23:18 / 22.12.2024
16

Dunyoga mashhur «Mona Liza» suratini kim va qanday qilib o‘g‘irlab ketgandi?

Dunyoga mashhur «Mona Liza» suratini kim va qanday qilib o‘g‘irlab ketgandi?
1911 yilda Parijdagi Luvr muzeyidan noma’lum shaxs Leonardo da Vinchi chizgan «Mona Liza» suratini o‘g‘irlab ketadi. Bu ishda ko‘plab odamlar, shu jumladan taniqli rassomlar ham gumon qilinadi. Keyinroq uni havaskor rassom o‘g‘irlagani ma’lum bo‘ladi. Asar topilib, o‘z joyiga qaytariladi.

Parij markazidagi Luvr muzeyida o‘q o‘tkazmaydigan oyna ortida ayol kishining kichik portreti saqlanadi. Uni o‘g‘irlashning bugungi kunda umuman iloji yo‘q, ammo o‘tmishda, sokin kunlarning birida noma’lum shaxs buning uddasidan chiqqandi.

Keling, bir asr ilgarigi vaqtga sayohat qilamiz. 1911 yil, 21 avgust. Haftaning ilk kuni: dushanba. Luvr yopiq va muzey haftaning birinchi kunida tashrif buyuruvchilarni qabul qilmaydi. Bir paytlar fransuz qirollarining uyi bo‘lgan ulkan binoda deyarli hech kim yo‘q.

Soat chamasi ertalabki 07:30. Oq xalat kiygan odam kichik xonadagi rassomchilik tuvallari saqlanadigan shkafdan chiqib keladi. U yakshanba kuni muzeyga oddiy mehmon sifatida kirib yashirinib olgan edi.

Erkak katta kvadrat zalga kiradi. Devorlarda esa faqat Titian, Rafael, Veronese kabi durdona asarlar ilingan.

U ayol kishining kichik portreti oldiga yaqinlashib, himoya oynasini olib tashlaydi. Portretni ramkadan chiqarib, oq mato bilan o‘rab olganidan so‘ng binoning chiqish eshiklaridan biriga yo‘l oladi.

Zamonamizning eng mashhur san’at asari o‘g‘irlanishi juda oddiy tarzda sodir bo‘ladi, ammo uning oqibatlarini hech kim oldindan taxmin qila olmagandi.

Ushbu hikoya nafaqat yillar davomida o‘g‘rini qidirish va kartinaning haqiqiyligini tekshirish, balki bu o‘g‘irlik Leonardo da Vinchi chizgan Mona Liza suratini dunyo san’ati tarixidagi eng ulug‘ asariga aylantirgani haqida.

Taxmin qilib ko‘ra olasizmi Mona Liza asarini ko‘rgani bir kunda sizningcha taxminan qancha odam keladi? Tasavvurga sig‘dira olmaysiz. Ammo..

Bugungi kunda deyarli har kuni 30 mingga yaqin kishi Mona Liza asarini ko‘rgani keladi. Aniqroq aytganda ko‘rishga emas, balki uni suratga olish yoki Mona Liza bilan selfi qilish uchun keladi.

Lekin bu muhim emas. Muhimi u yer yuzidagi eng mashhur kartina. Mona Liza suratining nusxasini hamma joyda, hamma buyumda, jumladan futbolkalarda, sumkalarda, telefon uchun qoplamalarda va hatto hojatxona qog‘ozida ham uchratish mumkin.

Ammo katta ehtimol bilan hech qaysi tashrif buyuruvchi Mona Liza asari nega bu darajada katta e’tiborga sazovor bo‘lganini haligacha bilmaydi. Nega aynan Mona Liza shedevr?

Keling, avval yana bir nomi «Jakonda» bo‘lgan Mona Liza san’at olami uchun nimani anglatishini tushunishga harakat qilib ko‘ramiz.

