21:15 / 10.01.2025
3

Kanada AQSh bilan ehtimoliy savdo urushiga tayyorgarlikni boshladi

Kanada AQSh bilan ehtimoliy savdo urushiga tayyorgarlikni boshladi
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Kanada mahsulotlariga tariflar joriy etsa, Kanada ham Amerika tovarlariga bojxona toʻlovlarini kiritishni koʻrib chiqmoqda.

Aniqlanishicha, Kanada Amerikada ishlab chiqariladigan keng turdagi mahsulotlarga, jumladan apelsin sharbati, keramika (masalan, hojatxona unitazlari va qoʻl yuvgichlar) hamda ayrim poʻlat buyumlariga javob tariflarini joriy etishni koʻrib chiqmoqda.

Javob tariflarining roʻyxati hali yakuniy emas va unga shisha, gullar hamda ba'zi plastmassa mahsulotlari ham kiritilgan. Kanada oʻz iste'molchilariga zararni minimallashtirishga va boj toʻlovlari uchun tovarlarni tanlash orqali AQShning hukmron doiralariga noqulayliklar yaratishga intilmoqda.

Tramp 5 noyabr kuni boʻlib oʻtgan saylovlarda gʻalaba qozongach, Kanadaga tahdid qilishni boshladi. Siyosatchi dastlab Meksika va Kanada tovarlariga 25 foizlik, Xitoynikiga esa 10 foizlik boj joriy etishini aytgandi. Bu noqonuniy migrantlar oqimi va giyohvand moddalar kontrabandasi bilan bogʻliq.

Tramp tegishli bayonotni Kanada bosh vaziri Jastin Tyudo bilan suhbatda ham bildirgandi. U agar tegishli chora koʻrilmasa, Kanada AQShning 51-shtati, Tryudo esa uning gubernatori boʻlishini ta'kidlagan. Shuningdek, Kanada Qoʻshma Shtatlarga qoʻshib olingan taqdirda, mamlakatdagi soliqlar 60 foizdan koʻproqqa pasayishini bildirgan.

Agar Kanada bizning 51-shtatimizga aylansa, ularning soliqlari 60 foizdan koʻproqqa kamayadi, bizneslari darhol ikki barobar oʻsadi va ular dunyodagi boshqa hech qaysi davlatda boʻlmagan harbiy himoyaga ega boʻladi, deb yozgan Tramp Truth Social tarmogʻida.
6 yanvar kuni Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo liberallar partiyasi rahbari lavozimidan ketishini e'lon qildi. Tramp esa bunga ham munosabat bildirmay qolmadi. U Tryudoning bayonotidan soʻng Kanadaga yana bir bor 51-shtat sifatida AQSh tarkibiga kirishni taklif qildi.

Foto: Tramp Kanadani oʻz ichiga olgan AQSh xaritasi / Truth Social
7 yanvar kuni Kanada hukumati Trampning taklifiga qat'iyan rad javobini berdi.

"Saylangan prezident Trampning fikrlari Kanadani kuchli mamlakat qiladigan narsalarni mutlaqo tushunmasligini koʻrsatmoqda. Iqtisodiyotimiz baquvvat. Xalqimiz matonatli. Biz hech qachon tahdidlar oldida orqaga chekinmaymiz", dedi Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli.

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo ham mamlakat hech qachon AQShning 51-shtatiga aylanmasligini ta'kidladi.

"Kanadaning Qoʻshma Shtatlarning bir qismi boʻlish ehtimoli yoʻq. Har ikki mamlakatdagi ishchilar va mahalliy jamoalar savdo va xavfsizlik sohasida bir-birlarining eng yirik hamkorlari ekanliklaridan foyda koʻrmoqda", dedi iste'fosini e'lon qilgan Jastin Tryudo.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo