15:28 / 15.11.2024
12

AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi

AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Foto: AP Photo
AQSHda 90 nafarga yaqin qonunchilar prezident Jo Baydenga maktub yo‘llab, Isroilning ikki vaziriga qarshi sanksiya qo‘llashga chaqirdi. Bu haqda Axios xabar berdi.

Qonunchilar Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir va moliya vaziri Betsalel Smotrichni nazarda tutgan. Siyosatchilar G‘azo sektori aholisiga insonparvarlik yordami yetkazib berishni to‘xtatishga chaqirgandi. Ben-Gvir shu yo‘l bilan HAMASni taslim bo‘lishga undashni mo‘ljallagan. Smotrich esa Falastin harakati isroillik garovga olinganlarni ozod qiladi, deb umid qilgan.

Isroil moliya vaziri G‘azo sektorining bunday blokadasini, hatto uning ikki million aholisi ochlikdan halok bo‘lsa ham, “asosli” deb atagan.

AQSH avvalroq Isroildagi ayrim jismoniy va yuridik shaxslar, hatto armiyaning alohida bo‘linmalariga nisbatan sanksiyalar e’lon qilgan. Biroq vazirlar darajasida hali hech qanday jazo choralari ko‘rilmagan.

Oq uy qanday fikrda?

Axios nashri AQSH rasmiylariga tayanib yozishicha, prezident Bayden Isroil vazirlarining harakatlari va bayonotlaridan xavotirda. Biroq u qonunchilarning ittifoqchi davlat rasmiylariga qarshi sanksiyalar joriy etish taklifiga qarshi chiqqan. Davlat kotibi Entoni Blinken esa bu ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar tarixida “misli ko‘rilmagan salbiy qadam” bo‘lishidan qo‘rqadi.

Murojaatga 17 nafar senator hamda Vakillar Palatasining 71 a’zosi imzo chekkan. Tashabbuskorlar uni 29 oktyabr kuni Bayden administratsiyasiga yuborgan. Biroq Oq uy javob qaytarmagach, 14 noyabr kuni jamoatchilik e’tiboriga havola qilingan.

Murojaatda nima yozilgan?

Qonunchilar Ben-Gvir va Smotrichni G‘arbiy Sohilda beqarorlik keltirib chiqarishda va o‘z harakatlari bilan falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlikni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Bundan tashqari, Baydendan bosib olingan hududlarda yahudiylar uchun uy-joy qurish bilan shug‘ullanuvchi Amana tashkilotiga qarshi sanksiyalar joriy etish ham so‘raladi.

Netanyaxu hukumati tarkibidagi radikal rasmiylar ko‘chmanchilar zo‘ravonligini rag‘batlantirib, anneksiya siyosatini olib borayotgani bois qo‘shimcha sanksiyalarni zudlik bilan qo‘llash zarur, deyiladi qonunchilar murojaatida.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi