13:23 / 09.01.2025
62

Donald Tramp: «Ukrainada urush boshlanishi – Baydenning aybi»

Donald Tramp: «Ukrainada urush boshlanishi – Baydenning aybi»
AQSh saylangan prezidenti Donald Tramp saylovda gʻalaba qozonganidan keyin ilk marta jurnalistlar ishtirokida brifingda qatnashdi. Trampning Floridadagi rezidentsiyasida oʻtkazilgan savol-javobda boʻlajak prezident Ukrainadagi urush, Panama kanali, Grenlandiya haqida gapirdi.

«Bayden Ukraina NATOga qoʻshilishga haqli deb gapira boshladi. Shu tariqa Rossiya NATOni oʻz chegaralarida koʻrishi mumkinligini tushundi. Baydenning bu bayonotlari urush boshlanishiga sabab boʻldi», dedi Tramp. Uning fikricha, Bayden ma'muriyati Rossiyani provokatsiya qilgan. Vashingtondagilarning bunday xatti-harakatlarini koʻrgan Kreml hujumga oʻtishga qaror qilgan. «Mening prezidentligim mojarolarga toʻla davrga toʻgʻri kelmoqda», deb qoʻshimcha qildi respublikachi.

Urushni bir kunda tugatishga va'da bergan Tramp Ukraina va Rossiya oʻrtasidagi urush hali yanayam yomon holatga kelishi mumkinligini aytdi. «Men prezident boʻlsam, Rossiya hech qachon Ukrainaga bostirib kirmasdi», deb maqtandi Tramp.

Boʻlajak prezident Putin bilan uchrashuvi haqida savolga javob berdi: «Men bu haqda aniq bir narsa deyolmayman. Lekin prezident koʻrishgan boʻlardi», degan respublikachi.

Qizigʻi, Tramp prezidentlikka kirishgach bir kunda urushni tugatishga va'da bergandi. Brifingda Tramp urushni olti oyda tugatishini aytgani haqida xabarlar tarqaldi. Lekin aftidan Tramp bu muddatni urushni tugatish haqida aytmagan. Jurnalistlar bu muddatni aytishidan avval Trampdan Putin bilan qachon gaplashasiz deb soʻragan. «Balki sal oldinroqdir. Rossiya juda koʻp yoshlarni yoʻqotmoqda, Ukraina ham. Bu urush umuman boshlanmasligi kerak edi», degan Tramp.

Panama kanali va Grenlandiya

Tramp oxirgi vaqtlarda Panama kanalini qaytib olishi va Grenlandiyani AQSh tarkibiga qoʻshib olish boʻyicha gapirib keladi. Koʻpchilik buni jiddiy gaplar emas deb qarashi mumkin, lekin aftidan respublikachi bu mavzularda jiddiy gapiryapti. Chunki shu kunlarda oʻgʻlini Grenlandiyaga yuborgan Tramp brifingda ham bu fikridan qaytmoqchi emasligini ta'kidladi. Jurnalistlar Trampdan bu fikringizdan qaytasizmi deb soʻrashdi.

«Yoʻq, bunaqa va'da berolmayman. Bir narsani aniq ayta olaman: bu hududlar bizga hududiy va iqtisodiy xavfsizlik uchun kerak. Daniya dunyo tinch boʻlishi uchun oʻz hududini Vashingtonga boʻshatib berishi kerak. Xususan, Xitoy va Rossiya kemalaridan xoli tinchlik uchun», degan Tramp.

Daniya bosh vaziri Mette Fredriksen AQShni mamlakatning eng yaqin ittifoqchisi deb atadi. Shuningdek, AQSh Grenlandiyani qoʻshib olish uchun harbiy va iqtisodiy bosim oʻtkazmasligini qoʻshimcha qildi.

Tramp oxirgi vaqtlarda Kanadani AQShning 51-shtatiga aylantirish haqida koʻp gapiryapti. Kanada bosh vazirligidan ketgan Jastin Tryudo esa buning imkoni yoʻqligini aytib chiqdi. «Buning hech qanday iloji yoʻq. Mamlakatimiz ishchilari biz yaqin hamkor ekanimizdan mamnun. Kanadaliklar kuchli insonlar, biz tahdidlardan qoʻrqmaymiz», dedi Tryudo.

Donald Trampning ittifoqchisiga aylangan milliarder Ilon Mask esa Jastin Tryudoga haqoratomuz javob berdi. «Qizaloq, sen ortiq Kanada gubernatori emassan, shu uchun sening gaping ahamiyatsiz», deb yozdi Mask.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo