11:41 / 03.01.2025
26

Saudiya Arabistonida olti nafar eronlik qatl qilindi

Saudiya Arabistonida olti nafar eronlik qatl qilindi
Foto: AP Photo
Saudiya Arabistonida giyohvand moddalarni mamlakatga olib kirishga uringanlikda ayblangan olti nafar Eron fuqarosi qatl qilindi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.

Eron fuqarolari Qosim Muhammad Shaboniy, Abdurreza Yunus Tenkasiriy, Xalil Shahid Samriy, Muhammad Javod Abduljalil, Mehdi Kenan Ganimiy va Xur Muhammad Shaboniy giyohvand moddalarni noqonuniy ravishda qirollikka olib kirishga uringan, deyiladi Saudiya ichki ishlar vazirligi bayonotida.

Bayonotda ayblanuvchilar hibsga olingani, sud tomonidan oʻlim jazosiga hukm qilingani aytiladi. Saudiya Arabistoni hukumati buyrugʻi bilan hukm ijro etilgan.

Eron fuqarolarining oʻlimiga keskin munosabat bildirildi

Eron Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchisi Abdulloh bin Saud al-Aneziyni chaqirib, unga sodir etilgan qatllar munosabati bilan “keskin iboralar” bilan norozilik notasini topshirdi. TIV bir necha yillardan buyon mahkumlarga konsullik yordami koʻrsatish va ularning jazosini kamaytirish boʻyicha sa'y-harakatlar olib borilganini bildirdi.

"Shunga qaramay, elchixonani oldindan xabardor qilmasdan oʻlim jazosini ijro etish mutlaqo nomaqbuldir va xalqaro huquq normalarini, shu jumladan konsullik aloqalari toʻgʻrisidagi Vena konventsiyasini buzadi", deyiladi Eron TIV xabarida.

Vazirlikning ta'kidlashicha, elchi bilan uchrashuv chogʻida unga bunday harakatlar ikki davlat oʻrtasidagi huquqiy hamkorlikning umumiy amaliyotiga zid ekani eslatib oʻtilgan. Bundan tashqari, Eron Tashqi ishlar vazirligining yuridik va konsullik departamenti vakillari masalani yanada tartibga solish uchun Ar-Riyodga borishi kutilmoqda.

2016 yil yanvarida Saudiya Arabistonida 47 kishi, jumladan, shia voizi Nimr an-Nimr qatl etilganidan soʻng, mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar uzilgan edi. Biroq Iroq va Ummon vositachiligida 2021 yilda tomonlar muzokaralarni boshladi. 2023 yil 10 martda Xitoy hukumati koʻmagida Pekinda munosabatlar uzilganidan etti yil oʻtib, diplomatik aloqalarni tiklash boʻyicha kelishuvga erishildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo