuchlarining muammolari shu bilan tugamaydi. Rossiya qo‘shini Kuraxovodan 15 km g‘arbda, N15 Zaporijjya — Donetsk trassasi bo‘yida joylashgan Konstantinopol qishlog‘iga ham janubdan va shimoli-sharqdan faollik bilan hujum qilmoqda. Ikki yo‘nalishdagi zarbalar tutashuvi ukrain qo‘shiniga ancha chuqur qurshovda qolish xavfini tug‘diradi.

Shu bilan birga, hududning tabiiy sharoiti mudofaa uchun qulay emas — ukrain qismlari Volchya daryosi vodiysida qisilib qolgan, rossiyaliklarning o‘t ochish pozitsiyalari esa asosan tepaliklarda joylashgan.

Birinchi marta emas

2024 yil fevralida Avdiyivka boy berilib, shundan keyin rus qo‘shinlari Donbassda frontning keng uchastkasi bo‘ylab ilgarilashi davomida ukrain qismlari bir necha marta qurshov xavfi ostida qolishdi.

Bir necha holatda qanotlari Rossiya armiyasi tomonidan yemirib kelingan bo‘linmalarning taqdiri qil ustida qoldi. Avdiyivkada ham, Nevelskiy bo‘rtig‘ida ham, Vuhledarda ham va boshqa joylarda ham shunday bo‘ldi.

Har safar Rossiyaning hujum qilayotgan qismlari operativ-taktik yutuqni rivojlantirish uchun yirik mexanizatsiyalashgan zaxiralarga ega bo‘lmagani Ukraina qurolli kuchlariga qo‘l keldi. Soddaroq qilib aytganda, qurshov xavfi yuzaga keltirildi, ammo uni amalga oshirishning imkoni bo‘lmadi.

Kuraxovo bo‘rtig‘i bilan bog‘liq vaziyatda ukrain kuchlarining holatini bir necha omillar og‘irlashtiradi — yaxshi yo‘llar yo‘q (birgina yo‘l ham o‘qqa tutilmoqda), manyovrlar qilish erkinligi cheklangan, eng yoqimsizi — Rossiya ancha keng front bo‘ylab va ko‘p sonli yo‘nalishlarda yurish qilmoqda, ularning istalgan biridagi muvaffaqiyatlar jamlanmasi mudofaalanayotgan kuchlarni asosiy kuchlardan uzib qo‘yishi mumkin.

«Rossiya qo‘shini Kuraxovo hududida, shuningdek, shahardan shimoli-g‘arbda Novodmitrivka, Sonsovka va Zarya hududlarida; Kuraxovodan shimolda Novoselidovka, Voznesenka va Kreminna Balka hududida; Kuraxovodan sharqda Maksimilyanovkada; Kuraxovodan janubda Dalneyeda; Vuhledardan shimoli-sharqda Ilinka, Antonovka va Katerinovkada; Vuhledardan shimoli-g‘arbda Trudovoye hududida hujumlar qilmoqda», — deyiladi Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) bayonotida.

Ukraina armiyasi noqulay relef, raqibning son jihatdan ustunligi va o‘z kuchlarining ishonchsizligi (qo‘shinning kamida yarmini yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lmagan hududiy mudofaa kuchlari tashkil etadi) sharoitida doimiy tahdidlarni qaytarib turishga majbur.

Ukrainlarning ilg‘or qismlari turgan Yelizavetovkadan ular uchun nisbatan xavfsizroq bo‘lgan Konstantinopolgacha masofa — to‘g‘ridan to‘g‘ri, yo‘lsiz dalalar bo‘ylab 20 kilometrdan ortiq chiqadi. Shaxsiy tarkibdan tashqari olib ketish lozim bo‘lgan og‘ir texnika va qurollar ham bor.

Dushanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy bilan yig‘ilishdan keyin «eng murakkab yo‘nalishlar» — Kuraxovo va Pokrovsk mudofaani kuchaytirish bo‘yicha qaror qabul qilinganini aytdi. U bu aynan qanday qilinishiga aniqlik kiritmagan, ammo odatda bunday ma’lumotlar oshkor etilmaydi.

To‘g‘onni kim portlatdi?

Xuddi shu kuni Kuraxovo suv ombori to‘g‘oni portlatilgani haqida xabar paydo bo‘ldi, ayni vaqtda bu hudud hamon ukrain qo‘shinining ort hududi bo‘lib turibdi. Buni kim qilgani — hozircha noma’lum.

Ukraina hukumati to‘g‘onni Kuraxovodagi garnizon hamda daryo bo‘yidagi ukrain qo‘shinlariga ta’minot yetkazib turilgan yo‘llarni suv ostida qoldirish uchun rossiyalik harbiylar yakson qilgan deb hisoblamoqda. Kuraxovo shahri harbiy ma’muriyati rahbari Roman Padun Rossiya aviatsiyasi 2024 yil avgustidan buyon to‘g‘on bo‘ylab boshqariluvchi aviabombalar yordamida zarbalar yo‘llab kelganini ma’lum qilgan.

Rossiyadagi telegram-kanallar to‘g‘onni Ukraina qurolli kuchlari Rossiya armiyasi harakatini sekinlashtirish uchun portlatganini aytmoqda.

Kuraxovo suv ombori to‘g‘oni, foto 2024 yil 16 sentyabr kuni olingan. Foto: Getty Images
Ikki versiya ham haqiqat bo‘lib ko‘rinadi. Agar Volchya daryosi sohillaridan toshib chiqsa, ukrain qismlari so‘nggi ishonchli ta’minot yo‘nalishi hamda chekinish uchun so‘nggi yo‘ldan mahrum bo‘lishi mumkin. Ammo keng ko‘lamli va davomli toshqin ro‘y bermadi — Donetsk oblasti ma’muriyati rahbari Vadim Filashkinning so‘zlariga ko‘ra, daryoda suv sathi 1,2 metrga ko‘tarilgan, bu esa jiddiy emas.

Boshqa tomondan, Volchya daryosida suv ko‘tarilishi ukrain armiyasiga undan tabiiy suv to‘sig‘i sifatida foydalanish uchun ko‘proq imkoniyat beradi. Kuraxovodan daryo g‘arb tomon oqadi va daryo bo‘ylab mudofaaning janubiy qanotini o‘rnatish rejasi mantiqli bo‘lib ko‘rinadi.

Shu bilan birga, bu Ukraina qurolli kuchlari mudofaa chizig‘ini janubroqda, Velika Novosyolka hududida ushlab tura olishiga ishonmayotgani va mazkur istehkom boy berilgan taqdirda B rejaga tayyorlanayotganini anglatishi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Frontdagi eng murakkab yo‘nalishlardan biri: Kuraxovodagi ukrain garnizoni qurshovga tushishi mumkin