date
views 89

Rossiya kolonnasi Kupyanskka yorib kirgan, ammo Ukraina uni yakson qilganini aytmoqda

Rossiya kolonnasi Kupyanskka yorib kirgan, ammo Ukraina uni yakson qilganini aytmoqda
Kupyanskka kirayotgan Rossiya kolonnasi: videodan kadr
Kupyansk — Xarkiv oblastidagi muhim temiryoʻl va transport tuguni hisoblanadi. U keng koʻlamli urushning dastlabki kunlarida bosib olingan, ammo Ukraina qurolli kuchlari 2022 yil kuzida shaharni ozod etgandi.

Oskol daryosining ikki sohilida joylashgan bu shahar Ukraina qurolli kuchlarining mustahkamlangan hududiga aylantirildi va Kievga Rossiya Luhansk oblastida egallab hududlar ichkarisiga, birinchi navbatda — Svatove va Kreminna shaharlari tomon hujum amaliyotlarini tayyorlash imkoniyatini qoldirgandi.

Shu tufayli Rossiya armiyasi uchun oʻzi egallagan hududlar xavfsizligini ta'minlash maqsadida ukrainlarni Kupyanskdan va Oskol sharqiy sohilidan siqib chiqarish muhim edi. Rossiyaliklar 2023 yil kuzida ushbu rejani amalga oshirishga kirishgan.

Shundan buyon Rossiyaning yurish amaliyotlari Kupyanskning oʻzi tomonga ham, undan janubroqdagi hududlarga ham davom etmoqda, RF armiyasi joriy yil oktyabrida shahardan janubda Oskol daryosi boʻyiga etib bordi va ukrainlarning bu sohildagi platsdarmini ikkiga ajratib qoʻydi.

Koʻp vaqtdan buyon harbiy harakatlar ketayotgan front chizigʻi shahardan 7-9 km masofadan oʻtadi. Rossiya aviatsiyasi har kunlik aviazarbalari bilan bu shaharni ham vayrona holatga keltirgan.

Chorshanba kuni nimalar roʻy berdi?

13 noyabr kuni RFning toʻgʻridan toʻgʻri Kupyansk chegarasiga bostirib kirishga ilk urinishi haqida ma'lum qilindi.

Rossiya kolonnasi Kupyansk yoʻnalishida oʻrmon oralab harakatlanmoqda: videodan kadr
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi xabar berishicha, chorshanba kuni soat 14:30 dan rossiyalik harbiylar Kupyansk yoʻnalishida ukrain mudofaasini yorib oʻtishga harakat qila boshlagan. «Raqibning shturmchi guruhlari toʻrt toʻlqinda ukrain himoyachilari pozitsiyalariga hujum qildi. Dushman 15 taga yaqin texnikadan foydalandi. Xususan, tanklar, jangovar zirhlangan mashinalar va UR-77 minalardan tozalash qurilmalari», — deyilgan Bosh shtab xabarida.

Bundan tashqari, Ukraina QK ma'lumotiga koʻra, rossiyalik askarlarning bir qismi Ukraina qurolli kuchlari askarlari kabi kiyinib olgan. Bosh shtab bunday harakatlar urush olib borish qonun-qoidalarini buzish ekanini va harbiy jinoyat sanalishini qayd etgan. Rossiya rasmiy manbalari Ukraina qurolli kuchlarining bu da'vosi yuzasidan munosabat bildirmagan.

Ukraina rasmiylari ishontirishicha, Ukraina qurolli kuchlari raqibning barcha zirhli texnikalarini yoʻq qilib,
jonli kuchlarining «katta qismini» oʻldirgan.

Ukraina mudofaa vazirligiga yaqin hisoblangan DeepState tahlil markazi Rossiya amaliyoti yuzasidan nisbatan batafsil ma'lumot bergan. Markaz rossiyaliklar kolonnasi harakatini qayd etgan dron videosini ham taqdim etgan. Keyinroq Kupyanskdagi jang videosi frontning mazkur uchastkasi uchun mas'ul boʻlgan Hududiy mudofaa kuchlarining 114-brigadasi tomonidan e'lon qilindi.

DeepState ma'lumotiga koʻra, rossiyaliklar Liman Perviydan yoʻlga chiqqan ikkita kolonnada hujum uyushtirgan. Ya'ni RFning zirhlangan guruhlari Kupyanskka qadar 9 km masofa bosib oʻtgan.

Birinchi kolonnada ikkita zirhlangan tyagach (MT-LB), BMP va tank boʻlgan. Ikkinchi kolonna tarkibi noma'lum, chunki u ukrain pozitsiyalariga hujum qilganida qorongʻi tushgandi.