Leonardo da Vinchigacha ko‘plab buyuk rassomlar bo‘lgan. Van Eyk, Viroki, Obellini kabilar shular jumlasidan. Ular qalam va bo‘yoqlar yordamida odam suratini a’lo darajada tasvirlashni bilishardi. Ammo ularning rasmlarida obrazlar har doim sovuq va jonsiz ko‘rinishida bo‘lardi. Da Vinchi esa bu muammoni hal qiladi, u sfumato texnikasini kashf etadi.

Leonardo inson ko‘zining qanday ishlashini yaxshi o‘rgangandi. Uning rasmlarida chiziqlar biroz xiralashgan, ranglar esa bir-biriga yumshoq o‘tgan ko‘rinishda bo‘lardi. Bu ayniqsa Mona Lizaning ko‘zlari va og‘zining burchaklarida yaqqol ko‘rinadi. U yerda tasvir biroz xiralashib, soya bilan uyg‘unlashib ketgan. Ayni shu narsa Jakondaga o‘ziga xos jonli va sirli ko‘rinish berib turadi.

Bu rasmning yagona afzalligi emas, hali ko‘plab detallarni, manzarani, rakurs, kiyim va kim tasvirlanganini uzoq vaqt bahs qilish mumkin, lekin bular alohida mavzu. Muhimi esa boshqa...

Hayotining oxirlariga borib Leonardo da Vinchi Fransiyaga ko‘chib ketadi. U Mona Lizani ham o‘zi bilan olib ketdi. Keyinchalik esa ushbu asarni Fransiya podshohi sotib oladi. Keyin inqilob, Bastiliya, Gilotina, Respublika... Luvr muzeyga aylanadi, Mona Liza esa u yerda sharafli joyni egallaydi. Toki 1911 yilda uni o‘g‘irlab ketishmaguniga qadar.

Endi esa o‘g‘rilik jarayoniga qaytsak. Oq xalatdagi erkak rasmni qo‘lga olib, binodagi birinchi qavatga, chiqish eshiklaridan biriga tushib boradi. U yerda qahramonni to‘sqinlik kutib turibdi. Oldindan tayyorlangan kalit ishlamaydi. Eshiklar esa berk.

Orqadan qadamlar eshitiladi. Erkakning oldiga qorovul yaqinlashib kelayotgandi. Bularning barchasi kriminal filmlarga xos ajoyib bir sahnani eslatadi. Qo‘lida mashhur san’at asarini yashirincha ko‘tarib olgan erkak muzey qorovuliga kalit ishlamayotganini aytadi.

Xodim hech qanday shubha qilmaydi, chunki uning oldida barcha muzey xodimlaridek kiyingan oq formadagi odam murojaat qilayotgandi. Natijada qorovul qulfni ochishga yordam beradi va erkak qo‘lidagi Jakonda bilan Parij ko‘chalari ichra g‘oyib bo‘ladi.

Bu holatdan bir soat o‘tib, muzey nazoratchisi mese Pike Luvrni kezayotgan chog‘ida Mona Liza asaridan asar ham qolmagan devordagi bo‘sh joyni ko‘rib qoladi.

Sizningcha u darrov sarosimaga tushib politsiyaga murojaat qiladimi? Yo‘q. Rasmlarni muzey fotograflari ba’zan joyidan olib turib suratga tushirishardi, uning xayoliga birinchi bo‘lib shu keladi. Ertasi kuni esa tashrif buyuruvchilar bo‘sh devorni ko‘rib muzey xodimlarini so‘roqqa tutishni boshlaydi.

Qorovullar fotografga yuzlanishadi, u esa rasmga tegmaganini aytadi. Haligacha sarosima yo‘q.

Agar fotograf rasmga tegmagan bo‘lsa demak uni tozalash uchun yechishgan. Ammo bu taxmin ham haqiqat bo‘lib chiqmagach, qorovullar xavotirga tushib, rahbariyatga xabar beradi. Shundan so‘ng barchasi ayon bo‘ladi. Mona Liza o‘g‘irlangan.