DeepState yozishicha, bitta MT-LB Kupyanskka kelish yoʻlidagi oʻrmondayoq zarbaga uchragan, boshqasi shaharning sharqiy chekkasigacha etib kelgan va Nekrasov koʻchasida yoʻq qilingan. Undan 15 nafarga yaqin rossiyalik harbiy tushib, atrofga tarqalgan va qoʻshni uylarga bekingan.

Shu koʻchada rossiyaliklar tanki ham yoʻq qilingan. DeepState ma'lumotiga koʻra, shaharga kirgan RF harbiylarining bir qismi joylashuvi aniqlangan va ular yoʻq qilingan. Rossiya qoʻmondonligi yuborgan qoʻshimcha kuchlarga ham aniq zarba berilgan, deya ta'kidlaydi ukrainlar loyihasi.

Rossiya zirhli mashinasi Kupyanskdagi Nekrasov koʻchasida. Mashina zarbaga uchragan boʻlsa-da, RF desantining bir qismi qoʻshni uylarga yashiringan. Foto: DeepState
14 noyabr tongidagi holatga koʻra, RF desanti Kupyanskda oʻrnashib qololmadi va uloqtirib tashlandi, deb ma'lum qilgan ukrain rasmiylari va davlat idoralari. Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko shahardagi vaziyat — «nazorat ostida» ekanini ma'lum qilgan.

«Hozirda dushman Kupyanskda oʻrnashib olgani haqidagi ma'lumot haqiqatga mos kelmaydi. Dushmanning shunday urinishi boʻldi, ammo rossiyaliklar yoʻq qilindi. Ertalabki holatga koʻra, vaziyat mudofaa kuchlari nazorati ostida», — deya xabar qilgan u.

Rossiya rasmiy manbalari «Kupyanskdagi yorib oʻtish» haqida ma'lumot bermagan.

Ammo ayrim Z-muxbirlar, masalan, «Voenkor Kotenok» (396 ming obunachisi bor) Kupyanskdagi janglar hali ham davom etayotgani haqida yozgan. Kanal muallifi ishontirishicha, rossiyalik shturmoviklar Zaoskolyaning bir qismini egallab turibdi va Svatovega olib boruvchi yoʻlni toʻsib qoʻyishga urinmoqda.

«Hozirda Ukraina qurolli kuchlari Svatovega boruvchi qattiq qoplamali yoʻlni amalda oʻz nazoratiga olgan shturmchi guruhimizni yoʻq qilish uchun barcha choralarni koʻrmoqda. Ularga yordam uchun Petropavlovkadagi garnizon yuborilgan», — deya yozgan bloger.

Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya qoʻmondonligi shahar shturmini qoʻllab-quvvatlash va nazorat hududini Gnilitsa daryosidan Kupyansk shimoli-sharqiga va Petropavlovka shimoliga qadar kengaytirish uchun zarur choralarni koʻrmoqda.

Nega bunday boʻldi?

Ammo Rossiya kolonnasi qanday qilib deyarli qarshilikka uchramasdan mudofaa chizigʻidan oʻtgan va barcha tomondan ishonchli himoyalangan boʻlishi kerak boʻlgan shaharga bostirib kirgan?

DeepState tahlilchilari Ukraina qurolli kuchlari qismlari Kupyansk shimolidagi oʻrmonzor boʻylab «gʻalati» joylashtirilganiga e'tibor qaratmoqda.

«Soʻnggi oylarda tutashuv liniyasi barcha boʻlinmalar uchun jumboq boʻlib qoldi. Ukraina qurolli kuchlari va dushmanning jangovar saflari shunchaki oʻrmon boʻylab tarqoq joylashtirilgan, ikki tomon ham rotatsiyalar amalga oshirgan, oʻrmondagi urush esa „gʻalati“ koʻrinishda», — deyilgan ukrainlar proekti sharhida.

DeepState huquq-tartibot organlaridan frontning mazkur uchastkasiga javobgar boʻlgan brigada qoʻmondonligi harakatlarini oʻrganishni soʻragan.

Ukrainalik harbiy bloger Oleksandr Karpyuk (Serg Marco) hisoblashicha, Kupyansk yoʻnalishi yorib oʻtilishiga Ukraina qurolli kuchlarining minalovchi boʻlinmalaridagi taqchillik sabab boʻlgan. Ular oldindan raqibning shturm guruhlari kelishi mumkin boʻlgan yoʻllarni minalashtirishi kerak edi.

U shuningdek, shturm vaqtida raqibga hujum qilishi mumkin boʻlgan FPV-dronlar ekipajlar etishmasligiga ham e'tibor qaratgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya kolonnasi Kupyanskka yorib kirgan, ammo Ukraina uni yakson qilganini aytmoqda