Shu joyiga biroz to‘xtalib o‘tsak. Ko‘pchilikda savol tug‘ilishi tabiiy. Qanday qilib bir inson muzeyda osilgan olamshumul san’at asarini osonlikcha olib chiqib ketishi mumkin? Signalizatsiya, kamera, sensor datchiklari deganday. Yodda tutishimiz kerakki, gap 1911 yil haqida ketyapti. U davrda yuqoridagilarning hech biri hali ixtiro qilinmagandi.

Rasmni devordan yechib olish xamirdan qil sug‘urganday oson kechgan. Muzey rahbariyati buni keyinchalik yong‘in xavfsizligi bilan izohlagan. Ularning aytishicha, favqulodda holatlarda asarlarni tez va oson evakuatsiya qilish uchun shunday yechim qabul qilingan.

Yana bir qiziq savol: nima uchun o‘g‘ri oddiygina usulni qo‘llamadi? Ya’ni xolstni kesib olib, uni rulon shaklida o‘rab chiqib ketsa bo‘lardi-ku? Bu ancha oson va shubha uyg‘otmaydigan yo‘l emasmi?

Gap shundaki, Mona Liza xolstga emas, balki yog‘och taxtaga tushirilgan asar bo‘lib, bu Uyg‘onish davri rassomlari uchun odatiy amaliyot edi. O‘g‘ri uchun omadli tomoni shunda ediki, asar katta ham, og‘ir ham emasdi. Uning uzunligi taxminan 80 santimetr, og‘irligi esa 8 kilogramm atrofida edi.

Shunday qilib, Mona Liza o‘g‘irlandi. O‘g‘rilik sodir etilgandan bir necha kun o‘tib, Parij politsiyasi qidiruv ishlarini boshlaydi. Ana o‘sha ondan e’tiboran Jakonda butun dunyoda chinakamiga shuhrat qozonadi.

20-asr boshlaridagi Parij — dunyoning asosiy madaniyat va taraqqiyot markazi. Bu yerda fan, texnologiya va albatta, san’at keskin rivojlanib borardi. Dunyoning eng mashhur shahridagi eng nodir san’at asarlaridan birining yo‘qolishi misli ko‘rilmagan shov-shuvlarga sabab bo‘ladi.

1911 yilga kelib Mona Liza dunyo shedevrlari qatorida sharafli o‘rinni egallagandi. Biroq bu yuksak san’at asari asosan tor doiradagi elitaga mo‘ljallangan bo‘lib, Jakondani tomosha qilish uchun shaxsan Luvrga borish kerak edi. Albatta, uning nusxalari chop etilardi, ammo ular ham juda kam va faqatgina tanlanganlarga yetkazilardi.

Oddiy xalqning katta qismi esa hatto Mona Liza qanday ko‘rinishdaligini ham bilmagan. Ammo bir kunning o‘zida hammasi o‘zgardi.

Rasm o‘g‘irlangan zahoti Parij politsiyasi minglab ko‘cha varaqalarini chop etdi. Har bir varaqada yo‘qolgan asar — Mona Lizaning surati bo‘lgan. Yevropaning barcha gazetalari, qolaversa, jahon matbuotining asosiy nashrlari bu haqda xabar berdi. Har bir gazetada Jakondaning fotosurati.

Natijada da Vinchining asari haqida hech qachon eshitmagan va uni ko‘rmagan millionlab odamlar ham Mona Lizani taniy boshlaydi. Uning siymosi butun dunyoda mashhurlikka erishadi.

Ilon Mask bunday shov-shuvni hatto tushida ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Parij va butun Fransiya bo‘ylab keng ko‘lamli maxsus operatsiya boshlandi.

Politsiya avtomobil, poyezd va portdan yo‘lga chiqayotgan kemalarni to‘liq tekshiruvdan o‘tkazmoqda.

Ko‘chalarda esa qo‘lida nimadir olib ketayotgan har bir piyoda shaxs diqqat bilan nazoratdan o‘tkazilyapti.

Gumondorlar orasida yosh rassom Pablo Pikasso ham bor. Uning qo‘lida oldinroq Luvrdan o‘g‘irlangan kichik haykalchalar topiladi.

Tergov davomida ma’lum bo‘ldiki, Pikasso bu asarlarni o‘z do‘sti — shoir Giyom Apollinerdan sotib olgan. Apolliner esa ancha avval ularni muzeydan o‘zi olib chiqqandi.

Politsiya Pikasso va Apollinerning Jakonda yo‘qolishiga daxli yo‘qligini aniqlab, ikki do‘stni ozod qiladi.

Yana bir mashhur gumondor — amerikalik bankir Jey Pi Morgan edi. Konspirologik versiyalar ommalashib, aynan u ushbu jinoyatni buyurtma qilgan va yaqinda Fransiyaga kelib, rasmni okean orti taraflarga olib ketmoqchi bo‘lgani haqida mish-mishlar paydo bo‘ladi.

Albatta, Morgan barcha ayblovlarni rad etadi va hattoki, Mona Lizani muzeyga qaytargan har qanday insonga bir million dollar mukofot berishini e’lon qiladi.

Oradan haftalar o‘tadi, qidiruv ishlari samara bermaydi. Shunga qaramay, Jakonda deyarli har bir axborot manbasida tilga olinardi. Luvr yana sayyohlar uchun o‘z eshiklarini ochadi, ammo bu gal odamlar shunchaki rasmni emas, balki uning bo‘sh qolgan joyini ko‘rish uchun kelishardi. Qizig‘i shundaki, tashrif buyuruvchilarning soni o‘g‘irlikdan avvalgi davrdagidan anchagina ko‘p edi.

Bir yil o‘tib, Luvr rahbariyati Mona Lizani topish umidini batamom yo‘qotadi. Uning o‘rniga boshqa bir asar osiladi. Ammo yana bir yil davomida Jakonda haqida turli mish-mishlar tarqaladi: uni go‘yoki Argentinada, Amerikada yoki Angliyada ko‘rishgan. Aslida esa u bu vaqt davomida Parijdagi kichik bir xonadan chiqmagan edi.

Rasm o‘g‘irlanganidan ikki yil o‘tib, florensiyalik art-diler Alfredo Jerriga sirli bir maktub kelib tushadi. Maktubda muallif o‘zini Leonard deb tanishtirib, Mona Liza asari uning qo‘lida ekanini aytadi.

Shuningdek, u o‘zini italiyalik haqiqiy vatanparvar sifatida ta’riflab, shedevrni Italiyaga qaytarish niyatida ekanini ma’lum qilgandi. Uning ta’kidlashicha, Jakonda Napoleon davrida Italiyadan olib ketilgan.

Aslida esa portret Fransiyaga Napoleon tug‘ilishidan ancha avval, bir necha yuz yil oldin Leonardo da Vinchi bilan birga kelgan edi. Biroq bu fakt o‘g‘rini xijolat qildira olmaydi.

Alfredo Jerri va noma’lum shaxs uchrashuvni Florensiyada o‘tkazishga qaror qilishadi. Leonard Parijdan kelib, mehmonxonaga joylashadi. Uchrashuv ham aynan o‘sha yerda bo‘lib o‘tadi. Leonard bilan birga xonada yana ikki kishi bor edi: art-diler Jerri va Ufitssi galereyasi direktori Podji.

Sirli shaxs sandiqning tagiga yashirincha o‘rnatilgan maxfiy joydan Leonardo da Vinchi asarini olib ko‘rsatadi. Jerri va Podji bu Luvrdagi mashhur asarning originali ekanini darhol anglashadi. Kartina orqasida muzeyning maxsus muhrlari aniq ko‘rinib turardi.

Uchrashuv ishtirokchilari Leonard talab qilgan pul miqdorini to‘lashga rozi bo‘ladi, ammo avval asarni Ufitssi galereyasida qo‘shimcha ekspertizadan o‘tkazish sharti bilan. Bu orada Leonard o‘zini italiyalik patriot sifatida ko‘rsatganiga qaramay, o‘z harakati uchun kattagina mukofot talab qiladi — taxminan 100 ming dollar. O‘sha davr uchun bu juda katta summa edi.

Uchrashuvdan so‘ng Jerri va Podji topilgan rasm haqidagi ma’lumotni darrov hokimiyatlarga yetkazadi. O‘g‘ri tutilib, hibsga olinadi.

Aniqlanishicha u 32 yoshli Vinchenso Perrudjio edi. Yosh italiyalik yigit rassom bo‘lishni orzu qilgan. Parijga ko‘chib kelgach esa mardikorlik ishlaridan boshqasiga o‘tmagan.

Perrudjio o‘g‘irlikni sodir etishidan bir yil avval Luvrda Mona Liza uchun himoyaviy shisha qutisini o‘rnatganlardan biri edi. Suddagi eshitishlar davomida Perrudjio faqat o‘z xohishi bilan harakat qilgani, uning harakatlari ostida katta patriotik his-tuyg‘ular yotganini da’vo qiladi.

Qizig‘i Luvrda boshqa ko‘plab italyan rassomlarining asarlari saqlangan bo‘lsa-da, Mona Liza o‘zining ixcham o‘lchamlari sababli o‘g‘rilik qurboniga aylangandi.

Sud jarayonida Vinchenzoning vatanparvarlik haqidagi bahonalari o‘tmadi. Unga yetti oylik qamoq jazosi tayinlanadi

Biroq sud yakunlangan vaqtga kelib, u hibsda tayinlangan muddatdan ham ko‘proq vaqt o‘tkazgani sababli ozod qilindi. Qizig‘i shundaki, ko‘p o‘tmay u yana Fransiyaga ko‘chib o‘tib, hayotining qolgan qismini o‘sha yerda yashaydi.

Ikki yildan ortiq muddat davomida yo‘q bo‘lganidan so‘ng Mona Liza yana Luvrdagi o‘z joyiga qaytadi. Ammo endi u butun jahon miqyosidagi mashhur asar sifatida tanilib ulgurgandi. Jakonda qaytganidan so‘ng bor-yo‘g‘i bir necha kun ichida Luvrni qariyb 100 ming kishi ziyorat qiladi.

Albatta, turli mish-mishlar tarqaladi: go‘yoki bu shunchaki nusxa, asl asar esa hamon topilmagan. Biroq Jakondaning haqiqiyligini tasdiqlovchi isbot va dalillar bunga shubha qoldirmaydi.

Vaqt o‘tishi bilan bunday qadimgi portretlar ustidagi bo‘yoqlarda mayda yoriqlar paydo bo‘ladi. Bu yoriqlar xuddi barmoq izlarimizdek takrorlanmas va o‘ziga xos bo‘ladi.

Bu degani Leonardo da Vinchining asarini xuddi o‘zi chizgandek bir xil qilib chizgan taqdiringizda ham, uning ustidagi yoriqlarni takrorlashning iloji yo‘q. Ekspertlar topilgan asarni avval olingan suratlar bilan taqqoslash orqali uning haqiqiy ekanini osonlikcha aniqlaydi.

O‘g‘irlikdan ko‘p yil o‘tgach, bir amerikalik jurnalist familiyasi Valferino bo‘lgan bir kishi bilan uchrashgani haqida gapirib beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan o‘sha shaxs Valferino Mona Lizani o‘g‘irlash buyurtmachisi bo‘lgan. Uning aytishicha, Vinchenzo Perrudjio faqat ijrochilardan biri bo‘lgan, o‘g‘irlikning o‘zi esa katta masshtabdagi ayyorona rejaning kichik bir qismi edi xolos.

Valferino uzoq vaqt davomida san’at asarlarini soxtalashtirish va sotish bilan shug‘ullangan. Kunlardan bir kuni uning xayoliga juda ayyor va g‘aroyib reja keladi. U Amerikada Luvrning o‘g‘irlangan boyliklarini sotib olishga qodir ko‘plab boy mijozlar borligini yaxshi bilardi. 1911 yilda, ya’ni Jakonda o‘g‘irlanishidan biroz avval Valferino asarning bir nechta nusxasini yaratib, ularni AQSHga yuboradi.

Bojxona xodimlarida hech qanday shubha paydo bo‘lmaydi, chunki Leonardo da Vinchi asarining originali hali ham Luvrda osig‘liq holda turardi. Shu bois bularning nusxa ekani bojxonachilarga ayon edi. Ko‘p o‘tmay, bir necha kishi original Jakondani o‘g‘irlab ketdi. Ulardan biri Perrudjio bo‘lib, u qisqa muddat muzeyda ishlagan va u yerning ichki tizimini yaxshi bilardi.

Asarning yo‘qolishi haqidagi yangilik dunyoga yoyilgach, Valferino uchun amerikalik xaridorlarni “o‘g‘irlangan original asarni sotyapman” deb ishontirish qiyin bo‘lmadi.

Xaridorlar esa bu sirni fosh qilmasdan, soxta asarlarni o‘z uylarida tinchgina saqlab o‘tirishadi. Chunki o‘g‘irlangan, go‘yoki original shedevrni sotib olganini maqtanish ahmoqning ishi bo‘lardi.

Shu yo‘l bilan Valferino o‘nlab nusxalarni sotib, katta boylik orttiradi

Ammo keyinchalik bu ayyorona rejani Vinchenzo Perrudjio barbod qildi. U o‘zining ulushidan nafsi qoniqmagach, haqiqiy asarni o‘zi sotib yuborishga qaror qilgandi. Keyin nima bo‘lgani esa barchamizga ma’lum.

Bu hikoya juda qiziqarli va ishonarli tuyuladi. Biroq uning bir kamchiligi bor — qo‘shimcha dalillar mavjud emas. Sirli Valferino esa ushbu hikoyaning yagona manbasi sifatida qolgan.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, Mona Liza bugun Luvrda — qat’iy qo‘riqlanadigan va o‘q o‘tkazmaydigan qalin shisha ortida saqlanmoqda. Tashrif buyuruvchilar esa hali ham ushbu san’at asaridan bahra olishmoqda.

Albatta, Jakonda faqatgina o‘g‘irlik tufayli dunyoning eng mashhur asariga aylangan desak biroz mubolag‘a bo‘ladi.

Bu mashhurlikka 20-asr avangard rassomlarining ham hissasi katta bo‘lgan. Ular o‘z ijodida Mona Lizaning tanish qiyofasini faol qo‘llagan. Shuningdek, mashhur «Mona Liza» qo‘shig‘iga kaverlar ijro etgan Net King Kouldan Elvisgacha bo‘lgan o‘nlab musiqachilar ham bu obrazni yanada mashhurlashtirgan.

Ya’ni umuman olganda Mona Liza asarining mashhurligini faqatgina obyektiv omillar orqali tushuntirishning iloji yo‘q

Natijada baribiram san’atning o‘ziga xos kuchi, formula orqali tushuntirishning iloji bo‘lmagan emotsional quvvati yuzaga chiqib turadi. Ehtimol Mona Liza asarining eng katta siri ham shudir.

Muallif va boshlovchi Isfandiyor Husanov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyoga mashhur «Mona Liza» suratini kim va qanday qilib o‘g‘irlab ketgandi?